Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovining o‘ziga xos xususiyatlari

Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o‘g‘li

Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi

Mamlakatimizda aholi hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan jarayon – fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi yaqinlashib kelmoqda. Zero, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda katta o‘ringa ega.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda demokratik islohotlarning sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani, fuqarolarning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortgani, xususan, ommaviy axborot vositalarida va ijtimoiy tarmoqlarda so‘z erkinligiga berilayotgan jiddiy e‘tibor, shuningdek, saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan nufuzli xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar saylovlarni qonuniylik, adolatlilik, xolislik va oshkoralik prinsiplari asosida o‘tkazish bilan bog‘liq yangi talablarni qo‘ymoqda.

Mamlakatimizda mahalla instituti fuqarolik jamiyatini rivojlantirishda ishonchli poydevorga aylanib bormoqda. Shu maqsadda keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Natijada jamiyat hayotining samarali milliy shakli hisoblangan mazkur noyob tuzilma mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” tamoyilining amaldagi ifodasi bo‘ldi va aholining keng qatlamlarini davlat hokimiyati organlari bilan bog‘lab turuvchi mustahkam ko‘prikka aylandi. So‘nggi yillarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimini takomillashtirish, mahallaning hayotimizdagi o‘rni va ta‘sirchanligini yanada kuchaytirish, vakolatlarini kengaytirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Qayd etilganidek, bu galgi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi jamiyatni yanada isloh qilish va demokratlashtirish, mamlakatni modernizatsiyalash sharoitida bo‘lib o‘tadi. 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq 2018-yilning oktabrida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Unda fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) uch yil muddatga saylanishi, yashirin ovoz berish, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Respublika komissiyasining vakolatlari, fuqarolar vakillarining soni saylovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘lgan fuqarolar umumiy sonining kamida 12 foizini tashkil etishi lozimligi kabi yangi qoidalar mustahkamlab qo‘yildi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovi 2022-yilning may oyida o‘tkaziladi. Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha tadbirlar rejasi, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga doir saylov byulleteni namunasi tasdiqlandi. Shuningdek, Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi tuzilib, tarkibi tasdiqlandi.

Shu o‘rinda “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovining boshqa saylovlardan ya‘ni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati , xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlardan qanday farqli jihatlari mavjud?” degan mantiqiy savol yuzaga chiqadi.  

Birinchidan, ushbu saylovlarni o‘tkazishning prinsiplarida farqlar bor. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish oshkoralik, muqobillik hamda teng saylov huquqi prinsiplari asosida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari  saylovlari umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi.

E‘tibor beradigan bo‘lsak, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovida to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi prinsipi asosiy shart qilib belgilanmagan. Chunki fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) fuqarolar yig‘ini tomonidan, fuqarolar yig‘inini chaqirish imkoni bo‘lmagan taqdirda esa, fuqarolar vakillarining yig‘ilishi tomonidan uch yilga saylanadi. Fuqarolar saylov jarayonlarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishlari asosiy shart qilib qo‘yilmagan. Saylovlarda fuqarolar o‘zlarining vakillari orqali ham ishtirok etishlari ham mumkin. Ya‘ni hovlilar, uylar, ko‘chalardan o‘zlarining vakillari tayinlab, ular orqali ham ishtirok etishlari mumkin.

Ikkinchidan, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishda farqli jihatlar mavjud. Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) sayloviga tayyorgarlik tadbirlarini o‘tkazish muddatlari va tartibi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi.

Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi respublika komissiyasi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan tuziladi. Bunda komissiya tarkibiga Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi vakillari kiritiladi.

Shuningdek, yana alohida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar hududida tegishincha Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar komissiyalari tuziladi. Ularning vazifasi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatishdan iboratdir.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovini tashkil etish va o‘tkazish uchun fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig’ilishi) qarori bilan ishchi guruh tuziladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga  saylovlar esa, Markaziy saylov komissiyasi; viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalari; okrug saylov komissiyalari; uchastka saylov komissiyalari tomonidan tashkil qilinadi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. Bunda tegishli hududda doimiy yashovchi fuqarolarning fikri inobatga olinadi.

Mahallalar kesimida tashkil qilinadigan Ishchi guruh fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarga doir hujjatlarni tayyorlaydi va tuman yoki shahar hokimi bilan kelishish uchun tegishli komissiyaga saylovdan kamida o‘n kun oldin taqdim etadi. Hujjatlarga fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarning o‘z nomzodi ko‘rsatilishiga yozma roziligi ilova qilinadi.

Tuman yoki shahar hokimi fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga taqdim etilgan nomzodlarning hujjatlarini ko‘rib chiqadi va o‘zining ushbu nomzodlar bo‘yicha asoslantirilgan xulosalarini keyinchalik ishchi guruhlarga topshirish uchun tegishli komissiyalarga yuboradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida esa, nomzodlar siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi.

Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli)ga saylovlarning o‘ziga xos tomonlarini ko‘ra turib, shunday xulosaga kelishimiz mumkin: Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) ga saylovlarni siyosiy jarayon deb emas, aksincha aholining keng qatlamlarini davlat hokimiyati organlari bilan bog‘lab turuvchi o‘ziga xos tizimning yaratilish jarayoni deb nomlasak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications