Ommaviy axborot vositalari tushunchasi

Jahongir Qudratillayev

Toshkent davlat yuridik universiteti Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o’qituvchisi

Ommaviy axborot vositalarining birlamchi maqsadi jamiyatning axborotga bo‘lgan ehtiyojini qondirishdan iborat.

Fuqarolik jamiyatida ommaviy axborot vositalari muhim ijtimoiy institut sifatida davlat va jamiyat o‘rtasida bog‘lovchi vazifasini bajaradi: bir tomondan u davlat hokimiyati organlari uchun boshqaruv axborotini yetkazishga, ikkinchi tomondan davlat organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Ommaviy axborot vositalarining vazifalari esa nihoyatda keng va qariyb barcha sohalarni qamrab oladi. Bu vazifalarni aniqlashtirish borasidagi yondashuv va qarashlar turlicha. Masalan, amerikalik tadqiqotchi G.Lassuel mazkur vazifalar ichidan asosiy to‘rttasini ajratib ko‘rsatadi:

dunyoni kuzatish (axborot to‘plash va tarqatish);

tahrir qilish (axborotni saralash va sharhlash);

ijtimoiy fikrni shakllantirish;

madaniyat targ‘iboti.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositasi axborot bozorida foyda olishga qaratilgan tadbirkorlik subyekti hamdir.

Ommaviy axborot vositalari va uning faoliyati jamiyat taraqqiyotini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Shuningdek, jamiyatdagi eng kuchli ta‘sir kuchiga ega bo‘lgan institut hamdir. Ommaviy axborot vositalari orqali inson ongiga ta‘sir qilinadi. U orqali fikrlash, so‘z erkinligi; axborotni izlash, olish, tarqatish yoki fikr yuritish va uni ifoda etish erkinliklari amalga oshiriladi. Demak, ommaviy axborot vositalari shaxsning Konstitutsiya bilan mustahkamlangan huquq va erkinliklari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning amalga oshirilishida ham ko‘maklashadi.

“Fuqarolarning fikr, so‘z va e’tiqod erkinligiga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ta’minlash rivojlangan demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishning muhim shartidir”[1].

Ommaviy axborot vositalari tushunchasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ommaviy axborotni davriy tarqatishning doimiy nomga ega bo‘lgan hamda bosma tarzda (gazetalar, jurnallar, axborotnomalar, byulletenlar va boshqalar) va (yoki) elektron tarzda (tele-, radio-, video-, kinoxronikal dasturlar, Internet jahon axborot tarmog‘idagi veb-saytlar) olti oyda kamida bir marta nashr etiladigan yoki efirga beriladigan, qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan shakli hamda ommaviy axborotni davriy tarqatishning boshqa shakllari ommaviy axborot vositasidir.(“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun)

Demak ommaviy axborot vositalarining asosiy xususiyatlari quyidagilardan iborat:

  • doimiy nomga ega bo‘lish;
  • ommaviy axborotni davriy (olti oyda kamida bir marta) tarqatish;
  • qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tish.

Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ish olib boradilar.

Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.

Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari insonning shaxsiy huquqlaridan biri bo‘lgan axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqidan kengroq hisoblanadi. Oddiyroq qilib aytsak, ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish va tarqatish doirasi keng. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari mazkur ma’lumotlardan foydalana oladi. Chunki ommaga xolisona, to‘g‘ri ma’lumot tarqatish uchun ma’lumotlardan foydalanish, tahlil va tahrir qilish kerak.

O‘z o‘rnida davlat ommaviy axborot vositalarining mazkur huquqini ta’minlanishining kafili bo‘lishi shart. Shundagina ommaviy axborot vositalarining o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgarligini talab qilish mumkin. Ya’ni oldin sharoit yaratib keyin natijasini talab qilish mantiqan to‘g‘ri bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalari vazifalariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak:

  • alohida tegishli fikrlarni shakllantirish;
  • bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida ma’lumotlar berib borish;
  • ko‘p fikrlilik, so‘z, fikr erkinligini ta’minlash;
  • turli idoralar, siyosiy institutlar manfaatini ifodalash;
  • fuqarolarning huquq va erkinliklarinii himoya qilish;
  • demokratik jarayonlarning chuqurlashuviga hissa qo‘shish.[2]

Ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni yuqori. Buni Oliy yuridik kuchga ega, Bosh qomusimiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalari uchun alohida bir bobning ajratilishida ham ko‘rishimiz mumkin.

Konstitutsiya faqat mavjud ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishni maqsad qilib qolmay, u kelajakdagi vazifalarni ham belgilashi va kelajakdagi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni ham qamrab olishi kerak.

Ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq tartibga solinishi zarur bo‘lgan ijtimoiy munosabatlar jamiyat rivojlanib borgani sayin ortib boradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida esa, ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq munosabatlarni alohida bob sifatida rasmiylashtirilgani ayni muddao. Bu esa, Konstitutsiyaning kelajak maqsad, rivojlanishni ko‘zlash prinsipidan kelib chiqib qabul qilinganini ko‘rsatadi.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari va ularning kafolatlarini so‘z va matbuot erkinligini ta’minlamasdan turib, demokratik davlat va huquqiy jihatdan kuchli fuqarolik jamiyat qurib bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalari va ularning faoliyati qancha ko‘p rivojlansa, ular erkin faoliyat yuritsa, so‘z erkinligi mavjud bo‘lsa, mamlakatda ochiqlikka, davlat idoralarining shaffof faoliyat yuritishiga va fuqarolarning demokratik huquqlari kafolatlanishiga zamin yaratilgan bo‘ladi.

Ommaviy axborot vositalari jamiyat bilan birga rivojlanadi. U davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlangan, yetarli huquqiy asoslar bilan ta’minlangandagina o‘z vazifasini to‘la bajarishi mumkin. Shuning uchun, ommaviy axborot vositalari, ularning faoliyati mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlardan chetda emas. Ularning faoliyati doimiy takomillashuvga muhtoj.

O‘zbekiston Respublikasining jahon iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlariga integratsiyalashuvi mamlakatimizda erkin demokratik jamiyat barpo etish borasida qilinayotgan islohotlarni yanada jadallashtirish, ayniqsa, ommaviy axborot vositalari faoliyatini erkinlashtirish, so‘z va axborot erkinligini ta’minlash dolzarb vazifalardan biriga aylanib bormoqda.

“Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonunning 5-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkindir. Har kim, agar qonunda boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ommaviy axborot vositalarida chiqish, o‘z fikri va e’tiqodini oshkora bayon etish huquqiga egadir”.[3] Bundan tashqari, mazkur qonunda, davlat va ommaviy axborot vositalari faoliyati va axborotdan foydalanish erkinligini, davlat organlarining g‘ayriqonuniy qarorlaridan, ular mansabdor shaxslarining g‘ayriqonuniy harakatlaridan (harakatsizligidan) himoya qilinishini kafolatlashi aytib o‘tilgan. Ommaviy axborot vositalari esa qonunchilikka muvofiq axborotni izlash, olish, foydalanish, saqlash huquqiga ega va o‘zi tarqatayotgan axborotning xolisligi, to‘g‘riligi va ishonchliligiga javobgar ekanligi belgilangan.

Yuqoridagi normaga asosan ommaviy axborot vositalari o‘zi tarqatilayotgan axborotning xolisligi, to‘g‘riligi va ishonchliligiga javobgar ekanligi haqida eslatib o‘tilmoqda. Demak har bir tarqatilayotgan ma’lumotning xolisligi, to‘g‘riligi va ishonchliligi jurnalist zimmasida. Bu bir tomondan mantiqan to‘g‘ri. Chunki biz ommaviy axborot vositalarining tarqatayotgan ma’lumotlarini rasmiy va to‘g‘ri deb hisoblaymiz. Unga fakt sifatida qaraymiz. Lekin ikkinchi tomondan, bu jurnalistga juda katta mas’uliyat va mehnat yuklaydi. Albatta mas’uliyatni his qilish yoki katta hajmdagi ishni qilish jurnalist faoliyatiga ijobiy ta’sir qiladi. Biroq mutaxassisligi bilan bog‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarni tahlil qilish va unga obyektiv baho berish mas’uliyat yoki mexnat bilan bog‘liq emas. Chunki bugungi globallashuv jarayonida yangi ma’lumotlar soniyasiga eskirmoqda. Bunday sharoitda ma’lumotlarni tez, sifatli, shuningdek, to‘g‘ri ma’lumot tarqatish juda murakkab. Bir so‘z bilan aytganda qomusiy jurnalist va qomusiy muharrir bo‘lish lozim. Ya’ni turli sohalar bo‘yicha bilim-ko‘nikmaga va tahrirlash qobiliyatiga ega bo‘lish zarur.

Shuningdek, bosh muharrir, jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi:

  • agar bu ma’lumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma’lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlari orqali olingan bo‘lsa;
  • agar bu ma’lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa.

Ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi o‘rnini yuksaltirish, matbuot, televidenie, radio faoliyatini yanada liberallashtirish, ularning mustaqilligi va erkinligini amalda ta’minlash masalalari hayotimizni isloh qilish va yangilash borasida oldimizga qo‘ygan besh ustuvor vazifa va yo‘nalishlardan biri etib belgilanishi, ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotida munosib o‘rin egallashini ta’minladi.

Ommaviy axborot vositalari mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni, liberallashtirish siyosatini targ‘ib qilish, ularning mohiyatini aholiga yetkazish bilan birga, ularning faoliyatiga ham islohotlar, liberallashtirish sezilarli ta’sir qilmoqda.

2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida, 2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida jamoatchilik boshqaruvi tizimini takomillashtirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanib, unda OAV hamda jurnalistlarning kasbiy faoliyatini himoyalashni kuchaytirish vazifasi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, bu muhim hujjatda OAVga belgilangan vazifalarni bajarishda katta mas’uliyat yuklandi.

Shuningdek, nodavlat OAVni rivojlantirish, Internet tarmog‘ini kuchaytirish hozirgi kunning dolzarb masalasi ekanligi davlat e’tiborida bo‘lmoqda.

Prezident Sh. Mirziyoevning «Ommaviy axborot vositalari aholining talab va ehtiyojlarini hokimiyat idoralariga yetkazishning muhim ta’sirchan vositasiga, xalqning eng yaqin ko‘makchisi va hamdardiga, demokratiya ko‘zgusiga aylanishi zarur»[4], – degan so‘zlari OAV roli haqida tasavvur hosil qiladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalarining fuqarolik jamiyati institutlari tizimiga kiritilishi, ularning faoliyatini takomillashuviga va mas’uliyatini kuchayishiga olib keladi.

Ommaviy axborot vositalari faoliyati dunyodagi tartibga solinishi, xavfsizligi ta’minlanishi kerak bo‘lgan soha bo‘lganligi uchun ham har doim e’tibor va qonunchilik markazida hisoblanadi. Buning isboti o‘laroq, Birlashgan Millatlar Tashkilotining 1948-yildagi “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”ning 19-moddasida shunday deyilgan: “Har kim o‘z fikrini bildirish va o‘z fikrini bildirish erkinligi huquqiga ega; bu huquq hech qanday aralashuv va bosimlarsiz o‘z fikriga ega bo‘lish, axborot va g‘oyalarni har qanday ommaviy axborot vositalari orqali izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”[5].

O‘zbekistonda jamoatchilik va xalq bilan muloqot, ularning fikr va mulohazalarini bilish asosiy vazifalardan biri bo‘lmoqda . Jamoatchilik fikri – fuqarolik jamiyatini o‘zida aks ettiradigan bamisoli bir ko‘zgu ekanligi hayotda o‘z isbotini  topmishda davom etmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida ta‘kidlanganidek; ―Xalq bilan muloqot, odamlarning orzu- intilishlari, dard-u tashvishlari bilan yashash davlat siyosati darajasiga ko’tarilayotgan bugungi kunda har bir ommaviy axborot vositasi chinakam muloqot maydonchasiga, erkin fikr minbariga aylangan taqdirdagina biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erisha olamiz.

O‘zbekiston Respublikasining 1997- yilning 26-dekabrda qabul qilingan “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi 541-1-qonuni va unga qo‘shimchalar kiritgan O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 15-yanvarda “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni axborot xizmatlarining huquqiy asosi mustahkamlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-fevral kuni qabul qilingan “Axborot sohasi va ommaviy kommunikatsiyalarni yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora- tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari va tashkilotlari matbuot xizmatlarining jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi yetarli darajada yo‘lga qo‘yilmagani qayd etib topilgan va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zimmasiga qator vazifalar yuklandi: davlat organlari va boshqa tashkilotlarga ular faoliyatining ochiqlik va shaffofligini          ta‘minlashda, davlat xizmatchilariga ommaviy axborot vositalari bilan ochiq, ommaviy va o‘zaro hamkorlik qilish madaniyatini singdirishda, shu jumladan,  ularning  Axborot  xizmatlari (jamoatchilik bilan ishlash bo‘yicha bo‘linmalari) faoliyatini muvofiqlashtirish va uslubiy jihatdan ta’minlash orqali ko‘maklashish vazifasi ham yuklatildi. Bu vazifalar to‘la-to‘kis bajarilishi uchun birinchi galda har bir vazirlik, idora, muassasa va tashkilotning Axborot xizmatlari ham mas’uldirlar.


[1]      Mirziyoev Sh. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. T.: «O‘zbekiston», 2018. 2-tom, 36-bet.

[2] Konstitutsiyaviy huquq: darslik. To‘ldirilgan va qayta nashr qilingan ikkinchi nashr. – Toshkent: Yuridik adabiyotlar publish, 2020. -187 bet. 

[3] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son

[4] Мирзиёев Ш. Халқимизнинг розилиги бизнинг фаолиятимизга берилган энг олий баҳодир. Т.: «Ўзбекистон», 2018. 2-том, 36-бет.

[5] “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”. Birlashgan Millatlar Tashkiloti.

https://www.un.org/en/about-us/universal-declaration-of-human-rights.
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications