Internetdan foydalanish huquqining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari

Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi

Zamonaviy dunyoni noyob kommunikativlik va axborot olish imkoniyatlariga ega bo‘lgan internetsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu yil butun dunyo bo‘ylab Internet foydalanuvchilari soni 5 milliardga yaqinlashdi. Shu bilan birga, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar yoki sanoatlashgan va qishloq hududlari o‘rtasida sezilarli “raqamli” tafovut mavjud.

Internetga kirish universal telekommunikatsiya xizmati bo‘lib, uni ta‘minlash majburiyati davlat tomonidan amalga oshiriladi. Internetdan foydalanish fuqarolarga ijtimoiy hayotda ishtirok etish va o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirish imkonini beradi. Internetga kirishni cheklash bunday imkoniyatlarni sezilarli darajada kamaytiradi. “Haqiqiy” dunyoda inson huquqlarining “raqamli aksi” mavjud bo‘lib, u “virtual dunyo” orqali amalga oshiriladi.

Bundan kelib chiqadiki, insonning “onlayn” huquqlari va erkinliklari hech bo‘lmaganda “oflayn”dagi huquqlari va erkinliklari amalga oshirish imkoniyati darajasida bo‘lishi lozim. Muammo shundaki, inson huquqlari sohasidagi fundamental xalqaro huquqiy hujjatlar va ularda etirof etilgan huquq va erkinliklar mazkur huquq va erkinliklardan onlayn foydalanish imkoniyati paydo bo‘lishidan ancha oldin qabul qilingan. Internetga kirish huquqi inson huquqlarining yangi “raqamli” avlodi sifatida qaralishi mumkin. Bu xalqaro huquqshunoslar, ham nazariyotchilar, ham amaliyotchilar tomonidan o‘z maqolalarida etirof etilgan.

Internet bu – hozirgi zamon talabidagi yagona ommabop axborot izlash, olish va tarqatish vositasi hisoblanib, bizga barcha sohalarga oid noaniqlik ya’ni ongimizga mavhum bo‘lgan tushunchalar haqida ochiq, oddiy va ravon ma’lumot beruvchi axborot manbaidir.
Tabiiyki, hozirgi kunda ushbu manbaga bo‘lgan ehtiyojmandlar soni kundan kunga ortib bormoqda.

XXI asrda axborotni izlash, olish va tarqatish manbalari orasida Internet jahon axborot tarmog‘i(www)ning davri kelgani, uning auditoriyasi va ta’sir doirasi tobora kengayib borayotganini zamonning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

Bugungi kunda dunyo bo‘ylab 5 milliarddan oshiqroq internet foydalanuvchilari mavjud bo‘lib, dunyo aholisini 63% tashkil qiladi. Bu raqamlar nafaqat yildan-yilga balki, kundan-kunga ortib bormoqda. Sababi internet jahon axborot tarmog‘i bilan ta’minlangan hududlar sarhadi kengaymoqda. Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanmayotgan shaxslarning aksariyat qismi ham internet bilan ta’minlanmagan hududlar hisobiga to‘g‘ri keladi.

Birgina “Google” qidiruv tizimi statistikasini ko‘rib chiqsak. “Google” kompaniyasi Internet jahon axborot tarmog‘ida yetakchi qidiruv tizimi hisoblanadi. Dunyo bo‘ylab tarmoq foydalanuvchilarning o‘ntadan yettitasi u yoki bu ma‘lumotlarni topish ilinjida aynan mana shu saytga murojaat qilishadi. Tizim har kuni 3.9 milliard, har soatda 228 million, har minutda 3.8 millonga yaqin so‘rovlarni qabul qiladi. Butun dunyo internet foydalanuvchilari orasida keng ommalashgan mazkur qidiruv tizimi 1998 – yil sentabrda ishga tushgan.

Yuqoridagi faktlar shuni ko‘rsatadiki, bugungi rivojlanayotgan dunyoda va globallashuv sharoitida  axborotni izlash, olish va uni tarqatishning asosiy vositasi Internet jahon axborot tarmog‘i hisoblanadi va buni inkor etib bo‘lmaydi.

Internet jahon axborot tarmog‘i nafaqat axborotni izlash, olish va uni tarqatish vositasi, balki axborotni izlash, olish va uni tarqatish natijasida vujudga keladigan ijtimoiy munosabatlar maydoni ham hisoblanadi. Internet jahon axborot tarmog‘i foydalanuvchilari dunyo aholisini 63% ni tashkil etar ekan, demak asosiy ijtimoiy munosabatlar vujudga keladigan maydon ham internet hisoblanadi. Chunki shaxslar bevosita internet orqali ijtimoiy aloqaga kirishmoqdalar. 

Demak bugungi kunning o‘zi oldimizga yangidan-yangi vazifalarni qo‘ymoqda. Ya’ni keyingi yillarda asosiy ijtimoiy munosabatlar vujudga keladigan maydon – internet bilan bog‘liq asosiy huquq, erkinlik va majburiyatlarni hozirdan tartibga solish lozim. Bunda asosiy e’tibor kelajak maqsad, rivojlanishni ko‘zlash prinsipiga qaratilishi kerak.

Internetdan foydalanish huquqi va Internet erkinligi darajasi dunyo davlatlarida bir xil darajada emas.

 “Freedom House” o‘zining dunyo Internet erkinligi darajasi bo‘yicha navbatdagi yillik hisobotini e’lon qildi.

O‘zbekiston “Freedom House”ning 2022-yilgi Internet erkinligi darajasi bo‘yicha hisobotida 100 balldan 27 ball to‘pladi. O‘tgan yilgiga qaraganda bu ko‘rsatkich bir ballga kam. Unda Islandiya maksimal 100 balldan 95 ball bilan eng yuqori o‘rinda joylashgan bo‘lsa, Estoniya, Kosta-Rika va Kanada undan keyingi o‘rinlarni egalladi.

Sobiq ittifoq davlatlari orasida Boltiqbo‘yi davlatlaridan keyin Gruziya (77 ball) ham “Interneti erkin” davlatlar qatoridan joy olgan. E’tiborlisi, gruzinlar bu borada Germaniya, Yaponiya, AQSH kabi davlatlarni ortda qoldirgan. Shuningdek, Ukraina va Qirg‘iziston 59 va 53 ball bilan “qisman erkin” ro‘yxatidan joy oldi.

O‘zbekiston esa ro‘yxatda Ozarbayjon (38), Qozog‘iston (32) va hatto Belarusdan (28) keyingi o‘rinlarda boryapti.     (https://freedomhouse.org/report/freedom-net/2022/countering-authoritarian-overhaul-Internet)

Har kimning Internet jahon axborot tarmog‘iga kirishi va undan cheklovlarsiz foydalanishi uchun davlat tomonidan qanday shart-sharoitlar yaratilishi lozim?

Internetdan foydalanish insonning shaxsiy huquq-erkinliklari qatoriga kiradimi?

Internet axborotni izlash, olish va uni tarqatishning manbasi hisoblanadimi?

Davlat har kimning Internet jahon axborot tarmog‘iga erkin kirishini  kafolatlashi shartmi?

Axborotni izlash, olish va tarqatishga, shu jumladan Internet tarmog‘idan foydalangan holda izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarni cheklanishi mumkinmi?

Internet jahon axborot tarmog‘iga kirish va undan foydalanish huquqini shaxsiy huquq sifatida alohida belgilab qo‘yish mumkin. Ya’ni boshqa shaxsiy huquqlar qatori Internetga kirish va undan foydalanish huquqi ham davlat tomonidan kafolatlanishi hamda ta’minlanishi shart.

Axborot mavzusi insoniyat taraqqiyotining barcha bosqichlarida muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungi globallashuv jarayonlarida esa, axborot yanada dolzarb masala bo‘lib, endilikda axborotni izlash, olish va tarqatishning kafolati davlatlar oldida turgan alohida vazifa bo‘lib qolmoqda.

BMTga a’zo davlatlar 2012-yilda BMT Inson huquqlari Kengashining “Internetda so‘z erkinligi bo‘yicha rezolyutsiyasi”ni ratifikatsiya qilgan. Shuningdek, har kimning Internet tarmog‘iga cheklovlarsiz kirishini ta’minlash uchun davlatlar oldiga yuqoridagi talablarni belgilab qo‘ydi.

Aytish joizki, BMT maxsus ma’ruzachisi Frank La Rue ta’kidlashicha, “Internetga ulanish imkoniyati inson huquqlaridan biri sifatida tan olinmagan bo‘lsa-da, davlatlar Internet orqali so‘z erkinligi, shuningdek, boshqa huquq va erkinliklarni amalga oshirish uchun Internetga kirishni ta‘minlashi shart”.

Raqamli texnologiyalarning inson hayotiga ta’siri bo‘yicha quyidagilarni ko‘rsatib o‘tish mumkin:

COVID-19 pandemiyasi Internet-trafikka katta ta’sir ko‘rsatdi, ya’ni 2020-yilda Internet tarmog‘idan foydalanish ko‘rsatkichi 35% ga oshdi. Bu tarixdagi eng yirik o‘sishdir.

Bir qator Yevropa mamlakatlarida Internetga kirish huquqi Konstitutsiya darajasida (Estoniya, Gretsiya, Portugaliya, Rossiya), shuningdek maxsus qonun darajasida (Finlyandiya, Frantsiya, Germaniya) kafolatlangan.

Axborot izlash va olish faoliyati tarkibidagi Internet umumjahon tarmog‘idan foydalanishning alohida aniq cheklovlarini belgilab berish maqsadga muvofiq sanaladi. Sababi, aniq belgilangan cheklovlar fuqarolarning axborot izlash va olishga bo‘lgan huquqlarini mustahkamlab, har xil buzg‘unchi va g‘arazli niyatlardan foydalangan holda inson huquqlari poymol etilishini oldini oladi.

Shu bilan bir qatorda, Internet tarmog‘idan foydalanish vaqtida shaxslarning o‘z huquqlaridan foydalanishning ma’lum doirasi davlat tomonidan aniq belgilab qo‘yiladi. Chunki fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shart. Shuningdek, amaldagi konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan axborotni izlash, olish va uni tarqatish taqiqlanadi.

Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishda hech kimga alohida taqiq mavjud emas. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 29-moddasida har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega ekanligi ta’kidlab o‘tilgan. Mazkur huquqlar mavjud konstitutsiyaviy tuzumga qarshi qaratilgan, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklari, jamoat xavfsizligi va tartibini himoya qilish, shuningdek davlat siri va boshqa sir deb e’tirof etilgan axborot oshkor etilishiga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Axborotni izlash, olish, tarqatish yo‘nalishidagi cheklovlar quyidagi holatlar uchun ham tatbiq qilinadi:

  • ma’naviy yoki moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni oshkor etish;
  • shaxsiy hayot daxlsizligini buzish, ya’ni shaxsiy yoki oilaviy sirni tashkil etuvchi shaxsiy hayot to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish;
  • yolg‘on axborot tarqatish, ya’ni shaxsning qadr-qimmati kamsitilishiga yoki uning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan, yoxud jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg‘on axborotni tarqatish.

Mazkur cheklovlar xalqaro hujjatlarda ham o‘z aksini topgan, xususan: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 19-moddasida: “har bir inson fikr va ularni ifodalash erkinligi huquqiga ega; bu huquq hech bir to‘siqsiz o‘z fikriga ega bo‘lish erkinligini hamda axborot va g‘oyalarni har qanday ommaviy axborot vosita orqali va davlat chegaralaridan qat’i nazar, izlash, olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi”, deb belgilangan.

Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktning 19-moddasida quyidagilar belgilangan: “(2) Har bir inson o‘z fikrini erkin bayon etish huquqiga ega; bu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar yozma ravishda yoki matbuot orqali yoki ifodalashning badiiy shakllari yoki o‘z ixtiyoriga ko‘ra boshqacha usullarda turli axborot va g‘oyalarni qidirish, olish va tarqatish erkinligini qamrab oladi.(3) Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlarni amalga oshirish alohida majburiyat va mas’uliyat yuklaydi. Shuning uchun ularga ayrim cheklovlar qo‘yilishi mumkin, ammo ular faqat qonun  bilan belgilangan va quyidagilar uchun zarur bo‘lishi lozim:

a) boshqa shaxslarning huquqlari va obro‘sini hurmat qilish uchun;

b) davlat xavfsizligi yoki jamoat tartibi, aholi salomatligi yoki ma’naviyatini muhofaza etish uchun.”

Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasining 10-moddasida ham shu kabi normalar batafsil ochib berilgan. 

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil iyul oyida O‘zbekistonda TikTok va Twitter’ning ochilishi sekinlashdi. 2-iyul kuni esa O‘zbekistonda ayrim ijtimoiy tarmoqlar, xususan, TikTok’dan foydalanish rasman cheklandi. 2022-yilning fevral oyida O‘zbekistonda TikTok’ni butunlay bloklash taklif qilingandi.

2022-yilning 16-mart kuni O‘zbekistonda Twitter va TikTok VPN ilovalarisiz ishlay boshladi. Biroq ko‘p o‘tmay ijtimoiy tarmoqlarga kirish yana cheklandi.

Bu kabi cheklovlar birinchi navbatda shaxsiy huquq va erkinliklarni buzilishi hisoblanadi. Shu bilan birga, ijobiy natijadan ko‘ra ko‘proq salbiy oqibat keltirib chiqarmoqda. Chunki foydalanuvchilar Internetdagi “blok”larni aylanib o‘tish maqsadida turli VPN dasturlaridan foydalanish ortidan boshqa xavfli va taqiqlangan manbalardan ham foydalanishga o‘tib, kattaroq huquqbuzarliklar sodir qilmoqda.

Demak har qanday demokratik davlat o‘z hududi doirasida Internet erkinligini ta’minlab berishi shart. Chunki Internet orqali biz o‘z huquq va erkinliklarimizni amalga oshiramiz. Bu bizning fundamental huquqimiz hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda Internetdan foydalanish huquqi – shaxsiy huquq hisoblanadi. Davlat esa, fuqarolarga o‘z huquqlarini erkin, to‘siqlarsiz amalga oshirishining kafili sanaladi. Umuman olganda Internet erkinligi qanday ta’minlanadi? Bu savolga bir nechta ekspertlarning fikrlarini tahlil qilish orqali javob qidirib ko‘ramiz.

Sarkis Darbinyan, advokat, “Roskomsvoboda” jamoat loyihasining advokati: Internet erkinligi bu – global raqamli makonda tarmoq foydalanuvchilarining alohida siyosiy rejimlar, korporatsiyalar yoki shaxslar tomonidan cheklanmasligidir. Internet erkinligining mavjudligi va yanada rivojlanishi foydalanuvchilarning o‘zaro individual, jamoaviy aloqa va o‘zaro munosabat qoidalariga ixtiyoriy rioya qilishlari bilan bog‘liq. Internetdan foydalanish erkinligi global tarmoqning har bir foydalanuvchisiga berilgan asosiy huquqlardan biri hisoblanadi. Bu erkin qidirish, erkin fikr bildirish, kontentlarga erkin kirish huquqidir.

Ucha Seturi, Gruziya kichik va o‘rta provayderlar assotsiatsiyasi raisi: Internet erkinligi bu: Birinchidan, shaxsning o‘z fikrini ifoda etish qobiliyati, ya’ni fikrlash va so‘z erkinligi. Ikkinchidan – kafolat. Har bir foydalanuvchi shaxsiy ma’lumotlari himoyalangan bo‘lishi kerak. Uchinchidan-davlat tomonidan aralashuvlar va tartibga solishni minimallashtirish. Hukumatning aralashuvi internetning rivojlanishiga to‘sqinlik qiladi ba buni  aniqlash oson bo‘lmasligi mumkin, ammo onlayn ommaviy axborot vositalarining rivojlanishiga to‘sqinlik qilmaslik va media resurslariga ko‘proq erkinlik berish kerak.

Giorgi Cyxymu Jakhaia, Gruziya bloggeri: Internet erkinligi bu: Avvalo, oddiy odamlar tomonidan ochiq va erkin fikr bildirish.Shuningdek, mamlakatning maxsus xizmatlari tomonidan ochiq va erkin fikrni nazorat qilinmaslik yoki ta‘qib qilinmaslik  hamda siyosiy yoki diniy senzura holi bo ‘lishi lozim.  Internet erkinligi — bu turli xil manbalarga kirish, ochiq manbalardan har qanday qonuniy ma’lumotlarni olish erkinligi.

Adil Jalilov, MediaNet xalqaro jurnalistika markazi rahbari: Internet erkinligi bu: Fikrlash, so‘z erkinligi, axborotni izlash, olish va uni tarqatish. Faqatgina chegara va konturlarni inobatga olgan holda. Chegara-bu xalqaro huquq doirasidagi qonunlar (masalan, bolalar pornografiyasini taqiqlash, terrorizmni targ’ib qilishni taqiqlash). Kontur-bu tarmoq foydalanuvchilarining (qonuniy faoliyat yuritayotgan) o‘z-o‘zini tartibga solish. Bu yerda ular o’zlarining axloqiy me’yorlarini belgilaydilar. O‘z-o‘zini tartibga solmasdan, hech qanday qonunlar samarali ishlay olmaydi va o‘z vaqtida ishlab chiqilmaydi. O‘ylaymanki, yaqin kelajakda texnologiyalar davlat tomonidan tartibga solishning rolini minimallashtiradi va yana hamma narsa o‘z-o‘zini tartibga solish bilan bog‘liq bo‘ladi.

Yuriy Zisser, TUT.BY Belorusiya Internet-resursining asoschisi va hammuallifi Erkin Internet bu: Yer sayyorasining istalgan joyidan menda mavjud bo‘lgan kompyuter uskunalari,  mobil qurilmalar orqali arzon narxlarda barqaror kirish. Bu ish masalasida yoki do‘stlik bilan tezkor muloqot qilish uchun cheksiz imkoniyatdir. Bu qonunlarni buzmasam, razvedka idoralari va resurs moderatorlarining maxfiylikni saqlashi va aralashmasligi. Bu internetda pullik  “trollar” ning ya’ni siyosiy mavzulardagi yoki ma’lum bir tomon foydasiga postlar yozadigan “trollar” ning yo’qligi. Erkin Internet bu:

Yer sayyorasining istalgan joyidan menda mavjud bo‘lgan kompyuter uskunalari,  mobil qurilmalar orqali arzon narxlarda barqaror kirish. Bu ish masalasida yoki do‘stlik bilan tezkor muloqot qilish uchun cheksiz imkoniyatdir. Bu qonunlarni buzmasam, razvedka idoralari va resurs moderatorlarining maxfiylikni saqlashi va aralashmasligi. Bu internetda pullik “trollar” ning ya‘ni siyosiy mavzulardagi yoki ma’lum bir tomon foydasiga postlar yozadigan “trollar” ning yo‘qligi  “trollar” ning, siyosiy mavzulardagi yoki ma’lum bir tomon foydasiga postlar yozadigan, vanihoyat, Internet orqali meni ta’qib qilinganda  qonun himoyada ekanligim va ommaviy resurslarning tezkor moderatsiyasining mavjudligi.

Demak Internet erkinligi nafaqat Internetga erkin kira olish, balki, undan foydalanish uchun lozim darajada shart-sharoitlarning ta’minlanganligini ham tushunishimiz mumkin ekan. Internet erkinligini ta’minlash uchun quyidagi sharoitlarni yaratish lozim:

  • Internetga kirish erkinligining butun mamlakat hududi bo‘ylab bir xilda ta’minlanganligi. Ya’ni Internet bilan ta’minlanganlik darajasi butun mamlakat bo‘ylab bir xilda bo‘lishi, chekka hududlar aholisi ham bir xilda foydalana olishi;
  • Har qanday shaxs tomonidan Internetdan foydalanishi uchun to‘lanadigan to‘lovning minimal bo‘lishi. Ya’ni har kim o‘zining shaxsiy extiyojlaridan tashqari bemalol Internetdan foydalanish uchun to‘lov qila qolish qobiliyatiga ega bo‘lishi yoki umuman bu xizmatning tekin bo‘lishi;

Internetdan erkin foydalanish uchun uning ma’lum bir minimal tezligini belgilab qo‘yilishi va davlat tomonidan buning ta’minlanishi. Ya’ni Internetdan normal tarzda foydalanish mumkin bo‘lgan minimal tezlikni belgilash va uni ta’minlab berish. Umuman olganda past Internet tezligi orqali ham bu huquqni ma’lum darajada amalga oshirish mumkin. Shu bilan birgalikda, past tezlik natijasida bu huquq buzilishi ham mumkin.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications