Gyotening “Faust» Asaridan parchalar

Quvontirishim kerak bo‘lgan odamlarni xafa qilish – bu mening taqdirim.

***

Sodir bo‘lmagan xodisadan oldin ular dahshatga tushadilar. Yo‘qotmasdan turib biz yo‘qotilgan narsalar uchun yig‘laymiz.

***

Mening bilganlarimni hamma bilishi mumkin, ammo faqat menda shunday yurak bor.

***

Xo‘sh, nega insonning baxtining asosi azoblanishning manbai bo‘lishi kerak?

***

Hayot va erkinlikka faqatgina, har kuni ular uchun kurashishga boradigan inson loyiqdir.

Asar haqida

Faust – Iogann Volfgang Gyotening eng mashhur asari bo‘lib, doktor Faust afsonasining eng mashhur versiyasini o‘z ichiga olgan falsafiy drama hisoblanadi. Gyote hayotining 60 yili davomida Faust g‘oyasi ustida ishlagan. Birinchi qism 1790-yillarda yozilgan, 1806-yilda tugatilgan, ikki yil o‘tib nashr etilgan va Gyote tomonidan bir necha marta qayta bosilgan (oxirgi marta – 1828-yilda). Asarning ikkinchi qismini Gyote keksaygan yillarida yozgan; u 1832-yilda adib vafotidan keyin dunyo yuzini ko‘rdi. Ritm va ohangdorlik tufayli Faust nemis she’riyatining cho‘qqilaridan biri hisoblanadi.

Syujet

Asar muallif hayotining ko‘plab ko‘tarilishlari va pasayishlari bilan bog‘liq bo‘lgan va u bilan uzoq vaqt birga bo‘lmagan yoshlikdagi do‘stlariga bag‘ishlanishidan boshlanadi. Keyingi qismda teatr direktori, shoir va komik aktyor o‘rtasida suhbat bo‘lib o‘tadi. Unda qahramonlar yuksak she’riyatning haqiqiy maqsadi, omma talablariga moslashtirish muammosini, muvaffaqiyat va mashhurlik bilan yuqori san’atning uyg‘un kombinatsiyasiga qanday erishish mumkinligini muhokama qiladi.

“Osmondagi prolog” qismida “osmon, yer va do‘zax” muammosi rivojlanadi. Bu yerda asosiy qahramonlar – Xudo, Mefistofel, arxangellar; Faust nomi ham birinchi marta esga olinadi. Zulmat egasi Mefistofel bilan suhbatda Xudo Faustni eng sodiq va ishonchli qulining namunasi sifatida keltiradi. Bunga javoban Mefistofel olimning asl mohiyatini ochib berish majburiyatini oladi va uning g‘ayratini aslida harakatlari uchun mukofot olish istagi bilan izohlaydi. Shunda Xudo Mefistofelga butun Yer yuzidagi lazzat va vasvasalar bilan Faustni sinab ko‘rishga va o‘zgarmas sadoqatiga amin bo‘lishiga ruxsat beradi.

Olim kun va tunni xafagarchilikda, o‘zining fikrlaridan qiynalib o‘tkazadi. Uzoq umri davomida Faust ko‘p narsalarni o‘rganadi, ammo u barcha bilimlariga qaramay, “ahmoq bo‘lib qolganini” tushunadi. Shogirdi Vagnerdan farqli o‘laroq, Faust cheksiz sir-asrorlarga to‘la inson ongi va ilm-fan imkoniyatlari, tabiat va butun koinot oldida nochorligini tushunadi. Faust baxtsiz, chunki uning butun hayoti behuda edi va haqiqatni bilib olishga bo‘lgan barcha urinishlari behuda ketdi.

Ammo kunlarning birida qora it siymosida unga Mististofel ko‘rinadi va keyin Faust oldida talaba kiyimida paydo bo‘ladi. Vagnerdan farqli o‘laroq, noma’lum mehmon ancha aqlli va idrokli edi. Faust bilan suhbatda u baxtsiz olimni qiynayotgan muammolarning tubiga to‘xtaladi. Mefistofel odamning nochorligi va inson taqdirini mazax qiladi.

Boshqa safar u Faust oldida bashang kiyimda paydo bo‘ladi va uni iztiroblardan xalos qilish uchun o‘zi bilan birga boshlaydi. Agar olim dunyo lazzatlariga o‘rganib qolsa va u hech qachon bundan ajrashni istamasa, bu Faustning Mefistofel tomonidan to‘liq mahv etilganini anglatadi. Ular o‘rtasida qon orqali bitim tuziladi va shundan so‘ng ikkisi safarga chiqadi. Mefistofel bergan damlamadan ichganidan keyin Faust yana yosharib, kuchga, go‘zallikka va istaklarga to‘la bo‘ladi. Endi u haqiqatni bilishga va haqiqiy baxtni topishga qat’iy qaror qilgan edi.

Faustning birinchi vasvasasi – oddiy oiladan chiqqan, o‘n besh yoshli beg‘ubor Margarita ismli qiz. Yosh Faust bilan tanishib, darhol unga oshiq bo‘lib qoladi, ular o‘rtasida o‘zaro ehtiros alangalanadi. Uning onasi Faust bilan uchrashuvlariga xalal bermasligi uchun Margarita har safar ichimlikka uxlatuvchi dori qo‘shib qo‘yardi. Ammo bir kuni oshiqlarni qizning akasi Valentin ushlab oladi. U bilan Faust o‘rtasida janjal chiqib, Valentin jangga kiradi. Mefistofel qilichini yalang‘ochlaydi. Faust unga ergashib jangga kiradi va sevgilisining akasini qattiq jarohatlaydi. O‘limidan oldin Valentin yengiltak singlisini abadiy sharmandalikka giriftor bo‘lishini aytib la’natlaydi. Ko‘p o‘tmay Margaritaning onasi vafot etadi. Ma’lum bo‘lishicha, yana bir marta uyqu dorilarini qo‘shganida, qiz dori dozasini oshirib yuborgan va onasi endi uyg‘onmaydi. Bu haqda Faust bilmaydi, chunki u qotillikni amalga oshirgach, shahardan qochishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik Margarita qiz tug‘adi, lekin benikoh farzand tuqqani ortidan kelishi mumkin bo‘lgan odamlar g‘azabidan qutulish uchun qizini daryoga cho‘ktirib o‘ldiradi. Endi u mahkuma, qamoqda o‘z jazosini kutmoqda.

Faustga bo‘ynida dahshatli chandiq bilan asirlikda saqlanayotgan sevgilisining surati namoyon bo‘ladi. Mefistofeldan esa u Margaritani qutqarishni talab qilmoqda. Shoshilish kerak, tez orada ikkalasi ham shaharga qaytib keladi. Oshiqlarning fojiali uchrashuvi zindonda bo‘lib o‘tmoqda. Avvaliga qiz uni tanimaydi, lekin yaqindagina uning boshiga tushgan dahshatli voqealarning butun tarixi uning xotirasida paydo bo‘ladi. U o‘z baxtiga ishonmaydi: erkinlik haqiqatan ham yaqinmi? Biroq Margarita o‘zi uchun shahidlik, chin dildan tavba qilish va Xudoning hukmini tanlab, zindonni tark etishdan bosh tortadi. Parvardigor esa Mefistofel tomonidan xushmuomalalik bilan taqdim etilgan ozodlikdan voz kechgan baxtsiz qizning ruhini saqlab qoladi.

Asarning ikkinchi qismida iblis Mefistofel Faustni imperator saroyiga olib boradi. Bo‘shab qolgan xazina sabab mamlakatda ishlar yomon. Keyin Mefistofel ayyorona tizim o‘ylab topadi, buning natijasida davlat budjeti tezda to‘ldiriladi, lekin xalq aldanib qoladi. Saroyda qichqa vaqt haqiqiy eyforiya hukmronlik qiladi va fitnachilar hayrat va xursandchilik bilan kutib olinadi.

Mefistofel Faustga qadimgi davr, o‘tmish eshigini ochadigan ajoyib kalitni beradi. Olim dunyodagi eng go‘zal ayol – Faust uchun ruhiy va jismoniy go‘zallik idealiga aylangan Yelena bilan uchrashadi.

Ayni paytda, Faustning shogirdi yana bir tajriba o‘tkazadi, natijada shisha idishda Gomunkul paydo bo‘ladi. Ammo u qisqa umr ko‘radi. Boqiy kurashga bo‘lgan ehtiros tufayli u uchib ketadi va abadiy yo‘qoladi. Ko‘p o‘tmay, Yelenaning o‘zi ham qahramonimizni tark etadi, chunki mutlaq go‘zallik va baxt –bir-biriga mos kelmaydigan narsalardir.

Mefistofel Faustni o‘rta asrlarga qaytaradi. Olimning yangi maqsadi to‘g‘on qurish va yerning bir qismini dengizdan tortib olish edi. Rejani amalga oshirishga kelajakdagi qurilish yo‘lida turgan kulba to‘sqinlik qilmoqda. Egalari o‘z uylarini boshqa uyga almashtirishdan bosh tortishadi, keyin g‘azablangan Faust Iblisga qariyalarni yo‘qotishni buyuradi…

Shunday qilib, bosh qahramonning hayoti yakunlanadi. U yana qarib qoladi va endi u butunlay ko‘r edi. To‘g‘on qurish o‘rniga esa, Mefistofel o‘z shotirlariga Faustga qabr qazishni buyuradi. Sodir bo‘lgan barcha voqealardan so‘ng Faust na boylik, na kuch, na shon-sharaf va na eng go‘zal ayolga ega bo‘lish, haqiqiy baxtni bermasligini tushunib yetadi. Faust faqat hayot uchun kurashgan insongina erkinlikni qo‘lga kiritishi mumkin degan xulosaga keladi. Uning ko‘zlari oldida “ozod yerda erkin odamlar” deb nomlangan rasm paydo bo‘ladi va endi u o‘z hayot daqiqalarni to‘xtatishga tayyor. Shu payt Faustning hayoti tugaydi, lekin Mefistofel uning ruhini qul qilib olishiga qadar, farishtalar Faustning jonini so‘nggi soniyada olib ketishadi. U najot topdi, demak u uzoq umrini behuda o‘tkazmagan edi.

Scroll to Top