Konstitutsiyaviy islohotlar – zamon talabi
Mamlakatda huquqiy holat bevosita fuqarolarga tegishli bo’lgan va bo‘lmagan ijtimoiy munosabatlarning qonun jihatidan tartibga solinishi asosida vujudga keladi. Mazkur ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha dominantlik konstitutsiya tomonidan olib borilishi – hech kimga sir emas. Konstitutsiyaning mavjudligi jamiyatda shakllantirilgan ilg‘or huquqiy tizim hamda davlatning demokratik yo‘ldan rivojlanishining kafolati hisoblanadi. Konstitutsiya nafaqat fuqarolarning, balki davlat organlari, siyosiy tashkilotlarining huquqiy maqomi, vazifa va funksiyalarini belgilab beradi.
2001-yil 4-yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rganishni tashkil etish to‘g‘risida”gi farmoyishda konstitutsiyaning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, mazmun-mohiyati, xalq ommasi, ayniqsa, yosh avlodning huquqiy ongi, tafakkuri, madaniyatiga singdirilishi, shu tariqa jamiyatda konstitutsiyaga yuksak ehtirom muhitini yaratish, ijtimoiy munosabatlarni konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solish saviyasini yuqori darajaga ko‘tarish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish, har bir fuqaro o‘zining konstitutsiyada mustahkamlangan huquq, erkinlik va burchlarini to‘la idrok etish orqali o‘zligini anglab yetishi naqadar dolzarb ahamiyat kasb etishi belgilab o‘tilgan. Bundan kelib chiqadiki, konstitutsiyani o’rganish jamiyat a’zolarining siyosiy faolligini ko‘tarishga, davlatni boshqarishda ularning faol ishtirokini ta’minlashga ko‘maklashadi.
Albatta, vaqt o‘tgani sari ijtimoiy munosabatlar ham o‘zgarib boradi va bu o‘z navbatida ularni tartibga soluvchi huquq normalarining ham yangilanishiga sababchi bo‘ladi. 2021-yilning noyabr oyida O’zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining qasamyodida asosiy qomusimizni isloh qilish zaruriyati mavjudligini va bu mamlakat aholisidan kelib tushganligini ta’kidladi. Konstitutsiyaning 29-yilligiga bag‘ishlangan nutqida esa Prezident Bosh qomusga kiritilishi lozim bo‘lgan 9 ta yo‘nalishni belgilab berdi. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan Asosiy qonunimiz talablarini to‘liq amalga oshirish borasida hali oldimizda ulkan vazifalar borligini, xalqimiz hayoti darajasi va sifatini yanada yaxshilash, inson huquq va manfaatlarini amalda ta’minlash bo‘yicha hali ko‘plab ishlar qilinishi lozimligi aytildi. Chunki fuqarolar islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun o‘z hayotida his etishlari zarur.
Jahon mamlakatlarining konstitutsiyalariga yuzlanar ekanmiz, ular ham o‘z vaqtida davr va ijtimoiy muhit taqozosida asosiy qonunning o‘zgarishiga va yanada takomillashishiga sabab bo‘ladigan islohotlarni amalga oshirganliklariga guvoh bo‘lamiz. Jumladan, Amerika Qo‘shma Shtatlari ham 1789-yildan to bugunga qadar o‘z konstitutsiyalariga 33 bora qo’shimcha va o’zgartirishlar kiritganliklariga amin bo’lamiz. Deyarli 3 asr davomidagi oraliq uchun bu kamlik qilishi mumkin, lekin AQSh konstitutsiyasiga o‘zgaritirish kiritish uchun mamlakatdagi jami shtatlarning to‘rtdan uch qismi mazkur o‘zgartirishni ma’qullashi zarur hisoblanadi. Dunyodagi eng katta konstitutsiya hisoblanmish Hindiston konstitutsiyasi ham 1950-yildan boshlab hozirgi davrga qadar 105 ta o‘zgartirish va qo‘shimchalarni boshidan o‘tkazgan.
Shunday ekan, mamlakatimizda davlatimiz rahbari boshchiligida barcha sohalarda, ayniqsa ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni yanada jadallashtirish lozimligi barobarida konstitutsiyaviy islohotlarni ham o‘ta dolzarb masala sifatida kun tartibiga qo‘yilinayotgani o‘z navbatida mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘yishida muhim ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi.
Bugun oldimizga qo‘ygan maqsadimiz esa asosiy Qonunimizga shunchaki ayrim moddalariga o‘zgartirish kiritish emas, balki butunlay yangilashni nazarda tutuvchi “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va amaliyotga tadbiq qilish hisoblanadi. Zero, Konstitutsiyamizni barqaror, zamon bilan hamnafas shaklga keltirish Bosh qomusimizga kelajakda tez-tez o‘zgartirish kiritilishni taqozo qilmaydi. Davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda “Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak”.
Hozirda konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish uchun Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tashkil qilingan bo‘lib, faol fuqarolarimiz tomonidan tushayotgan takliflarni umumlashtirib, tahlil qilish, rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, statistik ma’lumotlarni tahlil qilish va boshqa bir qator muhim vazifalarni amalga oshirib kelmoqda.
Fuqarolar o‘zlarining takliflarini www.meningkonstitutsiyam.uz onlayn platformasi, taklif@meningkonstitutsiyam.uz yoki taklif@2022.uz elektron pochta manzillari, Telegram messenjerining maxsus boti (@meningkonstitutsiyam_bot), shuningdek 1341 qisqa raqamli “Koll-markaz”lari orqali yuborishlari mumkinligi esa mazkur islohotning bavosita jamoatchilik fikri asosida amalga oshirilayotganligidan dalolat beradi.
Xulosa o‘rnida davlatimiz rahbarining quyidagi fikrlarini keltirib o‘tish, maqsadga muvofiq “Har bir fuqaroning ongi va shuuridan joy olgan, uning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlagan Konstitutsiyamiz chinakam qomusga aylanishi kerak”.
Shonazarov Ulfat Ibrogim o‘g‘li
Toshkent davlat yuridik universitetining
Ixtisoslashtirilgan filiali Davlat-huquqiy
fanlar kafedrasi mudiri v.v.b.