Murojaatnomada sud hokimiyatiga nazar

Har bir davlatning taraqqiyot sari barqaror odimlashida, hokimiyatlar boʼlinish printsipining chinakam amalda boʼlishi, har bir hokimiyatning bir-biridan mustaqil ravishda faoliyat yuritishi hamda ular oʼrtasidagi muvozanatning ushlab turilishi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu muvozanatning normal holda saqlab turilishi koʼp jihatdan sud hokimiyatning mustaqil holda odil sudlovni amalga oshirishiga bogʼliq.

Joriy yilning 29 dekabrdagi Muhtaram Prezidentimizning parlamentga qilgan navbatdagi murojaatnomasida sud-huquq tizimining yorqin istiqboli uchun bir qator marralar olindi. Xususan, 2021 yildan boshlab, “bir sud – bir instantsiya” tamoyili sud qarorlarining adolatli, qonuniy va barqarorligini taʼminlashda bosh mezon boʼlishi lozim ekanligi taʼkidlandi. Sudlar toʼgʼrisidagi amaldagi qonunchilikka koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari chiqargan qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar shu sudlarning oʼzida koʼrib chiqilar edi. Tabiiyki, bu shikoyatlarning adolatli koʼrib chiqilishiga salbiy taʼsir koʼrsatgan.

Murojaatnomada keltirilishicha, birgina 2019 yilda viloyat sudlari qabul qilgan 13 mingta shunday qaror Oliy sud tomonidan oʼzgartirilgan va bekor qilingan. Bu holatni bartaraf etish uchun endigi joriy qilinadigan tartibga koʼra, Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari chiqargan qarorlar ustidan berilgan shikoyatlar Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan apellyatsiya tartibida koʼrib chiqilgan sud qarorlari Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudining sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida, Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi sudlov hayʼatlari tomonidan kassatsiya tartibida koʼrib chiqilgan ishlar boʼyicha chiqarilgan sud qarorlari Oʼzbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, Bosh prokurori va ular oʼrinbosarlari protestiga koʼra kassatsiya tartibida takroran koʼrib chiqiladi.

Yuqoridagi yangi tartibotga asosan, bir-birini takrorlaydigan sud bosqichi sifatida ishlarni nazorat tartibida koʼrish amaliyoti bekor qilinmoqda. Murojaatnomada aholi va tadbirkorlarga yanada qulaylik yaratish maqsadida yangi yildan boshlab viloyat darajasidagi 3 ta sudlar birlashtirilishi, yaʼni viloyat va unga tenglashtirilgan fuqarolik ishlari boʼyicha, jinoyat ishlari boʼyicha sudlar va iqtisodiy sudlar negizida sudьyalarning qatʼiy ixtisoslashuvini saqlab qolgan va sud ishlarini yuritish turlari boʼyicha alohida sudlov hayʼatlarini tashkil etgan holda Qoraqalpogʼiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar umumyurisdiktsiya sudlarinining tashkil etilishi koʼzda tutildi. Eʼtiborli jihati shundaki, bu koʼrinishdagi sud tizimi rivojlangan davlatlarga xos boʼlib, nihoyatda ixcham va samarali hisoblanadi, quvonarlisi, 2021 yildan boshlab Oʼzbekiston sud hokimiyati ham shu andozaga oʼta boshlaydi.

Shuningdek, Oliy Majlisga qilingan murojaatnomada kelgusi yildan sud muhokamasiga qadar sudda ishlarni dastlabki eshitish amaliyoti yangi tartib sifatida joriy etilishi eʼlon qilindi. Xoʼsh, bu nimani anglatadi? Аmaldagi jinoyat-protsessual qonunchiligiga binoan, ishni toʼxtatish yoki tugatishga asoslar yetarli boʼlsa, sud ishni tergov organlari yoki prokuraturaga toʼxtatish yoki tugatish uchun qaytargan.

Yangi joriy etiladigan amaliyotga koʼra esa, sud endi ishni qaytarmasdan oʼzi yakuniy qaror qabul qilish imkoniyatiga ega boʼlmoqda. Endilikda bu bilan sudlarning mustaqilligi yanada taʼminlanadi hamda ortiqcha vaqt va resurslar sarflanishining oldi olinadi.

Murojaatnomadagi navbatdagi muhim yangilik Oliy sud tuzilmasida investitsiyaviy nizolarni hamda raqobatga oid ishlarni koʼrish boʼyicha sudlov tarkibini tuzish tashabbusi boʼldi. Sudlov tarkibiga investitsiya kiritilgan sanada yigirma million АQSh dollari ekvivalentidan kam boʼlmagan miqdorda investitsiyani amalga oshirgan jismoniy yoki yuridik shaxslar, yaʼni, yirik investorlar va davlat organlari oʼrtasida yuzaga keladigan investitsiyaviy nizolar hamda raqobatga oid ishlarni koʼrish vakolati beriladi.

Endi investorlar, oʼz xohishiga koʼra, nizoni hal qilish uchun toʼgʼridan-toʼgʼri Oliy sudga murojaat qilishi mumkin boʼladi. Ushbu tuziladigan maxsus sudlov tarkibi mamlakatimizda qulay investitsiyaviy muhit yaratilishiga, yurtimizga yirik investorlar oqimining kuchayishiga, pirovardida, iqtisodiyotimizni mustahkamlashga tashlangan muhim qadam boʼladi desak, aslo mubolagʼa boʼlmaydi.

Murojaatnomada tilga olingan mazkur masalalar bugungi kun uchun oʼta dolzarbdir, bir soʼz bilan aytganda, ular mamlakatimiz sud-huquq tizimida adolatni kamol toptirishga xizmat qiladi. Аdolat bu – prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, davlatchilikning mustahkam poydevoridir. Аdolat va qonun ustuvorligini taʼminlashda esa sud hokimiyati hal qiluvchi oʼrinni egallaydi.

Anvar Azizovich Xalimov,
Toshkent davlat yuridik universitetining Ixtisoslashtirilgan filiali 2-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications