El-yurt taqdiri mening taqdirim

Abdikulova Lola Yunus qizi

O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
“Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishi 1-kurs talabasi

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishganidan so‘ng  barcha sohalarni tubdan takomillashtirish maqsadida ko‘plab islohotlar amalga oshirila boshlandi. Olib borilayotgan bu yangilanishlar hamda islohotlarning tub zamirida avvalo inson manfaati, qadr-qimmati  yotadi va ularning barchasi inson farovonligini ta’minlashga xizmat qiladi. Yurtimizdagi islohotlar barcha vatandoshlarimiz, xususan, yoshlar uchun juda keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Mazkur imkoniyatlarni har bir sohada yoshlarning o‘rni borligi ta’kidlanayotganidan, ularni sog‘lom, ilmli, mafkuraviy immuniteti shakillangan, fidoiy inson bo‘lib yetishishlari uchun barcha qulayliklar yaratilayotganidan ham ko‘rishimiz mumkin.

Mening hayotimga ham bu berilayotgan imkoniyatlarning juda ulkan ijobiy ta’siri bor, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki yoshligimdan ham jismonan ham ma’nan rivojlanish uchun juda ko‘plab to‘garaklar va qo‘shimcha darslarda ishtirok etganman. Jumladan, 6 yoshimdan boshlab, avvalo sog‘lom bo‘lishim, qolaversa qomatimning  chiroyli va to‘g‘ri shakillanishi uchun ota-onam  sportning badiiy gimnastika turi bo‘yicha maktabimizda ochilgan to‘garak mashg‘ulotiga olib borganlar. Bu mening nafaqat sog‘lom bo‘lishimga balki irodali, qatiyatli va kirishuvchan bo‘lishimga ham yordam bera olgan. Buning ortidan ko‘plab yutuqlarga ham erishganman, xususan, bir-necha marotaba tuman, viloyat bosqichlarida g‘olib bo‘lib, respublika bosqichiga ham chiqqanman. Bu yutuqlarimning e’tiborli jihati shundaki, bundan 10 yillar oldin ham  O‘zbekiston Respublikasida boshqa sport turlari qatori faqat qizlar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan sport – badiiy gimnastikaga juda katta e’tibor berilgan edi.

Bilamizki, millatning yuksalishi uchun yoshlar ma’naviyatli va barkamol bo‘lishi kerak. Shuning uchun ham yurtimizda xalqimiz, ayniqsa, yoshlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbusi bilan olib borilayotgan ko‘plab islohotlarning markazidan kitobxonlik, uni keng targ‘ib qilish kabi yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishga qaratilgan chora-tadbirlar o‘rin egallagan. Buning yaqqol misolini “Besh muhim tashabbus” va “Harakatlar strategiyasi”da ko‘rishimiz mumkin. Besh muhim tashabbusning 4-yo‘nalishi – “Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish” bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga bag‘ishlangan edi. Kitobxonlik bo‘yicha yurtboshimiz tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan bir qancha kitobxonlik tanlovlari tashkil etilgan bo‘lib, bular: “Yosh kitobxon”, “Kitobxon oila”, “Kitobxon mahalla” va boshqalardir.  Men ham mazkur jarayonlar ishtirokchisi sifatida maktablar o‘rtasida o‘tkazilgan kitobxonlik tanlovining tuman bosqichida 1-o‘rinni olganman va bu meni yanada ko‘proq ilm olishga, ma’rifatimni oshirishga undagan. Shundan beri badiiy asarlar o‘qish mening sevimli mashg‘ulotim bo‘lib qolgan. Mamlakatimizda ilmli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va taqdirlash yetarlicha amalga oshirilmoqda deb o‘ylayman. Chunki, Guliston davlat universiteti qoshidagi akademik litseyning  “Huquqshunoslik” yo‘nalishida ta’lim olayotgan vaqtimda menga bir martalik “Litsey iftixori” stipendiyasi berilganda buning shaxsan guvohi bo‘lganman. Menga berilgan yuksak ishonchni oqlash uchun ham butun vujudim bilan harakat qilib, litseyni qizil diplom bilan tamomlashga muvaffaq bo‘lganman.

Yoshligimdan huquqshunoslik sohasi butun diqqat-e’tiborimni tortgan va o‘ziga jalb qilgan. Mamlakatimizda bugungi kunda yoshlarning o‘zlari qiziqqan sohasida ta’lim olishi uchun yetarlicha oliy o‘quv yurtlari mavjud bo‘lib, kerakli sharoitlar yaratilgan. 2022-yil 28-noyabrda prezidentimizning “Jinoyatlarni tergov qilish sohasida malakali kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF-257-son farmoni qabul qilingan bo‘lib uning asosida Bosh prokuratura Akademiyasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi tashkil etildi va 2023-2024-yil uchun qabul e’lon qilindi va men mazkur ta’lim dargohi talabasi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘ldim. Nafaqat men, balki butun oila a’zolarim uchun ham ushbu dargohning “Prokurorlik faoliyati” yo‘nalishiga talabalikka tavsiya etilganimni eshitgan kun hayotimizdagi eng baxtli kunlardan biri edi. Aynan bu oliy o‘quv yurtida tahsil olayotganimni shu paytgacha erishgan eng katta muvaffaqiyatimdan biri deb hisoblayman. Chunki akademiyamizda talabalarimiz ilm olishi, shaxsiy rivojlanishi uchun juda ham ko‘p qulayliklar yaratilgan.

E’tiborli jihatlaridan biri shuki, hozirgi kungacha ustoz-shogirdlik an’analari saqlanib qolgan. Ya’ni har bir talaba akademiyamizning bilimli, malakali, ilmiy salohiyati yuqori bo‘lgan professor-o‘qituvchilari bilan ustoz-shogirdlik an’analarini davom ettirmoqdalar hamda ulardan yuridik sohadagi ilm sirlarini yanada chuqurroq o‘rganish, to‘g‘ri yo‘l-yo‘riq olish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar. Bundan tashqari, har bitta modul doirasida ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlar alohida e’tibor bilan zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo‘llagan holda olib boriladi. Seminar mashg‘ulotlaridan tashqari ma’ruza mashg‘ulotlarida ham talabalar ishtiroki “Flipped class” usuli orqali ta’minlanmoqda va bu darslarning jonli va qiziqarli, fikrlar va munozaraga boy bo‘lishiga xizmat qilmoqda. Qisqa qilib aytadigan bo‘lsak, kelajakda yetuk kadr bo‘lib yetishishimiz uchun barcha imkoniyatlar yetarli, ulardan to‘g‘ri va to‘liq foydalana olsak bas.

Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning barchasi zamirida bitta asosiy maqsad bo‘lib, bu – insonlarning hayot tarzini yaxshilash, adolatli fuqarolik jamiyati qurish. El-yurt taqdiri deganda davlatimiz kelajagi nazarda tutiladi. Kelajakning qanday bo‘lishi esa bugungi amalga oshirilayotgan islohotlarga bog‘liq. Yangi O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan eng yuksak maqsad ya’ni chiqish uchun harakat qilayotgan eng yuqori cho‘qqi bu adolatli fuqarolik jamiyatini qurishdir. Men ham o‘z taqdirim orqali ya’ni bo‘lajak prokuror sifatida davlatimizning bu missiyasi bajarilishiga o‘z hissamni qo‘shmoqchiman.

Mening kelgusida yetuk huquqshunos sifatidagi faoliyatimda akademiyada olgan bilimlarim va ko‘nikmalarim yordam beradi. Hozirda endigina 1-kurs bo‘lishimga qaramay huquq olamining barcha sohalarini o‘zlashtirishga harakat qilmoqdaman. Birgina Konstitutsiyaviy huquq fanining o‘zida qo‘shimcha ravishda yuzlab normativ-huquqiy hujjatlarni o‘qidim. Huquq sohalarining murakkabligini inobatga olsak, bu murakkablikni yengishda ustozimiz N.Azizovning maslahatlari, tushuntirishlari foyda bermoqda. Xususan, Davlat-huquqiy fanlar kafedrasi tomonidan tashkil etilgan to‘garaklarda innovatsion ilmiy-amaliy tadqiqot metodlarini va yuristga zarur ko‘nikmalarni o‘zlashtirmoqdaman. Chunki bizga huquqiy bilimlar o‘rgatilishi bilan bir qatorda  huquqni qo‘llash amaliyoti, huquqiy normalarning hayotiyligi (jonli huquq nazariyasi) masalalari amaliy misollar yordamida tushuntirilmoqda. Chunki men kelajakda prokuror bo‘lsam, qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazorat funksiyasini amalga oshiraman. Ya’ni fuqarolarning huquq va erkinliklarini, davlat va jamiyatning manfaatlarini himoya qilaman.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, biz yoshlarga berilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, yurtimiz manfaati uchun xizmat qiladigan, foydasi tegadigan, fidoiy, vatanparvar inson bo‘lib yetishishimiz zarur. Insonlar “Prokuror” so‘zini eshitganda, faqat qoralovchi emas, avvalo adolatni ta’minlovchi huquq posboni ko‘z o‘ngida gavdalanishi va shunga yarasha ishonch shakllanishi uchun barcha jabhalarda qonuniy faoliyat yuritishga va adolatli bo‘lishga harakat qilaman.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications