Ommaviy axborot vositalarining konstitutsiyaviy huquqiy asoslari

Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi

Ommaviy axborot vositalarining jamiyat hayotidagi o‘rni yuqori. Buni Oliy yuridik kuchga ega, Bosh qomusimiz, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalari uchun alohida bir bobning ajratilishida ham ko’rishimiz mumkin. Mazkur bob faqatgina bitta modda, 67-moddadan, iborat. Bu esa, Konstitutsiyaning kelajak maqsad, rivojlanishni ko‘zlash prinsipidan kelib chiqib qabul qilinganini ko‘rsatadi. Ya‘ni, Konstitutsiya faqat mavjud ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishni maqsad qilib qolmay, u kelajakdagi vazifalarni ham belgilashi va kelajakdagi vujudga kelishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy munosabatlarni ham qamrab olishi kerak.

Ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq tartibga solinishi zarur bo‘lgan ijtimoiy munosabat jamiyat rivojlanib borgani sayin paydo bo‘ladi va ortib boradi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida esa, ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq munosabatlarni alohida bob sifatida rasmiylashtirilgani ayni muddao.

Ommaviy axborot vositalari va uning faoliyati jamiyat taraqqiyotini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sanaladi. Shuningdek, jamiyatdagi eng kuchli ta‘sir kuchiga ega bo‘lgan institut hamdir. Ommaviy axborot vositalari orqali inson ongiga ta‘sir qilinadi. U orqali fikrlash, so‘z erkinligi; axborotni izlash, olish, tarqatish yoki fikr yuritish va uni ifoda etish erkinliklari amalga oshiriladi. Demak, ommaviy axborot vositalari shaxsning Konstitutsiya bilan mustahkamlangan huquq va erkinliklari bilan bog‘liq bo‘lib, ularning amalga oshirilishida ham ko‘maklashadi.

Ommaviy axborot vositalari vazifalarini ko‘radigan bo‘lsak, ular:

  • alohida tegishli fikrlarni shakllantirish;
  • bo‘layotgan voqealar to‘g‘risida ma‘lumotlar berib borish;
  • ko‘p fikrlilik, so‘z, fikr erkinligini ta‘minlash;
  • turli idoralar, siyosiy institutlar manfaatini ifodalaydi;
  • fuqarolarning huquq va erkinliklarinii himoya qiladi;
  • demokratik jarayonlarning chuqurlashuviga hissa qo‘shadi.[1]

Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari qonun asosida faoliyat olib borishi belgilab qo‘yilgan bo‘lib, bular: “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida”, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”, “Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Reklama to‘g‘risida”, “Davlat sirlarini saqlash to‘g‘risida”gi qonunlar va boshqa qonunlar.

Ommaviy axborot vositalarining erkinligi, eng avvalo, ularning xodimlari ya‘ni, jurnalistlarning erkinligi bilan bog‘liq. Jurnalistik faoliyatini erkinligini ta‘minlamay turib, ommaviy axborot vositalarining erkinligi haqida gapirishning o‘zi noo‘rin. “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun jurnalistlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solib turadi.

Konstitusiyaning 67-moddasiga asosan, ommaviy axborot vositalari bergan axborotlari to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar yoki O‘zbekiston Respublikasi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunida bu qoida kengaytirilib, “O‘zbekiston Respublikasida ommaviy axborot vositalari erkin bo’lib, ular O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, ushbu Qonunga va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadi.

Ommaviy axborot vositalari axborotni izlash, olish va tarqatish huquqidan foydalanadilar hamda o‘zlari e‘lon qilayotgan axborotning to‘griligi va haqqoniyligi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tarkibda javobgar bo‘ladilar”, – deb belgilab qo‘yilgan.  

Ya‘ni axborot tarqatayotgan har bir jurnalist o‘zi tarqatgan axborotni to‘g‘riligi va xolisligi uchun o‘zi mas‘ulligi qonun bilan belgilanib, mas‘uliyat yuklab qo‘yilyapti.

O‘zbekiston Respublikasining Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida “Turmat”, “Haqorat”, “Fuqarolarga ma‘naviy yoki moddiy zarar yetkazuvchi ma‘lumot tarqatish”ni nazarda tutuvchi ma‘lumotlar uchun ma‘muriy javobgarlik belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksida “Tuhmat”, “Haqorat qilish”, “Urushni targ‘ib qilish”, “Milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘otish”, “Konstitutsiyaviy tuzumga xavf soluvchi ma‘lumotlar tarqatish”, “Davlat sirlarini oshkor qilish”ni ko‘zlovchi ma‘lumotlar uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Ommaviy axborot vositalari xodimlarining majburiyatlari aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lib, javobgarlik masalariga ham oydinlik kiritib o‘tilgan.

Biroq ommaviy axborot vositalari yoki jurnalist faoliyatiga asossiz aralashish qonun bilan taqiqlanganligi belgilab qo‘yilgani bilan (“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida” va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunlar) javobgarlik masalasi ochiq qolgan ya’ni, alohida sanksiya bilan tartibga solinmagan.

2020-yil yanvar oyida O’zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi rasmiy saytida O‘zbekiston Respublikasi Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish masalasi muhokamaga qo‘yilgan edi. Jumladan, kutilgan o‘zgartirishga ko‘ra: O‘zbekiston Respublikasi Ma‘muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga 1975-moddasi sifatida jurnalistlik faoliyatiga aralashish va to‘sqinlik qilish uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan edi. Ya‘ni, jurnalistlik faoliyatiga aralashish va to‘sqinlik qilish, jurnalistni axborotni tarqatish yoki tarqatishni rad qilishga majburlash, akkreditatsiya qilishni asossiz ravishda rad etish yoki akkreditatsiyani noo‘rin bekor qilish, jurnalistning so‘rov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzish, jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish uchun sanksiya bilan javobgarlik belgilanishi   ko‘zda tutilgan edi. Ammo bu loyihaligicha qolib ketdi va qonunchilikda o‘z aksini topmadi.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi: Ommaviy axborot vositalari yoki jurnalistik faoliyatiga asossiz aralashish umumiy qonunchilikka ko‘ra javobgarlikka tortishning iloji yo‘qmi? Huquq va qonun analogiyasini qo‘llab bo‘lmaydimi? Alohida javobgarlik sifatida belgilab, sanksiya bilan jazo belgilash shartmi?

Jurnalistlarning xalqaro va milliy maydondagi huquqiy himoyasini ta‘minlash, albatta, zarur.

Agar bu himoya ta‘minlanmas ekan jurnalistlarning ommaviy axborot vositalarida ziddiyatlarni yoritish, ommaviy axborot vositalari ro‘li yoki jurnalist surishtiruvi kabi fuqarolik jamiyatini rivojiga hissa qo‘shuvchi omillarning harakati o‘z-o‘zidan, tabiiy susayib boradi.  

Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining so‘zsiz ta‘minlanishi inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolatidir.[2]

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 15-moddasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasida Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi so‘zsiz tan olinadi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 16-moddasiga ko‘ra, birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.

Konstitutsiyaning ustunligi bu – qonun va qonunosti hujjatlarining Konstitutsiyadan ustun bo‘la olmasligi. Ya‘ni birorta qonun yoki ularning normalari Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi tushuniladi. Qabul qilinadigan har bir hujjat Konstitutsiyani va uning normalarini o‘zgartirishni emas, ularni amal qilishini ta‘minlashi zarur. Bu Konstitutsiyaviy qoida sifatida belgilab qo‘yilgan bo‘lib, Konstitutsiyada mavjud barcha normalarga taalluqli, shuningdek, konstitusiya, qonun va  qonunosti hujjatlarining o‘zaro nisbatida o‘z aksini topadi.

Demak, Konstitutsiya ustunligi deganda, Konstitutsiyaning norma va qoidalari boshqa har qanday qonun va qonunosti hujjatlaridan yuqori turishi shart.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 67-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar.

Ommaviy axborot vositalari bilan bog‘liq ijtimoiy munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 67-moddasiga ko‘ra, Konstitutsiyaning 15-16-moddasidagi Konstitutsiyaviy qoidalar asosida tartibga solinishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 67-moddasida, “ommaviy axborot vositalari  axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar”, deb belgilab qo’yilgan.

     O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 15-16-moddalarida Konstitutsiyaning ustunligi konstitutsiyaviy qoida sifatida o‘rnatilgan. Demak, ommaviy axborot vositalari o‘zi tarqatgan axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgarlik muqarrar. Alohida holatlar Bosh qomusimizda belgilab o‘tilmagan yoki qonun va qonunosti hujjatlariga xavola qilinmagan.

Biroq, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda Konstitutsiyasi 15-16-moddalaridagi konstitutsiyaning ustunligi prinsipi buzilayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasida jurnalistning javobgarligi masalasi aks etgan bo‘lib, jumladan qonunning ikkinchi qismida qaysi holatlarda jurnalist javobgar bo‘lmasligi sanab o‘tilgan.

Jurnalist ommaviy axborot vositalarida haqiqatga mos kelmaydigan materiallarni tarqatganlik uchun quyidagi hollarda javobgar bo‘lmaydi:

  • agar bu ma‘lumotlar rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma‘lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan bo‘lsa;
  • agar bu ma‘lumotlar oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa.

Eng avvalo, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilishda Konstitutsiyaning ustuvorligi prinsipidan kelib chiqib qabul qilinmagan. Chunki, qonun va qonunosti hujjatlari Konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi, aksincha Konstitutsiya asosida va uni ijro qilish uchun qabul qilinadi.

Bu holatda, agar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 67-moddasi birinchi qismi quyidagi tarzda talqin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasnodir”.

Bunda, “Qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasnodir” tushunchasi orqali qonunga, “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga yoki boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarga havola bergan bo‘lamiz va albatta, Konstitutsiya ustuvorligi prinsipini  buzmagan hisoblanamiz.

Nima uchun aynan Konstitutsiyaga o‘zgartirishni taklif qilyapmiz?

Eski tahrirdagi “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi quyidagi tarzda talqin qilingan: “Jurnalist o‘zi tayyorlayotgan va tarqatayotgan xabarlar hamda materiallarning haqqoniy bo‘lishi uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgardir.

Jurnalist rasmiy xabarlarda bayon etilgan axborotni tarqatganlik uchun javobgar bo‘lmaydi”.

Yangi tahrirda qabul qilingan qonun orqali jurnalistning huquq va erkinliklari kafolatlab qo‘yilgan. Chunki jurnalist o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holat yuzasidan javobgarlikka tortilishi, ya‘ni, jurnalist ommaviy axborot vositalarida ma‘lumotlarni rasmiy xabarlardan, normativ-huquqiy hujjatlardan yoki rasmiy statistika hisobotlari ma‘lumotlaridan yoxud axborot agentliklari yoki davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining matbuot xizmatlari orqali, shuningdek ularning rasmiy veb-saytlaridan olingan ma‘lumotlarni yoki oldindan yozib olinmasdan efirga beriladigan mualliflik chiqishlarida mavjud bo‘lsa yoki chiqishlarning so‘zma-so‘z takrorlanishi (stenografiya, audio-, videoyozuvi) bo‘lsa va bu ma’lumotlar haqiqatga mos kelmasa, buning uchun jurnalistga nisbatan javobgarlik belgilansa, albatta, Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan ijtimoiy adolat prinsipiga to‘g‘ri kelmaydi.

Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkin: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 67-moddasi birinchi qismi quyidagi tarzda talqin qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi: “Ommaviy axborot vositalari erkindir va qonunga muvofiq ishlaydi. Ular axborotning to‘g‘riligi uchun belgilangan tartibda javobgardirlar. Qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasnodir”. “Qonunda nazarda tutilgan holatlar bundan mustasnodir” tushunchasi orqali qonunga yoki boshqa ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq normativ-huquqiy hujjatlarga havola bergan bo‘lamiz. Konstitutsiya ustuvorligi prinsipini ham ta‘minlanadi.


[1] Konstitutsiyaviy huquq: darslik. To‘ldirilgan va qayta nashr qilingan ikkinchi nashr. – Toshkent: Yuridik adabiyotlar publish, 2020. -187 bet.  

[2] Mirziyoyev Sh. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. – T.: ”O‘zbekiston”, 2018, 2-tom, 39-bet.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications