Jinoyat-prosessual kodeksiga kiritilayotgan 5 ta asosiy o‘zgartirish

O‘zbekiston Respublikasining 27.09.2023 yildagi O‘RQ-869-sonli “Sud qarorlarining qonuniyligi, asosliligi, adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-prosessual kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qonuni bilan JPK ga bir qator o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgarishlarning 5 ta asosiylarini sanab o‘tamiz.

1. Hozirda amalda bo‘lgan JPK ning 497-4-moddasiga ko‘ra apellyasiya shikoyati va protestlari hukm e’lon qilingan kundan e’tiboran yigirma sutka ichida, mahkum, oqlangan shaxs, jabrlanuvchi tomonidan esa ularga hukmning ko‘chirma nusxasi topshirilgan kundan e’tiboran shu muddat ichida berilishi mumkin. Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan ushbu muddat 10 sutkaga o‘zgartirilmoqda.

2. Hozirda amalda bo‘lgan qonunchilik bo‘yicha kassatsiya shikoyatlari Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ish kassatsiya tartibida ko‘rilishi uchun apellyasiya instansiyasida ko‘rilgan bo‘lishi shart. Apellyasiya shikoyati berish muddati uzrli sababsiz o‘tkazib yuborilgach berilgan apellyasiya shikoyatlari oqibatsiz qoldiriladi.

Kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan shu kabi holatlar bartaraf etilmoqda. Apellyasiya shikoyati berish muddatini o‘tkazib yuborgan shaxslar birinchi instansiya sudining apellyasiya instansiyasida ko‘rilmagan va qonuniy kuchga kirgan hukmlari va ajrimlari ustidan kassatsiya tartibida shikoyat berish huquqiga ega bo‘ladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarida birinchi instansiyada ko‘rilgan hamda apellyasiya instansiyasida ko‘rilmagan ishlar bo‘yicha berilgan shikoyat (protest) lar Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari tomonidan kassatsiya instansiyasida ko‘rib chiqiladi.

3. Jinoyat-prosessual kodeksiga apellyasiya va kassatsiya instansiyasidan keyingi yuqori instansiya sifatida taftish tartibida ish yuritish tushunchasi kiritilmoqda. Hozirda amalda bo‘lgan qonunchilikda bunday tushuncha mavjud emas. Endilikda apellyasiya va kassatsiya instansiyasida chiqarilgan sud hukmi yoki ajrimidan norozi bo‘lgan shaxslar taftish tartibida shikoyat (protest) berishga haqli bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudida, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarida, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudida taftish tartibida jinoyat ishlari buyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy harbiy sudlarning apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek ushbu sudlarning tuman (shahar) sudlari, hududiy harbiy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar buyicha apellyasiya va kassatsiya instansiyasida chiqarilgan hukmlari, ajrimlari ko‘rib chiqiladi.

Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari buyicha sudlov xay’atida taftish tartibida ko‘rib chiqiladi:

jinoyat ishlari buyicha tuman (shahar) sudlarining, hududiy Harbiy sudlarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar, Toshkent shahar sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan apellyasiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek ushbu sudlar tomonidan tuman (shahar) sudlari, hududiy Harbiy sudlar tomonidan ko‘rilgan ishlar buyicha apellyasiya, kassatsiya yoki taftish tartibida chiqarilgan hukmlari va ajrimlari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining, viloyatlar, Toshkent shahar sudlarining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudining birinchi instansiya buyicha chiqarilgan va ayni shu sudlar tomonidan apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek ushbu sudlar tomonidan birinchi instansiya tarikasida ko‘rilgan ishlar buyicha apellyasiya yoki kassatsiya tartibida chiqarilgan hukmlari va ajrimlari.

Ishlarni apellyasiya, kassatsiya va taftish tartibida ko‘rib chiqilishida prokuror va advokat ishtirok etishi shart.

4. Yana bir yangilik shundan iboratki, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari buyicha sudlov xay’ati tomonidan taftish tartibida chiqarilgan hukmlar, ajrimlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida taftish tartibida takroran ko‘rib chiqilishi mumkin.  

Bu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatida ishlarni taftish tartibida takroran ko‘rilishi jinoyat ishlarini ko‘rishda sudning eng yuqori instansiyasi sifatida belgilanmoqda. Hozirda Oliy sud jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ishlarni takroran kassatsiya instansiyasida ko‘rilishi sud tizimida ishlarni ko‘rishda eng yuqori instansiya hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, Bosh prokurori O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining taftish tartibida ko‘rib chiqilgan ishlar bo‘yicha sud qarorlari ustidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga taftish tartibida protest bildirishga haqli ekanligi belgilandi.

5. JPK ga qo‘shimcha sifatida kiritilayotgan 483-moddasiga ko‘ra jinoyat ishini apellyasiya, kassatsiya yoki taftish tartibida ko‘rib chiqayotgan sud qaror qabul qilish chog‘ida quyi instansiya sudlari tomonidan tekshirilgan dalillarni ham, ishni ko‘rishda apellyasiya, kassatsiya instansiyasi yoki tegishli taftish instansiyasi sudiga taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki ular tomonidan talab qilib olingan va tekshirilgan, e’tiborga olinadigan yangi dalillarni ham tekshiradi.

Agar quyi instansiya sudi tomonidan sud tergovining to‘liq emasligiga yoki bir yoqlamaliligiga yoki prosessual buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, apellyasiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida jinoyat ishini ko‘rib chiqayotgan sud to‘liq yoki qisman sud tergovini o‘tkazish yuli bilan bo‘shliqlarning o‘rnini to‘ldirish, prosessual buzilishlarni bartaraf etish choralarini ko‘radi. Ishni apellyasiya, kassatsiya yoxud taftish tartibida ko‘rib chiqayotgan sud shu maqsadda:

  1. ishni hal qilish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni taraflarning iltimosnomasiga ko‘ra talab qilib olishga;
  2. zarur sud ekspertizasini tayinlashga;
  3. sud     majlisiga qo‘shimcha guvohlarni, ekspertlarni, mutaxassislarni chaqirishga va so‘roq qilishga, taraflar tomonidan taqdim etilgan yoki ularning iltimosiga ko‘ra sud tomonidan talab qilib olingan yozma, ashyoviy va boshqa dalillarni tekshirishga;
  4. quyi instansiya sudi tomonidan tekshirilgan dalillarni maqbul emas deb topishga va ularni dalillar majmuidan chiqarib tashlashga;
  5. quyi      instansiya sudi tomonidan maqbul emas deb topilganligi uchun dalillar majmuidan chiqarib tashlangan dalillarni maqbul dalillar deb topishga va ularni tekshirishga;
  6. fuqaroviy da’voga taalluqli bo‘lgan holatlarni tekshirishga va fuqaroviy da’vo bo‘yicha qaror qabul qilishga;

ishning barcha materiallari to‘liq, har tomonlama va xolisona tekshirilishini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan boshqa harakatlarni bajarishga haqli.

Hozirda faqatgina apellyasiya instansiyasida shu kabi vakolatlar mavjud bo‘lib, kassatsiya instansiyasi sudi kassatsiya shikoyati, protesti bo‘yicha ishdagi mavjud materiallarga ko‘ra birinchi instansiya va apellyasiya instansiyasi sudlari tomonidan Jinoyat kodeksi normalari to‘g‘ri qo‘llanilganligini hamda ushbu Kodeks normalariga rioya etilganligini tekshiradi.

Yuqoridagi o‘zgartirishlar 2024 yil 1 yanvardan kuchga kiradi.

O.Ismoilov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Farg‘ona shahar sudi sudyasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications