“Eljernonga atalgan gullar” asari haqida (Daniel Kiz)

Bu asarni yarmigacha o’qiganimda Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidagi tabib haqidagi rivoyat esimga tushdi. Musaffo osmon, tog’lar, dunyo go’zalliklarini ko’rishni orzu qilgan ko’r odam ko’rishni boshlashi bilan faqatgina dunyodagi razil, jirkanch narsalarga qarash bilan shug’ullanadi va bunda tabibni ayblaydi.

Aqli zaif Charli Gordonning ustida o’tkazilgan tajriba, yaqinlarining, odamlarning munosabatlari natijasida xudbinlikning cho’qqisi…

Imloviy va uslubiy xatolar bilan boshlangan va yakunlangan, ta’sirli, hayajonlantiruvchi asar! Dastlabki bir necha qismlari – aqli zaif inson tilidan so’zlangan. Qahramon tilini boricha – imloviy, uslubiy xatolarni saqlashga harakat qilingan. Shu jihati e’tiborga loyiqki, tarjima ham o’ziga xos tarzda imloviy xatolarni saqlagan holda amalga oshirilgan, qaysiki asarning o’qilishini maroqli va zavqli qilgan.

Ha, o’sha sodda va beg’ubor, kimlarningdir nazdidagi “omi”, novvoyxonada pol artuvchi bo’lib ishlaydigan, arzimagan maosh oladigan 32 yoshli Charli o’zgacha taassurot uyg’otganligi bir tomonda turadi!

Operatsiya va dorilar orqali uni intellektini oshirishga harakat qilinganligi (Eljernon ismli sichqonda o’tkazilgan tajriba uning ustida ham amalga oshiriladi) ko’p bilimlar o’zlashtirgan, 10 dan ortiq til bilgan, ilmiy maqolalar yozgan, professorlarni “mot” qilib qo’ya oladigan IQ darajasi 100 dan baland “aqlli” Charli ikkinchi tomonda!

Har kuni nimani his qilayotganligini kundalikka yozib borishi. Ta’sirli qaydlar. Ayrim hisobotlarini qayta o’qidim ham, ayniqsa ko’rgan tushlari, IQ darajasi yuqorilab ketgan paytlari yozganlari – qandaydir tushunarsizday, balki his qilganlarini his qila olmaslikdir.

O’tmish, og’riqli xotiralarni eslash. Miyasida va hayotida bo’lgan o’zgarishlar! Kelajak haqida deyarli hech narsa yo’q! Tajriba o’tkazilgan Eljernon (sichqon)ning o’limi, Charli uni ko’mib qo’yishi (ko’z yosh to’kib olgandim). Ammo chindan xayratlanarli ham edi!

Ha, kitob muqovasiga yozilganday: “Dahoning ojizligi va ojizning daholigi haqidagi intellektual asar”.

Shunchaki ko’z oldimda Charli qisqa muddatda ko’p narsaga erishdi va tez fursat ichida buning barchasini yo’qotdi. Buning sababi esa kim uchundir uning atrofidagi insonlar, kimlar uchundir Charlining xudbinligi va mutakabbirligi. Bu asarda aqlli bo’lib hammaga yoqishni, do’stlarini ko’paytirishni istagan Charli, bu imkoniyat berilgandan keyin atrofdagilardan kamchilik izlay boshlaydi. Aqli noqisligi uchun ustidan kulganlarini eslab, g’azabga minadi, lekin o’zi ham unga aqlli bo’lish imkoniyatini bergan doktorlarni unchalik aqlli emaslikda ayblaydi, kuladi.

Balki bu insonlarga xos xususiyatdir. Nimagadir erishsa ko’p narsalar qilishni orzu qiladi, lekin erishgandan keyin avvalgi maqsadlarini unutib yuboradi, hattoki qalbi o’ta toza, samimiy inson bo’lsa ham. Balki, yozuvchi bizga aynan shuni aytmoqchidir…

O’zim uchun mantiqli deb bilgan satrlarni quyida keltirib o’tishni lozim deb bildim. Shoyadki, sizni ham ular o’ylashga va fikrlashga majbur qilsa:

• Sening zulmatingdan mening yorug‘ligim yaxshi deb kim aytdi?!

• Men — ortiq men emasman.

• Yuqori AyKyu hayotda eng muhimi emas.

P.S.: AyKyu – IQ

• Qancha teran tushlar ko‘rar, xotiralarim dengiziga botib borar ekanman, ruhiy muammolarni aqliy muammolar kabi yechib bo‘lmasligini yaxshiroq anglay boshladim.

• Ilgari nodon va ahmoqligimdan nafratlanardi, endi ular aqlim va bilimim uchun nafratlanadi. Ular mendan nima xohlaydi?

• Men insonman. Men sevishim kerak.

 

Sharh muallifi

Toshkent davlat yuridik universiteti Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik fakulteti 2-kurs V potok 1-guruh talabasi Jo’rayev Xushnazar Bahodir o’g’li.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications