Emodzi va intellektual mulk huquqi

Emodzi nima?

Yozishmalarda hech bo’lmasa bir marta bo’lsa ham «smaylik» ishlatmagan insonni topish qiyin bo’lsa kerak. Emodzilar insonlar o’rtasidagi elektron muloqotda fikr yoki his-tuyg’ularni ifodalash uchun kichik piktogrammalardir. Emodzilar turli xil kommunikativ rollarni ― so’z o’rnini bosuvchi, so’zni to’ldiruvchi, hissiy signal va boshqa vazifalarni bajarishi mumkin.

Emodzilar ikki toifaga bo’linadi:

Unicode formatidagi ― ko’pgina platformalar va qurilmalar tomonidan tan olingan, ammo o’ziga xos xususiyatlari bilan ko’rsatilishi mumkin bo’lgan emodzilar.

Individual formatdagi ― shaxsiy platformalar yoki brendlar uchun yaratililadigan emodzilar. Ular «brend emodzilar» deb ham atalib, Amerika futbol ligasi (NFL ) klublaridan tortib, mashhur insonlar emodzilari (Kim Kardashianning «Kimoji») bularga misol bo’la oladi.

photo: Pingebat / iStock / Getty Images Plus

Emodzilar qanday himoya qilinadi?

Emodzilar ijodiy ishlanma sifatida mualliflik huquqi va individullashtirish vositasi — savdo belgisi sifatida (agar davlat ro’yxatidan o’tkazilsa) himoya qilinadi.

Individual emodzilar

Individual emodzilar xoh mulkiy bo’lsin, xoh Unicode platformasida amalga oshirilgan bo’lsin grafik tasvirlar sifatida mualliflik huquqiga ega. Shunga qaramay, aksariyat individual emodzilar kamida uchta sababga ko’ra mualliflik huquqi orqali himoya qilina olmaydi.
Birinchidan, ba’zi emodzilar shunchalik soddaki, ular mualliflik asarini yaratish uchun etarli ifodaga ega emas. Bundan tashqari, baъzi emodzi dizaynlari asl ishlanmagan da’vo qila olmaydi.

Ikkinchidan, emodzilar qo’shilish doktrinasiga bo’ysunadi, ya’ni g’oya yoki fikrni faqat cheklangan miqdordagi usullarda ifodalash mumkin bo’lsa, mualliflik huquqi himoyasini bekor qiladi va bu kontekstda keng tarqalgan yoki kutilgan tafsilotlar uchun mualliflik huquqi himoyasini bekor qiluvchi scènes à fairega soslanadi. Muayyan emodzilarni ifodalashning juda ko’p usullari mavjud, qolaversa kulgichlarning kichik o’lchamlari ko’plab detallarni tasvirlashni qiyinlashtiradi. Bundan tashqari, emodzilar o’z g’oyalarini iloji boricha universal tarzda etkazishga intiladi. ko’pgina kulgichlarning tafsilotlari kulgichning maъnosi bilan bog’liq bo’lgan standart madaniy havolalarni chaqiradi va bu tafsilotlarning scènes à faire bo’lish ehtimolini oshiradi. Bundan tashqari, emodzilar yuz kulgichlarini yorqin sariq rangda tasvirlash kabi baъzi konventsiyalarni ishlab chiqdi, ular hozirda scènes à faire bo’lishi mumkin.

Uchinchidan, Unicode intellektual mulk siyosati aniq bo’lmasa-da, Unicode emodzilarga bo’lgan egalik huquqidan voz kechishi yoki ular tavsifidan erkin foydalanishga ruxsat berishi mumkin. Unicode tomonidan belgilangan emodzilarning platformaga xos ilovalari Unicode konturlariga asoslanadi, shuning uchun ko’pchilik ilovalar Unicode ta’riflarining hosilaviy ishlari hisoblanadi. Biroq, ba’zi platforma ilovalari, masalan, Apple kompaniyasining suv to’pponchasi emodzisi Unicode tasnifidan shunchalik farq qiladiki, uni hosila ish sifatida baholab bo’lmaydi. Hosila hisoblangan asarlar sifatidagi emodzilar uchun platformalar faqatgina Unicode konturiga qo’shimcha o’zgartirishlar uchun mualliflik huquqiga daъvo qilishi mumkin, bu esa shunchalik ahamiyatsizki, ular xatto alohida mualliflik huquqi himoyasiga ega bo’la olmasligi ehtimoli bor.

Bundan farqli o’laroq, ba’zi individual emodzilar muhim ijodiy mulohazalarni aks ettiradi, bu holda ular mualliflik huquqini himoya qilish uchun yaxshiroq pozitsiyada bo’ladilar. Masalan, brend emodzilar, agar tasvir manbasining o’zi mualliflik huquqi bilan himoyalangan bo’lsa, xuddi shu tarzda himoya qilinadi.

Alohida emodzi mualliflik huquqi himoyasiga ega bo’lsa ham, uning himoya doirasi ancha tor. Misol uchun, Qo’shma Shtatlardagi ko’plab sudlar bir xil bo’lmagan emodzilarni qo’llashga ruxsat berish uchun adolatli foydalanish himoyasini keng qo’llaydi va hatto bir xil tasvirlar adolatli foydalanish sifatida baholanishi mumkin.

Fikrimizcha, mualliflik huquqi orqali individual emodzilarni himoya qilishi mumkinligi platformalarni emodzilarning o’z versiyasini yaratishiga sabab bo’ldi. Dunyo haqiqatan ham kulgichlarning yuzlab bir-biridan farqli emodzi ilovalariga muhtojmi o’zi? Yo’q, lekin mualliflik huquqi qoidalari platformalarni o’zgarishlar qilishga undaydi.

Emodzi to’plamlari (emoji sets)

Emodzi to’plamlari individual kulgichlar to’plamidir. To’plamlar etarlicha original, tartibga solingan va koordinatsiyalashgan bo’lsa, ushbu kompilyatsiya (to’plam) mualliflik huquqiga ega bo’la oladi.

Uy uslublari (house styles)

Uy uslublari emojdzilar to’plamida qo’llaniladigan standart dizayn tanlovlarini ifodalaydi, masalan, Google blob shakli yoki yuz kulgichlari uchun bir xil sariq bo’lmagan rangdagi emodzilar. Uy uslubi emodzilar to’plamidagi mualliflik huquqlarini jamlash uchun asos bo’lishi va uslubni individual emodzilarga qo’llash ushbu kulgichlarni mualliflik huquqiga ega bo’lishiga yordam beradi (yoki ular Unicode standartining o’zgarishi bo’lsa, hosila asar sifatida baholanishi mumkin). Uy uslublari platformaning savdo kiyimining (trade dress) bir qismi bo’lishi ham mumkin.

Savdo belgisi bo’yicha mulohazalar

Yuqorida aytib o’tilganidek, emodzilar mualliflik huquqini himoya qilish doirasiga mos kelmasa va ular bozorda tovar va xizmatlarni ajratib ko’rsatsa, ular savdo belgilari sifatida himoyalanishi mumkin. Bunday hollarda, bir nechta tomonlar tovarlarning turli toifalari uchun bir xil emodzi belgilarida birgalikda mavjud bo’lgan savdo belgisi huquqlariga ega bo’lishi mumkin. Hozirgi kunda yuzlab kulgichlar yoki emodziga o’xshash belgilar savdo belgisi sifatida ro’yxatdan o’tkazilgan.

Emotikonlarning intellektual huquqlarini muhofaza va himoya qilish strategiyasi ularning ba’zi yaratuvchilariga katta daromad olish imkonini beradi. Misol uchun, jurnalist Franklin Lufrani 1971 yilda Frantsiyada o’zining kulgichli dizayni uchun savdo belgisi uchun ariza topshirgan va keyinchalik Nitsa tasnifining 19 ta sinfini qamrab olgan va Evropa va Afrikaning 15 mamlakatida xalqaro himoyalangan olinishiga erishadi. U asos solgan kompaniya hozirda o’g’li Nikolay tomonidan boshqariladi va 80 dan ortiq mamlakatlarda 1500 ga yaqin tovar belgilarini ro’yxatdan o’tkazish portfeliga ega. Kompaniyaning asosiy faoliyati mahsulot va xizmatlarning keng doirasi uchun uchinchi shaxslarga portfel` litsenziyalashdir. Lufrani emodzilari hozirda yiliga 500 million dollardan ortiq daromad keltiradi va dunyodagi eng yaxshi 100 litsenziya egalari qatoriga kiradi.

Smayl dizayneri Xarvi Bolning o’g’li 2001 yilda «Harvey Ball World Smile Foundation»ga asos solgan bo’lib, uning bo’linmasi etti yurisdiktsiyada 1700 ga yaqin tovar belgilarini ro’yxatdan o’tkazgan, ayniqsa Yaponiyada, u erda 1400 dan ortiq savdo belgilariga ega.

Emodzi savdo belgilari dunyosidagi yana bir o’yinchi Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan Emoji kompaniyasidir, u 70 ta mamlakatda sof so’zga asoslangan «Emoji» savdo belgilari va ularning o’zgarishi bo’lgan deyarli 500 ta savdo belgisini ro’yxatdan o’tkazish portfelini yaratdi.

Shunday qilib, emodzilar turli kompaniyalar tomonidan savdo belgilari sifatida ro’yxatga olinishi va turli mahsulot va xizmatlarni individuallashtirish uchun ishlatilishi mumkin. Biroq, ba’zi hollarda, emodzilarning huquqiy himoyasi belgilangan muddat ichida tijorat faoliyatida foydalanilmaganligi sababli tugatilishi mumkin. Masalan, platformalar va messenjerlar odatda foydalanuvchilar xabarlarga qo’shishi mumkin bo’lgan bepul emodzi paketlarini taqdim etadi, biroq bu ma’lum bir kompaniya mahsulot va xizmatlarini individullashtirish uchun foydalaniladi deb bo’lmaydi.

Bundan tashqari, emodzi ham patent huquqiga bo’ysunishi va ifodalar buyumning dekorativ, funktsional bo’lmagan dizayn elementi bo’lsa, sanoat namunalari sifatida ro’yxatga olinishi mumkin. Misol uchun, AQShning D793, 512 dizayn patenti ko’z qisib turuvchi shishiriladigan yostiq uchun berilgan. Biroq, platformalar va messenjerlar, ehtimol, internetda kulgichlardan foydalanish uchun dizayn patentlarini ololmaydilar, chunki ular foydalanuvchilar o’rtasidagi muloqotni osonlashtirish vazifasini bajaradi.

Bundan tashqari, emodzi bilan bog’liq texnologiyalar ham patentlana oladi. Apple ushbu sohada «Emodzi belgilaridan foydalanish uchun qo’l sensorli ekran qurilmasi, usuli va grafik foydalanuvchi interfeysi» deb nomlangan birinchi patentlardan biriga egalik qiladi (US 8584031). Meemo, litsenziyalash, marketing va tarqatish kompaniyasi «So’z va ideogrammani aniqlash yoki ilova ichidagi reklama tizimi» (US 9152979) nomli patent oldi.

Shunisi ham qiziqki, kulgichlar hayotimizning ajralmas qismi bo’lib, sudlar ulardan dalil sifatida foydalana boshlaydi. Bir holatda, da’vogar ish joyidagi jarohati tufayli uning boshiga gul idishi tushib ketganligi sababli tibbiy xarajatlarni undirmoqchi bo’lgan. Biroq, sud da’vogarning WhatsApp yozishmalarini tahlil qildi va kulgili emodzilar mavjudligini inobatga olib, da’vogar tuvakning qulashi natijasida haqiqatan ham jarohat olmagan degan xulosaga keldi va da’voni rad etdi (Moskva Tugansk tuman sudi 21.12.2017 yildagi № 2-4883/2017 son qarori). Tomonlar irodasi emodzi yordamida talqin qilinadigan sud amaliyoti hali ham ko’p emas. Fikrimizcha, sudlar allaqachon kulgichlarga jiddiy munosabatda bo’lishlari kerak, chunki messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlarda ko’pincha smayliklar paydo bo’ladigan yozishmalarni taqdim etish allaqachon odatiy amaliyotga aylangan.

Material tayyorlanishida Eric Goldman (Professor of Law, Santa Clara University School of Law, California) va Gabriella E. Ziccarelli (Technology and IP attorney, Washington, DC, USA) maqolalaridan foydalanildi.

O’ktamjon To’xtayev
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications