Islohotlar davom etmoqda !

Muhtaram Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga alohida to‘xtalib, sohada yuz bergan o‘zgarishlarning chuqur tahlil qilingani va Yangi yildagi ustuvor vazifalar belgilab berilgani jamiyatimizda qonun ustuvorligini ta’minlash davlatchiligimizning mustahkam poydevoriga aylanayotganining yaqqol misoli boʻldi.

Shu oʻrinda alohida taʼkidlab oʻtish lozimki, murojaatnomada, 2005-yildan buyon Respublikada muqim yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligini berish tashabbusi chinakam adolatli qaror boʻldi desak sira mubolagʻa boʻlmaydi. Amaldagi qonunchilikka koʻra,  Fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish quyidagi asoslarga ega edi:

«1995- yil 1- yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o‘tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda ushbu Qonun kuchga kirguniga qadar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi. Ota-onasi (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari deb tan olingan bola ushbu moddaning birinchi qismida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi (O‘RQ-610-son 13.03.2020. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida, 6-modda)».  Koʻrib turganingizdek ushbu asoslar mavjud boʻlmagan taqdirda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Oʻzbekiston Respublikasi fuqarologini olishlari deyarli imkonsiz edi. Yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbus amaldagi yechimini topmagan murakkab masalaning ijobiy yechimi boʻlishi bilan bir qatorda xalq va jamiyatning huquqlari roʻyobini chinakam ifodasi boʻldi. Chindan ham oʻz ona Vatanida fuqaroligi boʻlmasdan turib istiqomat qilish va eng achinarlisi oʻz siyosiy huquqlaridan foydalana olmaslik… oʻz ona Vatanida vatan sogʻinchi ila yashash. Kishida bundan-da ogʻir istirob boʻlmasa kerak. Muhtaram yurtboshimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus shuni koʻrsatadiki, amalga oshirilayotgan islohotlarning tub negizida xalq, jamiyat manfaatlari yotibdi.

Shu bilan birgalikda kelgusi yildan, Respublika hududida 15 yildan buyon yashab kelayotgan fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarologini berish amaliyotini joriy etilishi ushbu tashabbusning mantiqiy davomi boʻldi. Darhaqiqat, fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning javobgarlikka tortilishi, ularga nisbatan boshqa huquqiy choralarning koʻrilishi qonunan oʻz huquqiy asosiga ega boʻlsa-da, biroq ularga Oʻzbekiston Respublikasi fuqarologini berish, ularning siyosiy huquqlarini tiklash masalalari hali eʼtibor qaratilmagan “nozik” nuqtalar edi. Ta’bir joizki, ushbu muammo kuni kecha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tomonidan Oliy Majlisga qilingan murojaatdan soʻng oʻz yechimini topdi. Muhtaram yurtboshimiz taʼbiri bilan aytganda – “Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o‘zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi”.

 

Sirojiddin Yo‘ldoshov,
TDYU IF 2 bosqich talabasi. Ilmiy rahbar Davlat-huquqiy Fanlar kafedrasi o‘qituvchisi Ulfat Shonazarov