El yurt taqdiri mening taqdirim

Ilmiy maqolalar

Mening bitta hayotim bor, bordiyu mingta hayotga ega

bo‘lgan taqdirimda ham, vatan uchun sarflagan bo‘lar edim.

Fuzuliy

Inson ulg‘ayib voyaga yetib borar ekan,uning fikrlashi, dunyoqarashi va atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan munosabati uning yoshiga, ijtimoiy muhitiga hamda  u o‘qigan kitoblariga monand ravishda o‘sib, o‘zgarib boradi. Hayotda xalqimiz so‘zi bilan aytganda “ko‘pni ko‘rgan”, hayot tajribasi biznikidan yuqori fayzli otaxon va onaxonlarimiz, buvajon-u buvijonlarimizning pand-nasihatlari, aziz ustozlarimizning ko‘rsatgan yo‘l-yo‘riqlari bizga hayot yo‘llarimizda bukilmay, qoqilmay o‘z ishimizning haqiqiy mohir egasi, tajribali mutaxassisi bo‘lib yetishishimizda beqiyos ahamiyat kasb etadi.

Har bir ota-ona farzandini voyaga yetkazar ekan, uning kelajakda yaxshi kasb egasi, o‘z ishining zo‘r mutaxassisi bo‘lib yetishishini, kasb-kori orqasidan elga, yurtga nafi tegib, xalqqa xizmat qilishini, ota-onasi nomiga rahmatlar keltirishini chin yurakdan xohlaydi. Xuddi shunday ustozlar ham har bir shogirdining jamiyat uchun, xalq uchun, vatan uchun manfaatli insonlar, o‘z kasblarining yetuk mutaxassisi bo‘lib yetishishlarini astoydil niyat qilishadi va ularni yetishtirishda fidokorona xizmatlarini ayashmaydi. Nima uchun inson o‘z ishining professionali bo‘lishga harakat qilishi kerak? Har bir inson jamiyatda u yoki bu kasb egasi sifatida faoliyat olib borar ekan o‘z ishini puxta va mukammal bajarishga intilib yashashi kerak. Bunday insonlar atrofdagi voqealarga nisbatan, jamiyatdagi munosabatlarga nisbatan befarq bo‘lmaydilar, doimo xalqning dardi bilan yashaydilar. Negaki, o‘z ishining professionali bo‘lgan inson bu darajaga yetib kelguniga qadar juda ko‘p o‘qib, izlanadi, hayotning past-balandliklaridan o‘tadi, kattalar o‘gitlari, ustozlar nasihatlari orqali atrofga munosabati teranlashib boradi. Zero, o‘z ishining professionali bo‘lgan kishi nafaqat o‘z shaxsiy rivojlanishi va manfaati yo‘lida harakatlanadi balki, jamiyat va davlat rivoji uchun ham katta hissa qo‘sha oladi. Bunday insonlar “Vatan taqdiri-mening taqdirim” g‘oyasi bilan yashaydilar. Inson hayotda yashab, ilm egallab, hayotda baxtning mazmunini, umrning mohiyatini axtarar ekan, aslida eng katta baxt insonning xalqi, yurti, vatani uchun xizmat qilishi ekanligini anglaydi.

 Vaqt o‘tgan sayin yoshimizga yosh, aqlimizga aql qo‘shilib borar ekan, atrofga chetdan nazar tashlab, hozirgi kunda o‘z tashvishlarimiz bilan yashash, kundalik arzimas narsalarga ko‘p aralashib, qimmatli vaqtimizni boy berayotganimizga guvoh bo‘lamiz. Biroq odamlarning eng yaxshisi boshqalarga yordam bera olgan, mushkulini oson qilgan kishi ekanligini unutib qo‘yamiz. Har kim, har qachon jamiyat, davlat va millat rivoji uchun harakat qilmog‘i, xalqim deb, vatanim deb yashab xizmat qilmog‘i darkor. Zero, bu g‘oya necha-necha asrlar davomida o‘zgarmas, ajdodlarimizdan qolgan buyuk merosdir. Ushbu o‘y bugungi Yangi O‘zbekistonning har bir a’zosining hayotiy shioriga aylanishi darkor. Biz Yangi O‘zbekistonning yoshlari vatanimizning har taraflama rivojlanishi va yanada yuksalishiga o‘zimizning munosib hissamizni, o‘z sohamizning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishish orqaligina qo‘sha olamiz deb hisoblayman.  Bugungi kunda har bir yosh fuqaroning ilm egallab, o‘zi tanlagan kasbni puxta o‘rganishi, professional mutaxassis bo‘lib yetishishi vatanparvarlikning bir ko‘rinishi sifatida e’tirof etilishga arziydi.  

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida qaysi sohaga nazar solmang ulkan marralar va muvaffaqiyatlarga erishilayotganini ko‘rishingiz mumkin. Yoshlarga oid davlat siyosati hamda yoshlarga berilayotgan keng imkoniyatlar misolidagi natijalar bevosita ko‘zga tashlanadi.  Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev BМТ Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz – yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat” – deb o‘z nutqida ta’kidlab o‘tdi. Ushbu nufuzli minbarda aytilgan so‘zlar mamlakatimizda amalda o‘z aksini topmoqda. Xususan, biz ta’lim olayotgan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi ham Prezidentimizning 2022-yil 28-noyabrda qabul qilgan  “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-257-son Farmoni bilan tashkil etilgani yorqin misoldir. Akademiya O‘zbekiston Respulikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi negizida qaytadan tashkil etilib, yurisprudensiyaning “Prokurorlik faoliyati” va “Tergov faoliyati” yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarni tayyorlaydi. Bundan tashqari akademiyada magistratura yo‘nalishlari mavjud. Bundan tashqari akademiya faqatgina oliy ta’lim maskani hisoblanibgina qolmay, balki ilmiy-tadqiqot olib borishda ham ushbu soha rivojiga hissa qo‘shib kelmoqda. Biz akademiya talabalarini kelajakda  ulkan ma’suliyatli ishlar kutmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor va amalga oshirilayotgan say-harakatlar mahsuli o‘laroq, biz sohamizning haqiqiy mutaxassislari bo‘lib yetishishimiz uchun bor kuch-salohiyatimizni sarflab, bizga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanishimiz darkor. Akademiyamiz har bir talabasi haqiqiy “vatan posboni”, “el-yurt xizmatchisi” va “adolat tarozisi” sifatida kamol topib, xalqimiz, vatanimiz uchun xizmat qilishi, oldimizga qo‘yilgan eng yuksak maqsadlardan biridir.

 Kushmakov Rasulbek, O‘rolova Nozima

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
“Prokurorlik faoliyati “ yo‘nalishi talabalari

Islombek Abdixakimov