Savlov tizimidaga kiritilayotgan o‘zgarishlarning o‘ziga xos xususiyatlari

Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti Kontitutsiyaviy huquq kafedrasi o‘qituvchisi

Saylov qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlarning asosiylaridan biri bu aralash saylov tizimida o‘tilayotganligidir. Umuman olganda majoritar, proporsional va aralash saylov tizimlari mavjud. Shu kungacha O‘zbekistonda saylov jarayonlari majoritar saylov tizimida o‘tkazilgan.

Majoritar saylov tizimida ko‘p ovoz olgan nomzod muayyan okrug bo‘yicha saylangan hisoblanadi. Bunda ovozlarning umumiy sonidan mutlaq ko‘p ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Nomzod o‘z raqiblari orasidan har biriga nisbatan ko‘p ovoz olsa g‘olib deb topiladi. Ya’ni saylov natijalari mutloq ko‘chlik yoki oddiy ko‘pchilik ovozi bilan aniqlanadi.

Proporsional saylov tizimida saylovchilar aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berishadi. Har bir partiya o‘z vakillarining ro‘yxatini ilgari suradi. Bunda saylovchilar tegishli partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan vakillarning ro‘yxati uchun ovoz beradi. Ya’ni, saylovchi amalda nomzod uchun emas, balki siyosiy partiya uchun ovoz beradi.

Aralash saylov tizimi deputatlik mandatlarining bir qismi hukumatning barqaror shakllanishiga hissa qo‘shadigan majoritar tizim tamoyillari bo‘yicha, ikkinchi qismi esa proporsional tizim tamoyillariga muvofiq taqsimlanadi. Ya’ni mamlakatda nafaqat nomzodning balki partiyaning ham siyosiy obro‘si saylov natijalariga sezilarli ta’sir o‘tkazadi.

Mamlakat hayotida siyosiy partiyalarning rolini oshirish dolzarb masalalardan biri bo‘lib turgan bir davrda aralash saylov tizimiga o‘tish yuqoridagi muammoli vaziyatni yechishga qaratilgan muhim takliflardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Demak Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 150 deputatlik o‘rni mavjud bo‘lsa ularning 50 foizi (75ta) majoritar, ya’ni hozirgidek muayyan okruglar bo‘yicha eng ko‘p ovoz olgan nomzodlar saylanishi, qolgan 50 foizi(75ta) esa proporsional, ya’ni aniq bir shaxsga emas, balki partiyaga ovoz berish orqali, partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan ro‘yxat asosida nomzodlar saylanishi nazarda tutiladi.

Bunda siyosiy partiyalarning roli muhim ahamiyat kasb etadi. Partiya xalqni ishontira olsagina muayyan ovozga erishadi. Bu esa jamiyatimizda siyosiy partiyalarning rolini oshib borishini ta’minlaydi. Chunki saylovlarda ko‘proq o‘ringa ega bo‘lish uchun partiyalar nafaqat nomzodning siyosiy obro‘siga balki, umumiy bir kuch sifatida partiyaning obro‘si uchun ham kurashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Qonunchilik palatasi deputati Jahongir Shirinovning tushuntirishicha, saylov tizimiga quyidagi o‘zgarishlar kiritilmoqda:

  • Saylov kodeksiga hamda 7 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda;
  • aralash saylov tizimiga o‘tilishi munosabati bilan Qonunchilik palatasiga saylov nafaqat hududiy bir mandatli saylov okruglari bo‘yicha (50%) balki yagona saylov okrugi bo‘yicha (50%) o‘tishini nazarda tutuvchi qoidalar kiritilmoqda, ya’ni, saylov okruglari yetmish beshta hududiy bir mandatli hamda yagona saylov okrugiga (O‘zbekiston Respublikasining butun hududi) bo‘linmoqda;
  • Qonunchilik palatasiga yagona saylov okrugi (O‘zbekiston Respublikasining butun hududi) bo‘yicha o‘tkaziladigan saylovlarda partiya ro‘yxatidagi ketma-ketlikda kamida har uchta nomzodning bir nafari ayol kishi bo‘lishi nazarda tutilyapti;
  • agar proporsional tizim asosida shakllantirilgan deputatlik o‘rni bo‘shab qolsa, tegishli partiya ro‘yxatidagi keyingi navbatdagi mandatga ega bo‘lmagan nomzodlar hisobidan to‘ldirilishi belgilanyapti;
  • yagona saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning kamida yetti foiz ovozini olgan partiya belgilangan tartibda deputatlik o‘rinlariga ega bo‘lishi o‘rnatilmoqda. Agar hech qaysi partiya kamida yetti foiz ovozni to‘plamagan bo‘lsa, saylov o‘tmagan, deb topilishi nazarda tutilmoqda;
  • yagona saylov okrugi bo‘yicha saylovchilarning ovozi asosida deputatlik o‘rinlarini partiyalar o‘rtasida taqsimlashning aniq tartibi o‘rnatilmoqda. Bunda, proporsional saylov tizimida yetti foizlik chegaradan o‘tgan partiyalarga yoqlab berilgan umumiy ovozlar soni 75 ta deputatlik o‘rniga bo‘linadi va undan chiqqan raqam saylov koeffitsienti hisoblanadi. So‘ngra har bir partiyaga yoqlab berilgan ovozlar soni mana shu saylov koeffitsientiga bo‘linadi. Undan chiqqan son esa har bir partiyaga beriladigan deputatlik o‘rniga teng bo‘ladi. Agar yaxlit bo‘lmagan qoldiq sonlar vujudga kelib, buning natijasida ba’zi deputalik o‘rinlari taqsimlanmasdan qolsa, ularni ham taqsimlash tartibi aniq ochib berilmoqda;
  • Saylov kodeksiga saylov komissiyalarining vertikal tizimini nazarda tutuvchi qoidalar, xususan “Markaziy saylov komissiyasi — hududiy saylov komissiyasi — tuman va shahar saylov komissiyasi — okrug saylov komissiyasi — uchastka saylov komissiyasi” tuzilmasi taklif etilmoqda. Bunda viloyatlar va Toshkent shahar saylov komissiyalari o‘rniga hududiy saylov komissiyalari tuzilishi nazarda tutilyapti. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini hamda Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalarini tuzish tartibidan voz kechish hamda ularning vazifalarini hududiy saylov komissiyalariga yuklash taklif etilmoqda;
  • Saylov komissiyalarining professional tarzda ish olib borishini ta’minlash maqsadida hududiy saylov komissiyalarining uch nafargacha bo‘lgan a’zosining doimiy faoliyat yuritishi belgilanmoqda. Xuddi shunday, Markaziy saylov komissiyasining doimiy asosda ishlovchi a’zolari soni 7 nafardan 9 nafarga oshirilmoqda hamda jamoatchilik asosida a’zolari faoliyati tugatilmoqda. Ya’ni Markaziy saylov komissiyasining barcha 9 nafar a’zolari doimiy asosda ishlashi taklif etilyapti;
  • saylov komissiyasi a’zolarining ijtimoiy kafolati kuchaytirilmoqda. Xususan, saylov komissiyasining o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradigan a’zolari saylov davrida ish beruvchining tashabbusi bilan ishdan bo‘shatilishi yoki ularning roziligisiz boshqa ishga o‘tkazilishi mumkin emasligi o‘rnatilmoqda;
  • amaldagi Saylov kodeksida mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun tuziladigan saylov okruglari sonining eng yuqori miqdori belgilangan bo‘lib, okruglar sonining aniq miqdori ko‘rsatilmagan. Shu sababli, loyihada mahalliy Kengashlarga saylov o‘tkazish uchun saylov okruglari tegishli deputatlik o‘rinlariga teng miqdorda tuzilishi, deputatlik o‘rinlari soni esa aholi sonidan kelib chiqqan holda aniq belgilanmoqda;
  • saylovchilar ro‘yxatining dolzarbligi va aniqligini doimiy ravishda ta’minlash maqsadida saylov okruglar va uchastkalari har besh yilda bir marta tuzilishi ifodalanyapti;
  • yangi tashkil etilgan viloyatning xalq deputatlari Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okruglar soni ilgari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan bo‘lsa, endilikda Senat tomonidan belgilanishi mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan tuman, shahar mahalliy Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okruglar ilgari xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tuzilgan bo‘lsa, endilikda hududiy saylov komissiyasi tomonidan tuzilishi belgilanmoqda;
  • xorijdagi fuqarolarimiz Qonunchilik palatasi saylovida proporsional tizimi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etishi taklif etilmoqda. Bu chet davlatlarda bo‘lgan fuqarolarimizning siyosiy irodasini ro‘yobga chiqarish hamda ularning bergan ovozini o‘zlariga aloqasi bo‘lmagan boshqa saylov okrugi hisobiga o‘tkazish kabi noto‘g‘ri amaliyotdan voz kechishni ta’minlaydi;
  • Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlari saylovi natijalarini belgilash tartibi takomillashtirilyapti. Chunonchi, bir mandatli saylov okruglarida boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovoz olgan deputatlikka nomzod saylangan, deb hisoblanishi belgilanmoqda. Ya’ni mutlaq ko‘pchilik emas, balki nisbiy ko‘pchilik ovozi bilan deputatlar saylanishi nazarda tutilyapti;
  • partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlar muayyan saylov okrugiga ega bo‘lmaydi. Bunday deputatlar va saylovchilar o‘rtasidagi munosabatlarni shakllantirish uchun asosiy mas’uliyat siyosiy partiyalar fraksiyasi zimmasida bo‘ladi. Shunga muvofiq, partiya ro‘yxati asosida saylangan deputatlarning saylovchilar bilan aloqasi tegishincha siyosiy partiya fraksiyasi tomonidan belgilanishi mustahkamlanmoqda;
  • taklif etilayotgan proporsional saylov tizimida siyosiy partiyalar saylovchilarning kamida 7 foiz ovozini olgan taqdirda, ularga deputatlik o‘rinlari berilishi nazarda tutilmoqda. Shunga mos ravishda hamda ko‘ppartiyaviylik tamoyiliga sodiq qolgan holda kam ovoz to‘plagan partiyalarga ham imkoniyat yaratish maqsadida Qonunchilik palatasida fraksiya tuzishi mumkin bo‘lgan deputatlar soni to‘qqiz nafardan besh nafarga tushirilmoqda;
  • Markaziy saylov komissiyasi vakolatlariga qo‘shimcha ravishda mahalliy Kengashlar saylovini tashkil etish va o‘tkazish, shuningdek, hududiy saylov komissiyalarini tuzish, yangi tashkil etilgan viloyat Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha saylov okruglarini tuzish va boshqalar kiritilmoqda;
  • okrug saylov komissiyasining saylov uchastkalari va uchastka komissiyalarini tuzish, tegishli hududda deputatlikka nomzodlarning ishonchli vakillarini ro‘yxatga olish vakolatlari hududiy saylov komissiyalarining vakolatiga o‘tkazilmoqda;
  • siyosiy partiyalar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarni ro‘yxatga olish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qonunchilik palatasi deputatlari saylovida tegishli hudud bo‘yicha saylov natijalarini aniqlash va boshqa shu kabilar ham hududiy saylov komissiyalarining vakolatiga kiritilmoqdal;
  • shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish maqsadida uchastka komissiyasi binosida tanishib chiqish uchun osiladigan saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining faqatgina familiyasi, ismi, otasining ismi va tug‘ilgan yilini ko‘rsatish bilan cheklanish taklif etilmoqda;
  • “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi Qonunida referendum okruglarini va okrug komissiyalarini tuzish tartibi bekor qilinib, okrug komissiyalarining vazifalarini viloyatlar va Toshkent shahar hududiy saylov komissiyalari amalga oshirishi taklif etilmoqda. Saylov kodeksiga muvofiq, tuzilgan saylov uchastkalari referendum o‘tkazish davrida referendum uchastkalari hisoblanishi belgilanyapti;

Saylov kodeksi talablaridan kelib chiqib, amaldagi cheklovlar bilan bir qatorda qo‘shimcha ravishda deputatlar, senatorlar, hokim o‘rinbosarlari, boshqa saylov komissiyalarining a’zolari, og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlari uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lgan fuqarolar ham referendum uchastkasi komissiyasi a’zosi bo‘lishi mumkin emasligi mustahkamlanmoqda.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications