Qudratillayev Jaxongir Zokirjon o’g’ri
Toshkent Davlat yuridik universiteti, Konstitutsiyaviy huquq kafedrasi o’qituvchisi
Jurnalist va bloger
Ommaviy axborot vositalarining erkinligi, eng avvalo, ularning xodimlari ya‘ni, jurnalistlarning erkinligi bilan bog‘liq. Jurnalistik faoliyatini erkinligini ta‘minlamay turib, ommaviy axborot vositalarining erkinligi haqida gapirishning o‘zi noo‘rin. Chunki axborot ommaviy axborot vositalarida jurnalistlar tomonidan tarqatiladi.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun jurnalistlar faoliyati bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solib turadi.
Jurnalistning erkinligini ta’minlovchi qonun bo‘lishining o‘zi kifoya emas, u bu erkinlikdan to‘g‘ri va maqsadli foydalanishi uchun yetarli bilimga, malakaga ega bo‘lishi kerak.
Shuning uchun mamlakatimizda jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari xodimlarini tayyorlashga, qayta tayyorlashga alohida e’tibor berilmoqda. Ularni tayyorlash jahon tajribalariga mos ravishda yo‘lga qo‘yilgan.
Avvalgi jurnalistlar tayyorlash maskanlari qayta tashkil qilindi, zamonaviy jihozlar bilan jihozlandi. Oliy o‘quv yurtlari qoshida xalqaro jurnalistlar tayyorlovchi fakultetlar, kurslar ochildi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 26-fevraldagi «Jurnalist kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi Qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2005-yil 2-iyundagi «O‘zbekiston Milliy universiteti huzurida ikki yillik maxsus Oliy jurnalistika kursini ochish to‘g‘risida»gi[1] hamda 2018-yil 24-maydagi «O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorlarining qabul qilinishi muhim ahamiyat kasb etdi.
Bugungi kunda ommaviy axborot vositalarida tarqatilayotgan har qanday axborotlar, yangiliklar ortida, ularning mualliflari, muharrirlar, jurnalistlar, va so‘nggi kunlarda anchagina ommalashib ulgurgan blogerlar faoliyati turadi. Shu o‘rinda jurnalistik va blogerlik tushunchasi, ularning faoliyati, erkinligi doirasi haqida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq.
Jurnalistika – bu kun yangiliklari bo‘lgan va jamiyatni ma’lum darajada xabardor qilish maqsadida voqealar, faktlar, g‘oyalar va odamlarning o‘zaro ta’siri haqida xabarlar tayyorlash va tarqatish sohasi hisoblanadi. Qisqa qilib aytganda, jurnalistika bu gazetalar, jurnallar yoki yangiliklar veb-saytlari uchun yozish yoki efirga uzatiladigan yangiliklarni tayyorlash faoliyati hisoblanadi.
Jurnalistika ham ommaviy axborot vositalari tarkibiga kiradi va quyidagi turlarda bo‘lishi mumkin:
- bosma nashrlar;
- televideniye;
- radio;
- internet.
Yuqorida berilgan ta’riflarga asoslanib, jurnalistikani quyidagi turlarga ajratishimiz mumkin:
Radioeshittirish jurnalistikasi – radio yoki televideniya uchun yozma yoki og‘zaki jurnalistika;
Biznes jurnalistikasi – jamiyatda sodir bo‘layotgan biznes, iqtisodiy va moliyaviy faoliyat va o‘zgarishlarni kuzatib boradi, qayd etadi, tahlil qiladi va sharhlaydi;
Interaktiv jurnalistika – internetda taqdim etiladigan onlayn jurnalistikaning bir turi;
Surishtiruv jurnalistikasi – ijtimoiy muammolarni ochib beradigan, chuqur reportajga asoslangan jurnalistika;
Fotojurnalistika – haqiqiy voqea-hodisalarni tasvirlar orqali ochib berish va o‘quvchilarga yetkazish amaliyoti;
Siyosiy jurnalistika – jahon siyosiy maydonidagi voqealarni va siyosatshunoslikning barcha jabhalarini yoritishni o‘z ichiga olgan turi;
Sport jurnalistikasi – sport olamida va shu mavzuga bog‘liq bo‘lgan xabarlarni yozish bilan shug‘ullanuvchi faoliyat turi;
Tabloid jurnalistika – yengil va qiziqarli yozishga asoslangan jurnalistik turi sanaladi;
Sariq jurnalistika (yoki sensatsiya) – bo‘rttirilgan xabarlar yoki mish-mishlarga urg‘u beradigan turi sanaladi. Bu turga mansub xabarlar jamiyatga ortig‘i bilan bo‘rttirilib yetkaziladi;
Global jurnalistika – dunyo bo‘yicha ro‘y berayotgan yangiliklar va global muammolarni o‘z ichiga olgan jurnalistika;
Urush jurnalistikasi – jahonda yuz berayotgan urushlar va qurolli mojarolarni yoritishga xizmat qiladigan jurnalistika turi.
Jurnalistikaning ushbu turlari jahonda tan olingan jurnalistik faoliyatlar hisoblanadi va ushbu faoliyatlar yuqorida keltirilgan jurnalistikaning turlari orqali amalga oshiriladi. Endi esa bevosita ushbu faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs, ya’ni jurnalist tushunchasiga to‘xtalsak, jurnalist deganda, matn, audio yoki rasm ko‘rinishidagi ma’lumotlarni to‘playdigan, ularni yangilikka arziydigan shaklda qayta ishlovchi va ommaga tarqatuvchi shaxs tushuniladi.
Shu o‘rinda jurnalistik faoliyatning erkinligi doirasi, ya’ni uning faoliyatini tartibga solish chegaralari haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda ushbu sohada qator keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilib kelinmoqda. Jurnalistik faoliyatni tartibga solish uchun qonunchilik tizimimizda mavjud bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlardan misol keltiradigan bo‘lsak, ularga:
- “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun;
- “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonun;
- “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun;
- “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun;
- “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonun;
- O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi hududida xorijiy davlatlar ommaviy axborot vositalari muxbirlarining kasb faoliyatini tartibga soluvchi asosiy qoidalarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori;
- “Ommaviy axborot vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha davlat xizmati ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” kabi normativ-huquqiy hujjatlarni misol qilib olishimiz mumkin.
Ushbu hujjatlarda, jurnalistik faoliyat, ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish tartibi, uning davlat bilan aloqalari, ushbu sohaning tartibga solinish mexanizmi va shu kabi boshqa muhim ma’lumotlar o‘z ifodasini topgan. Misol uchun, O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 24-apreldagi 402-I-son “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunida jurnalistlik faoliyatini himoya qilish kafolatlari belgilab o‘tilgan va qonunning 3-moddasida jurnalistga huquqiy ta’rif berilgan bo‘lib, unga ko‘ra jurnalist deganda mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs tushuniladi.[2] Mazkur Qonunning 8-moddasiga binoan esa, jurnalist jurnalistlik faoliyatini amalga oshirish chog‘ida shaxs daxlsizligi kafolatidan foydalanadi, tanqidiy materiallar e’lon qilganligi uchun jurnalistni ta’qib qilishga yo‘l qo‘yilmasligi keltirib o‘tilgan. Shuningdek, Qonunning 10-moddasida jurnalistning huquqlari, sha’ni va qadr-qimmati qonun bilan qo‘riqlanishi, davlat jurnalistga axborotni erkin olishi va tarqatishini kafolatlashi, o‘z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirishida uning himoya qilinishini ta’minlashi, jurnalistning jurnalistlik faoliyatiga aralashish, undan o‘z kasbiga doir vazifalarni bajarish chog‘ida olgan biror bir ma’lumotni talab etish ta’qiqlanishi nazarda tutilgan.
“Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 14-moddasida jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik ifodalangan bo‘lib, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning mansabdor shaxslari jurnalistning so‘rov bilan murojaat qilish va zarur axborotni olish huquqini buzganlik; jurnalistga tazyiq o‘tkazganlik, uning jurnalistlik faoliyatiga aralashganlik; jurnalistning materiallari va zarur texnika vositalarini g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yganlik uchun javobgarlikka tortilishlari qat’iy belgilab qo‘yilgan. Shuningdek, jurnalistning ushbu Qonunda belgilangan huquqlarini buzganlik, uning jurnalistlik kasbiga doir faoliyati bilan bog‘liq holda sha’ni va qadr-qimmatini haqorat qilganlik, uning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga tahdid, zo‘ravonlik yoki tajovuz qilganlik qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Bundan tashqari qonunda jurnalistning huquqlari va majburiyatlari (5-6-moddalar), jurnalistlarning kasbga oid odob-axloq qoidalari (71-modda), jurnalistning daxlsizligi (8-modda), jurnalistning kasbiga doir faoliyati kafolatlari (10-modda), jurnalistni akkreditatsiya qilish tartibi (11-modda), chet el jurnalisti akkreditatsiyasining bekor qilinishi (13-modda), jurnalistning javobgarligi (15-modda) kabi masalalar o‘rin olgan va ushbu qonun normalari mamlakatimizda jurnalistik faoliyatni yanada takomillashtirish, uni jadallashtirish va uning faoliyati nazorat qilish mexanizmining shakllanishiga olib keldi deyishimiz mumkin.
So‘nggi yillarda mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar bilan bog‘liq vaziyatning yanada ijobiylashganini ko‘rgan Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot bu haqida ba’zi fikrlarni aytib o‘tgandi. Uning 2022-yil 4-aprel kuni Alter Ego loyihasi uchun bergan intervyusida so‘z va matbuot erkinligi ko‘p jihatdan islohotlar jarayonining asosiy yutuqlaridan biri ekanligini alohida ta’kidlagan. Shuningdek, elchi jonli blogosferaning paydo bo‘lishini, haqiqiy mustaqil ommaviy axborot vositalari, mustaqil jurnalistlar, qiziqarli onlayn-medianing (Kun.uz, Gazeta.uz, axborot agentliklari va boshqalar) paydo bo‘lishini katta o‘zgarish deb atagan.
“Bu o‘zgarish va harakat, islohotlarning barchasi optimizmni yanada ilhomlantiradi va ular chindan ham muhim rol bajaradi. Butun islohotlar jarayonida ommaviy axborot vositalarining roli haqiqatni aytish, mamlakatda yuz berayotgan barcha voqea-xodisalarni yoritish, davlat hokimiyatini javobgarlikka tortish, balki hukumatning jamiyat bilan muloqot qilishiga va o‘zining maqsad hamda vazifalari to‘g‘risida gapirib berishiga ko‘maklashish, hukumat bilan munozaralarni rag‘batlantirishdan iborat. Shunday qilib, ko‘pgina ijobiy ishlar bo‘lmoqda»,[3] — degan edi Tim Torlot o‘z intervyusida. Ushbu ma’lumotlar jurnalistik faoliyatni yoritish uchun edi. Endi esa bevosita keyingi faoliyat, ya’ni, kundan kunga ommalashib borayotgan blogerlik faoliyati haqida ham to‘xtalib o‘tamiz.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda blogerlik faoliyati ham anchagina ommalashib ulgurdi. Blogerlar faoliyatni deyarli har kuni kuzatamiz. Aslida blogerlik qanday kasb yoki qanday faoliyat?
Bloger – bu internetda shaxsiy blog yaratib, uni boshqaruvchi va o‘z blogiga har kuni yangi maqolalar qo‘shib boradigan siz va bizga o‘xshagan insonlar. Blog har bir insonning shaxsiy kundaligiga o‘xshab ketadi. Faqat kundalikning internetda joylashgan turi. Blogni yurituvchi odam bloger hisoblanadi. Barcha odamlar bloger bo‘lishi mumkin. Faqat u o‘z blogiga odamlarga qiziqarli bo‘lgan maqolalarni, ma’lumotlarni joylab borishi kerak va yaratgan blogi odamlarga foydali bo‘lishi, ularni qiziqtira olishi kerak.
Jurnalistikdan farqli o‘laroq, blogerlarni 3 turga ajratishimiz mumkin:
- Video blogerlar
- Maqolachi blogerlar
- Foto blogerlar
Video blogerlar – blogini video shaklida yuritadi.
Maqola yozuvchi blogerlar – bu an’anaviy tekst formatidagi bloglar hisoblanadi. Bunda bloggerlar maqola yozib borishadi. Foydali taraflari barcha 3 turdagi blogerlikni o‘z ichiga oladi. Tekst formatidagi maqolaga ham foto, ham video joylashtirsa bo‘ladi.
Foto blogerlar – bunda odamlar o‘z bloglariga foto joylashtirib borishadi. Albatta, o‘zlari suratga olgan fotolarni.
Blogerlar o‘z navbatida bloglar yuritishadi. Bu xuddi kundalikka o‘xshab ketadi, lekin bu internet maydonidagi kundalikdir. Uni hamma kuzatib boradi.
Blog nima ekanligini tushunish uchun avval blog va veb-sayt o‘rtasidagi farqni ko‘rib chiqish kerak. Blog va veb-sayt o‘rtasidagi farq nima? Blog bu – veb-saytning bir turidir. Bugungi kunda internetda ko‘plab veb-saytlar mavjud, ammo barcha veb-saytlar blog sifatiga mos kelmaydi. Blog kontentni muntazam yaratish va tarqatishga qaratilgan. Bloglarda e’lon qilingan kontent odatda bloger ishtiyoqi bo‘lgan yoki yoqtiradigan muayyan mavzu yoki sohaga asoslanadi. Blog muntazam ravishda yangi postlar bilan yangilanadi, u an’anaviy veb-saytga qaraganda kamroq o‘quvchilar, obunachilarga ega bo‘ladi va odatda sharhlar qoldirish orqali kontent bilan o‘zaro aloqada bo‘lishlari mumkin.
Blog va boshqa veb-saytlar o‘rtasidagi yagona haqiqiy farq shundaki, bloglar muntazam ravishda yangi postlar bilan yangilanib turiladi va ular teskari xronologik tartibda ko‘rsatiladi, ya’ni eng oxirgi qo‘yilgan post eng boshida turadi. Oddiy veb-saytlar statik xususiyatga ega bo‘lib, unda kontent sahifalarda tartibga solinadi va ular tez-tez yangilanmaydi. Holbuki, blog dinamik bo‘lib, u odatda tez-tez yangilanadi. Ba’zi blogerlar kuniga bir nechta yangi maqolalar nashr etadilar. Ba’zi hollarda bloglar kattaroq veb-saytning bir qismi bo‘lishi mumkin. Masalan, hozirgi vaqtda ko‘pgina kompaniya va korxonalarning o‘z vey-saytlari mavjud. Ular o‘z mijozlariga muntazam ravishda xizmat ko‘rsatish uchun blog bo‘limiga ega.
Shu o‘rinda yuqorida ko‘rib chiqilgan ikki faoliyat turi jurnalistik va blogerlik faoliyati haqida batafsil to‘xtalib o‘tsak maqsadga muvofiq. Quyida biz bloger va jurnalist o‘rtasidagi farqlarni batafsil tahlil qilamiz.
Ko‘pchilik bloger va jurnalist o‘rtasida farq borligini anglamaydi. Ikkalasi ham bir xil vazifani bajaradi deb o‘ylashadi. To‘g‘ri, bu ikki kasb vakillari bir-biriga juda o‘xshash va faoliyati ko‘p jihatdan o‘zaro bir-biriga bog‘liqdir. Lekin ular o‘rtasida ba’zi farqlar bor. Ular o‘rtasidagi asosiy farqlardan biri shundaki, jurnalistlar har bir yozgan narsasida faktlar bilan ishlaydi, blogerlarning postlarida esa muallifning fikri mavjud bo‘ladi. Ba’zi blogerlar ommaviy axborot vositalari yoki jurnalistlar tomonidan yangilik yoki xabarlar chiqarilishini kutishlari kerakligini tan olishadi, chunki ular ma’lum xabarni o‘z auditoriyasiga taqdim etishdan oldin asos bo‘lishi kerak. Xullas, ikkalasi o‘rtasida raqobat mavjud bo‘lsa-da, ular bir-biriga suyanishadi. An’anaviy jurnalistika bo‘lmasa, blogerlar blog uchun ma’lumotsiz qolishadi.
Bundan tashqari jurnalist mehnatga oid yoki boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari uchun xabarlar va materiallarni to‘plash, tahlil etish, tahrir qilish, tayyorlash hamda tarqatishga doir faoliyatni amalga oshiruvchi shaxs bo‘lsa, bloger hech qanday shartnomaviy munosabatga kirishmaydi, faqatgina o‘z blogida o‘zining shaxsiy fikrlarini berib boradi.
Bloger va jurnalistning tarqatgan ma’lumotlarining to‘g‘riligi uchun javobgarlik masalasi ham har xil. Ya’ni jurnalist jurnalist sifatida, bloger esa oddiy shaxs-fuqaro sifatida javobgarlikka tortiladi.
Blogerlarning jurnalistlardan ba’zi ustun jihatlari mavjud bo‘lib, bu yangiliklarni ommaga tez yetkazishdir. Aholi jurnalistlardan ma’lum axborotni olish vaqtida bu material qog‘ozga chop etilishini yoki keyingi televideniya dasturini yoki bo‘lmasa, radio ko‘rsatuvini kutishlari kerak. Blogerlar esa xohlagan vaqtda bir necha soniya ichida yangi ma’lumotlarni o‘z bloglarida e’lon qilishlari mumkin. Ma’lumot o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, hozirgi vaqtda O‘zbekiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan deyarli barcha ommaviy axborot vositalari va jurnalistik tashkilotlarning ijtimoiy tarmoqlarda, messenjerlarda o‘z rasmiy veb-sahifalari, kanallari mavjud.
Endi esa blogerlik faoliyatining qonunchilik tizimidagi ahamiyati va o‘rni haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga bloger atamasi rasmiy ravishda 2014-yilda kirib kelgan. Ya’ni 2014-yil 4-sentyabr kuni «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun qabul qilindi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 11-dekabrda qabul qilingan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonuniga qo‘shimcha kiritilib, blogerlarga oid normalar qabul qilindi. Qonunning “Asosiy tushunchalar” deb nomlangan
3-moddasiga “bloger” atamasiga ta’rif beruvchi norma qo‘shildi. Unga ko‘ra, bloger — internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxs.[4]
Shu o‘rinda bir savol tug‘ilishi mumkin. Ijtimoiy tarmoqning foydalanuvchilari ham bloger hisoblanadimi? Bu biroz o‘ylantiradigan savol. Chunki “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 3-moddasida aynan mana shu masalaga oydinlik kiritilmagan. Bu savolga huquqshunos, blogger Xushnudbek Xudoyberdiyev quyidagicha javob bergan: “Qonun matnida “o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga ega jismoniy shaxs” deyilgan. Bu yerda veb-sayt tushunarli, ammo “veb-sayt sahifasi” deyilganda aynan nima nazarda tutilganligi noma’lum. Agarda ijtimoiy tarmoqlarni, aytaylik, “Facebook” yoki “Twitter”ni veb-sayt deb olsak, unda ochilgan profillarni veb-sayt sahifasi deb qabul qilsak, unda ijtimoiy tarmoqning barcha foydalanuvchilarini bloger sifatida e’tirof etish joiz bo‘ladi. Ya’ni ijtimoiy tarmoqda biror status, biror fotosurat qoldirgan va hamma erkin foydalanishi va muhokama qilishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtirgan har qanday jismoniy shaxs bloger maqomini oladi.” Shu o‘rinda Xushnudbek Xudoyberdiyev qonun matni haqiqatdan ham yuqoridagi kabi talqin qilinadigan bo‘lsa, bu norma blogerlikning asl mohiyatiga zid bo‘lishini, ijtimoiy tarmoqlarning har qanday foydalanuvchilari ham bloger sifatida e’tirof etilmasligi lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Qonunning mana shu qismida, ya’ni aynan kimlarga nisbatan bloger atamasini qo‘llash mumkinligiga yetarlicha aniqlik kiritilmagan. Qonun bo‘yicha izohlaydigan bo‘lsak, har qanday foydalanuvchi bloger maqomiga ega bo‘lib qolishi mumkin. Yangi qabul qilingan qo‘shimchalar loyihasi ustida ishlash jarayonida huquqshunos-mutaxassislar blog o‘zi nima va uning mazmun-mohiyati nimadan iborat ekanligini puxta o‘rganib chiqmaganligi ma’lum bo‘lmoqda.
Demak, bloger deb ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy blogi bor bo‘lgan shaxsga aytiladi. Blog bu shaxsiy veb-sayt sahifasi bo‘lib, unda shaxs yoki bir guruh shaxslar ma’lum mavzu va axborot materiali yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildiradi. Masalan, O‘zbekistonda hozir ko‘p sonli obunachilari bo‘lgan quyidagi bloglarni sanab o‘tish mumkin – Xushnudbek.uz, Troll.uz yoki DavronFayziyev kabilar. Blogerlar ma’lum ijtimoiy masala, axborot, voqea-hodisa bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini boshqalar bilan ijtimoiy tarmoq orqali ulashishni afzal ko‘radilar. Blogda joylashtirilgan axborot materiali fikr-mulohaza, e’tiroz, taxmin, tanqiddan iborat bo‘lishi mumkin.
Bloglar so‘z erkinligidan foydalanishning o‘ziga xos va zamonaviy usulidir. Fikrlash va so‘z erkinligi esa konstitusiyaviy huquq hisoblanadi. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 33-moddasiga ko‘ra, har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega bo‘lib, davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi..[5]
Ammo blogerlarning ba’zilari jurnalist bo‘lsa ham, ularning faoliyati jurnalistik faoliyat emas. Shuning uchun ularga jurnalistlarga qo‘yiladigan talablarni qo‘yish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi. Blogerlar, asosan, turli mavzular haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildiradilar. Buning uchun professional jurnalist yoki jurnalistika sohasida o‘qigan bo‘lishi talab qilinmaydi.
“Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida”gi Qonunning
11-moddasiga ko‘ra, jurnalist axborot materialini tayyorlashda, imkon boricha, ishonchli manbalardan foydalanishi, ularning to‘g‘riligini tekshirishi lozimligi va javobgarlik masalasi belgilangan.[6]
Jurnalistdan xolislik va muammoni imkoniyat doirasida kengroq yoritish talab qilinadi. Blogerlardan esa bularning birortasi talab qilinmaydi, talab qilish esa so‘z erkinligining jiddiy buzilishiga sabab bo‘ladi. Chunki jurnalistikaning asosiy maqsadi ma’lumotni tarqatish, blogerlikda esa o‘z fikrini ifoda etishdir.
“Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonundagi normaga muvofiq, “ … hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishi shart”, degan talab qo‘yadi. Blogerlar va umuman ijtimoiy tarmoqlarda faol foydalanuvchilarga bunday talabning qo‘yilishi ularning so‘z erkinligi huquqini jiddiy cheklaydi. Axborot materialini internetga joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishni jurnalistlardan talab qilish mumkin. Blogerlar eng avvalo, o‘z fikrini erkin ifoda qiladigan kishilardir. Shu sababli bloger tomonidan o‘z blogiga joylashtirilgan “Yevropada pul topishning eng samarali usullari” yoki “Uyda isiriq tutatish ko‘z tegishidan, kasal bo‘lishdan asraydi” mazmunidagi axborot materiali yoki fikr-mulohazaning to‘g‘riligini tekshirish shart emas.
Yuqoridagi qonunning 12-moddasida esa veb-sayt va veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan, bloger tarqatishi taqiqlangan axborot materiallari turlarining ro‘yxati belgilab qo‘yilgan. Mazkur ro‘yxatga ko‘ra, jumladan, mavjud konstitusiyaviy tuzumni, hududiy yaxlitlikni zo‘rlik bilan o‘zgartirishga da’vat etish; urush, zo‘ravonlik, terrorizm, diniy ekstremizm, separatizm va fundamentalizm g‘oyalarini targ‘ib qilish; milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish taqiqlanishi keltirib o‘tilgan.[7] Qonun normasi veb-sayt yoki veb-sayt sahifasi egasidan axborot materialini joylashtirishdan avval uning to‘g‘riligini tekshirishni ham talab qiladi. Mazkur normalar bajarilmagan holda tegishli veb-sayt yoki veb-sahifa O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda maxsus vakolatli organ tomonidan cheklanishi mumkinligi aytilgan.
Mazkur qonundagi yana bir muammo shundaki, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 121-moddasida “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish”[8]ning taqiqlanishini nazarda tutuvchi norma mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga ko‘ra, “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atish” man etiladi. Mazkur qilmishga nisbatan Jinoyat Kodeksining 156-moddasida ham, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 1843-moddasi ham tegishli sanksiya belgilangan. Bu normaning bloger uchun qo‘llanilishi qanchalik to‘g‘ri? Bu fikrni ba’zi misollar yordamida batafsilroq tushuntirish mumkin. Misol uchun, universitetda o‘qiydigan bloger talabalardan biri o‘z blogida, rektorning bir guruh talabalarni dalasida ishlatayotgani haqida post qoldirib, obunachilariga bu haqida xabar berdi. Bunday axborot materialining qo‘yilishi rektorning “ishchanlik obro‘siga” putur yetkazadimi? Sha’ni va qadr-qimmatigachi? Albatta, yetkazadi. Blogerning bu harakati jazolanishi kerakmi? Yo‘q. Sababi, bu yerda yolg‘on axborot mavjud emas (agar haqiqatan shu holat bo‘lgan bo‘lsa). Yuklangan postdagi axborot asosli bo‘lganligi uchun, garchi, rektorning ishchanlik obro‘siga, sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazgan bo‘lsa ham, javobgarlikka tortilmasligi kerak deb o‘ylayman.
Rus millatiga mansub talaba shaxsiy blogida “O‘zbeklar o‘z farzandlarini beshikka belashi go‘dakka bo‘lgan g‘ayriinsoniy munosabat,” – deb yozishi o‘zbeklarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadimi? Ma’lum miqdorda, yetkazadi. Ammo bunday fikr bildirish taqiqlanishi kerakmi? Yo‘q. Chunki bu yerda fikr erkinligi mavjud. Qonunda bunday normaning mavjudligi so‘z erkinligini butunlay yo‘qqa chiqarishi bilan ijtimoiy xavfli bo‘lishi mumkin.
Bloger tomonidan voqeaga, biror masala yoki muammoga fikr bildirish yoki turli mavzuda xabarlar yozish, kimningdir sha’ni va qadr-qimmatiga zarar yetkazishi mumkin. Biroq bunday axborotning aksariyati jiddiy ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘ladi. Bu axborot haqida jamoatchilik xabardor bo‘lishi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Blogerlarning ahamiyati ham mana shu yerda. Ular orqali qo‘lga kiritish qiyin bo‘lgan, ammo ijtimoiy ahamiyati o‘ta yuqori bo‘lgan axborot va ma’lumotlarga ega bo‘lish mumkin bo‘ladi.
Yuqoridagi muammoga to‘xtaladigan bo‘lsak, mazkur masalaga yechim sifatida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonunning 121-moddasida “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish” degan qismini “milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovat qo‘zg‘atuvchi, shuningdek, fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi yolg‘on axborotni tarqatish” deb o‘zgartirish kerak. Mana shu holatda mazkur norma buzilgan taqdirda MJtKning 2022-moddasi bilan javobgarlikka tortish mumkin. Sababi ikkalasida ham yolg‘on axborot mavjud.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi. Aslida, blogerlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini to‘liq nazorat qilish kerakmi?
Veb-sahifalar va bloglarni nazoratda ushlab turishning imkoniyati ham, iloji ham yo‘q. Buning uddasidan shu kungacha hali biror bir davlat chiqmagan. Sababi internetdagi cheklovlarni aylanib o‘tish texnologiyadan ozgina xabari bo‘lgan shaxs uchun hozirgi kunda muammo emas. Masalan, 2021-yil iyul oyida “Twitter” va “Tik Tok” bloklandi. Bu ijtimoiy tarmoq uchun qo‘yilgan bu taqiqlar ushbu tarmoqlar foydalanuvchilari, xususan, bu yerda faoliyat olib borayotgan blogerlar uchun hech qanday muammo keltirib chiqarmadi. VPN orqali hozirgacha qiyinchiliksiz foydalanib kelishmoqda. Ya’ni Internet tarmog‘ida ma’lum ta’qiqni chetlab o‘tish muammo emas, bu yerda har doim ikkinchi yo‘l bo‘ladi.
Albatta, tor doiradagi ba’zi masalalar davlat tomonidan tartibga solib turilishi shart. Jumladan, qonun to‘g‘ridan to‘g‘ri zo‘ravonlik qilishga yoki pornografik materiallarni tarqatishga qaratilgan axborotlar, fikrlar va materiallarni haqli ravishda cheklashi kerak, zero O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasida fuqarolar o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, davlat va jamiyatning qonuniy manfaatlari, huquqlari va erkinliklariga putur yetkazmasliklari shartligi belgilab qo‘yilgan.[9] Ammo bu yerda qilinayotgan zararning xarakteri aniq belgilab qo‘yilishi kerak. Aks holda, huquqlar o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotadi.
Shuning uchun davlat samarasiz cheklovlar orqali emas, balki chin ma’nodagi fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya uslubidan foydalanishi kerak. Davlat fikr va mulohazalar erkin ifoda etiladigan zamin, o‘ziga xos fikrlar bozori yaratilishiga yo‘l qo‘yib berishi kerak. Shunda fikrlar bozorida hamisha zo‘ravonlikka qarshi murosani, millatchilikka qarshi bag‘rikenglikni, qonunsizlikka qarshi qonun ustuvorligini targ‘ib qiluvchi topiladi.
Nazariy savollar:
- Jurnalistika nima?
- Jurnalistikaning turlari?
- Bloger deganda kimni tushunasiz?
- Blogerlikning qanday turlarini bilasiz?
- Jurnalist va blogerni o‘xshashlik va farqli jihatlarini ayting?
- Blogerlar faoliyati qonun bilan tartibga solinishi kerakmi?
[1] Азизхўжаев А. ва бошқалар. Ўзбекистон Республикасининг Конституциясига шарҳ. – Т.: «Шарқ», 2008, 259-бет.
[2] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-сон
[3] Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Tim Torlot Alter Ego loyihasiga bergan intervyusidan. 2022-yil 4-aprel. www.youtube.com sayti, Alter Ego kanali.
[4] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-son
[5] Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi 09.02.2021 й., 03/21/671/0093-son
[6] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-son
[7] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-son
[8] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 й., 03/21/683/0375-son
[9] Qonun hujjatlari milliy bazasi, 09.02.2021 й., 03/21/671/0093-son