Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi va qonunga muvofiq faoliyat yuritishi

Ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyat yuritishi, ularga tazyiq o‘tkazmaslik ular ishining muvaffaqiyatli bo‘lishi, samara berishining garovidir.

Konstitutsiyaning 81-moddasida ommaviy axborot vositalari erkinligi va qonunga muvofiq ishlashi belgilangan. Demak, ommaviy axborot vositalari erkin ishlashi va qonunlar asosida o‘z faoliyatini tashkil qilishi kerak.

Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ishlar natijasida ularning erkinligini ta’minlovchi qator huquqiy hujjatlar qabul qilindi.

Ommaviy axborot vositalari sohasi hamda uning tarmoqlari tegishli qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi. Quyida esa ular haqida qisqacha to‘xtalib o‘tamiz. Masalan, 2007-yil 15-yanvardagi O‘RQ-78-son “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi Qonun ommaviy axborot vositalari sohasidagi munosabatlarni tartibga solib turadi. 1997-yil 24-apreldagi 402-I-son “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun orqali esa jurnalistika va jurnalistlar faoliyati erkinligini oshirish maqsadida ushbu sohadagi munosabatlar tartibga solinadi. 2003-yil 11-dekabrdagi 560-II-son “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi Qonun esa axborot tizimlari va axborot resurslaridan foydalanish, axborotlashtirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. 2014-yil 5-maydagi O‘RQ-369-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonun esa jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishini, olishini va tarqatish tartibini belgilaydi va ushbu munosabatlarni tartibga soladi. Bulardan tashqari hali bu sohani tartibga solishga qaratilgan ko‘plab normativ-huquqiy hujjatlar mavjud.

Quyida ommaviy axborot vositalari sohasining faoliyati, ushbu sohani rivojlantirish va takomillashtirishga qaratilgan qator islohotlar va tajribalar haqida to‘xtalib o‘tamiz. Davlat siyosatida ommaviy axborot vositalari faoliyati va so‘z erkinligi masalasini ko‘pgina misollar yordamida bilishimiz mumkin. Misol tariqasida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 22-iyundagi PF-6012-sonli “Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy Strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Unda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalarining rolini yanada kuchaytirish, axborot tarqatish bo‘yicha ommaviy axborot vositalari faoliyatini yanada kuchaytirish, jurnalistlar va blogerlarning axborot olish va tarqatishga bo‘lgan huquqlarining kafolatlarini kuchaytirishga etibor qaratilgan. Bundan tashqari mazkur Farmonda ma’lumot olish imkoniyatlarini tizimlashtirish, axborot makonida inson huquqlarining erkinligini himoya qilish, kiberxavfsizlik, media-madaniyatga rioya qilishni ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasining Axborot kodeksi loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi[1].

Ommaviy axborot vositalari sohasidagi yana bir muhim qadam sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 2-fevraldagi PF-5653-sonli Farmoni bilan “O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi” “Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi” etib qayta tashkil qilinganligini aytish mumkin.

Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi (AOKA) davlat axborot siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish sohasidagi vakolatli organga aylandi. Shu bilan birga, agentlik Prezident apparati tuzilmasiga o‘tkazildi. Yangi agentlik ommaviy axborot vositalari faoliyatini va tizimini rivojlantirish va ochiqlikni ta’minlash bo‘yicha davlat organlari matbuot xizmatlari faoliyatini takomillashtirishga xizmat qiladi. Barcha davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari agentlikning axborot sohasidagi ko‘rsatmalariga amal qilishi shartligi belgilandi.

Bundan tashqari, hozirgi kunda respublikamizning barcha tuman va shaharlar hokimliklarida axborot va matbuot xizmatlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Hokim o‘rinbosarlari ular bilan doimiy hamda birgalikda ishlashi, hamkorlikda harakat qilishi kerak. Shu bilan birga, o‘z faoliyatida ochiq bo‘lish, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar, blogerlar bilan samarali hamkorlikni tashkil qilish ham bugungi kundagi dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Jurnalistlar bilan faol muloqotda bo‘lish, faoliyati yuzasidan tez-tez intervyular berish, maqolalar yozish juda muhim.

Yuqorida keltirilgan ommaviy axborot vositalari faoliyatini takomillashtirish borasida yurtimizda amalga oshirilgan islohotlardan tashqari 2019-yilning 28-may kuni AOKA tomonidan Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasida “OAV sohasida milliy qonunchilikni yanada takomillashtirishning dolzarb masalalari” mavzusidagi respublika konferensiyasi bo‘lganligi ham ommaviy axborot vositalari faoliyati davlat e’tibor markazida ekanligini anglatadi. Unda ushbu sohani rivojlantirishda amalga oshirilishini kechiktirib bo‘lmaydigan 5 taklif o‘rtaga tashlandi.

Ushbu takliflardan biri, O‘zbekiston Respublikasida yagona davlat axborot siyosati to‘g‘risidagi Konsepsiya qabul qilinishi aytilgan edi. Bu davlat organlarining axborot siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirishga xizmat qilishi kerak va tegishli vazirlik va idoralarning ushbu sohadagi faoliyatining aniq yo‘nalish, vakolatlari va vazifa hamda majburiyatlarini belgilab beradi. Bilamizki, “matbuot ijtimoiy hayotni aks ettirish shakllaridan biri hisoblanib, voqelikni bilish, tadqiq qilish va unga qayta ta’sir o‘tkazishning muhim vositasidir”[2].

Bundan tashqari ushbu konferensiyada “Davlat hokimiyati va boshqaruvi, xo‘jalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan aloqalarini tubdan takomillashtirish hamda axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorining qabul qilinishi va qaror loyihasi ishlab chiqilib jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilganligini ham e’tirof etish kerak.

Mamlakatimizda ham yildan yilga ommaviy axborot vositalari soni tobora ko‘payib bormoqda. Statistikaga nazar tashlaydigan bo‘lsak, so‘nggi yillar davomida ommaviy axborot vositalarining soni va sifati keskin ortib bormoqda. Hozirda O‘zbekiston Respublikasida 2000 ga yaqin ommaviy axborot vositasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Birgina O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi tarkibidagi telekanallarning bir kun davomidagi umumiy efirga uzatish vaqti 616 soatni tashkil etmoqda. Holbuki, bu raqam mustaqillikdan oldin bor-yo‘g‘i 48 soatni tashkil etar edi, xolos. “Yuksalish” umummilliy harakatining “Facebook” qo‘llanmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yil noyabr holati bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasida 1893 ta ommaviy axborot vositalari (OAV) faoliyat olib bormoqda. [3]

Ma’lumot o‘rnida keltirilishicha, yuqoridagi 1893 ta OAVdan:

  • 642 tasi gazeta;
  • 638 tasi internet nashr va veb-sayt;
  • 482 tasi jurnal;
  • 72 tasi televideniye;
  • 37 tasi radio;
  • 17 tasi axborotnoma-byulletendir.

Ma’lum bo‘lishicha, 2016-yilda O‘zbekistonda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalarining soni 1514 ta bo‘lgan va bu ko‘rsatkich hozirga qadar 379 taga ko‘paygan.

Ommaviy axborot vositalarining erkin faoliyatini ta’minlash yildan-yilga xalqaro darajada ham rivojlanib bormoqda. Bu borada xorij tajribasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ommaviy axborot vositalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan, erkinligini himoya qiladigan, mazkur sohada boshqa davlatlar bilan hamkorlik qiladigan xalqaro tashkilotlar faoliyat olib bormoqda. Quyida ulardan ba’zilari haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan:

Freedom House − butun dunyoda erkinlikni, jumladan, ommaviy axborot vositalari erkinligini oshirishga xizmat qiladigan mustaqil kuzatuvchi tashkilotdir.[4]

Reporters Without Borders (Chegara bilmas muxbirlar) − RWB vazifasi butun dunyo bo‘ylab axborot erkinligiga qilingan hujumlarni doimiy ravishda kuzatib borish; ommaviy axborot vositalariga bunday hujumlarni qoralash; senzura va axborot erkinligini cheklashga qaratilgan qonunlarga qarshi kurashish uchun hukumatlar bilan hamkorlikda harakat qilishdan iboratdir.

Free Press Unlimited − ishonchli yangiliklar va ma’lumotlar butun dunyodaga ochiq bo‘lishini ta’minlash uchun ishlaydi. Ayniqsa, matbuot erkinligi kam yoki umuman bo‘lmagan davlatlardagi aholini axborot bilan ta’minlash ularning asosiy vazifasi xisoblanadi. Mahalliy ommaviy axborot vositalari mutaxassislari va jurnalistlarini qo‘llab-quvvatlagan holda, ushbu tashkilot imkon qadar ko‘proq odamlarga yashash va rivojlanish uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni olish va ulardan foydalanish imkoniyatini berishga yordam beradi.

IREX – ommaviy axborot vositalarining professionalligi, barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi, OAVga tegishli sog‘lom qonunlarni qo‘llab-quvvatlaydi hamda mustaqil OAV va jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlovchi mahalliy institutlarni rivojlantiradi. Ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha IREX tadqiqotlari, jumladan, OAVning Barqarorlik indeksi (Media Sustainability Index) butun dunyo bo‘ylab siyosatchilar, akademiklar va ommaviy axborot vositalari amaliyotchilariga fuqarolarning ma’lumot olish imkoniyatlarini kengaytirish yo‘llarini izlashda yordam beradi.

Yuqoridagi tashkilotlardan tashqari Yevropa Jurnalistika Markazi (The European Journalism Centre (EJC), Yevropa Jurnalistlari Uyushmasi (Association of European Journalists), The OSCE – OAV erkinligi va taraqqiyoti tashkilotlari ham dunyo bo‘yicha ommaviy axborot vositalari sohasidagi yetakchi tashkilotlar hisoblanadi. Ushbu tashkilotlar orqali butun dunyoda ommaviy axborot vositalarining faoliyati ularning erkinligi doimo tartibga solinishi haqida bilib olishimiz mumkin. Shuningdek, yuqoridagi xalqaro tashkilotlardan ayrimlari orqali boshqa mamalakatlar, xususan, O‘zbekiston ham dunyo hamjamiyatida sodir bo‘layotgan yangiliklar, voqea-hodisalar haqida tez va ishonchli tarzda ma’lumot olishi mumkin.

Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda, xulosa o‘rnida shuni aytishimiz mumkinki, so‘z, fikrlash erkinligi mavjud ekan, ushbu ikki narsani ommaviy axborot vositalarisiz, ularning faoliyatisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Ommaviy axborot vositalari sohasi shuning uchun ham kundan kunga jadallashib, rivojlanib bormoqda. Chunki aynan ommaviy axborot vositalari orqali biz mamlakatimizda va butun dunyoda sodir bo‘layotgan yangiliklar, voqea-hodisalar haqida ma’lumot olishimiz mumkin va ularga o‘z fikrimizni, pozitsiyamizni erkin tarzda bildira olamiz.

Davlat hokimiyati ommaviy axborot vositalarining axborot olish yuzasidan murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish lozim. Bugungi axborot zamonida axborot olish imkoniyatlarini va qulayliklarni oshirish kerak. Hozirgi kunda davlat hokimiyati hamda boshqaruv organlaridan biror axborotdan foydalanuvchining so‘rovi ro‘yxatdan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n besh kunlik muddat ichida ko‘rib chiqiladi. OAVning ushbu idoralar faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olishga doir so‘rovi esa ko‘pi bilan yetti kunlik muddat ichida ko‘rib chiqilishi belgilangan. Mansabdor shaxslar bilan intervyuni tashkil etish bo‘yicha so‘rov ham xuddi shuncha muddat ichida ko‘riladi. Hozirgi axborot zamonida ma’lumot har sekundda o‘zgarmoqda, buning ustiga axborotning muhimlilik darajasi borgan sari oshib bormoqda. Yuqoridagi o‘n besh va yetti kunlik muddatlarni yetti va besh kunlik muddatlarga o‘zgartirish maqsadga muvofiq.  Shunda axborotning ishonchlilik darajasi va boshqaruv organlaridagi shaffoflik darajasi yanada oshadi, ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazorati, ommani xabardor qilish hamda o‘zini-o‘zi nazorat qilishga undash kabi vazifalarining amalga oshishini ta’minlaydi.

Mustaqilligimizning 32 yillik davrida ommaviy axborot vositalari faoliyatiga taalluqli ko‘plab yangi qonunlar qabul qilindi yoki mavjud qonunlarga o‘zgartirish, qo‘shimchalar kiritildi.

OAVni tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirishning yangi bosqichi 2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilab berilgan va bu jarayon davom etishi 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasida davom ettirildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari uchun 2 ta modda ajratildi. Unga ko‘ra davlat ommaviy axborot vositalari erkinligini mustahkamladi. Ya’ni Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi.


[1] Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.12.2021 y., 06/21/45/1228-son

[2] Xudoyqulov M. Ommaviy axborot vostitalari tipologiyasi. – T.: Universitet, 2001. – 5 b.

[3] “Yuksalish” umummilliy harakatining “Facebook” qo’llanmasi

[4] www.freedomhouse.org 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications