Bosh sahifa / Ta'lim / Kontraktda o’qiydigan talabalarga soliq imtiyozi beriladimi?

Kontraktda o’qiydigan talabalarga soliq imtiyozi beriladimi?

O’zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va O’zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo’mitasining 2010-yil 24-mart qarori bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta’lim olish uchun yo’naltiriladigan mablag’larga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyozni qo’llash tartibi to’g’risidagi” nizomga binoan 2010-yil 1-yanvardan boshlab fuqarolarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlarining O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida ta‘lim olishga (o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshga to’lmagan farzandlarining ta‘lim olishi uchun) yo’naltiriladigan summalariga jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i solinmaydi.

Ushbu Nizomning 1-bandida nazarda tutilgan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’i bo’yicha imtiyoz jismoniy shaxslarning soliq solinadigan daromadlarini O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtlarida o’zining o’qishi yoki yigirma olti yoshgacha bo’lgan o’z farzandlarining o’qishi uchun yo’naltiriladigan summalariga (keyingi o’rinlarda o’qish uchun to’lov deb yuritiladi) kamaytirish (keyingi o’rinlarda soliq chegirmasi deb yuritiladi) ko’rinishida beriladi.

Jismoniy shaxslarga soliq chegirmasi o’qish uchun to’lov quyidagilar hisobidan amalga oshirilganda taqdim etiladi:

— o’z mablag’lari;

— jismoniy shaxsga tijorat banklari tomonidan berilgan ta’lim kreditlari;

— yuridik shaxslar tomonidan jismoniy shaxslarga qaytarish sharti bilan berilgan mablag’lari (ssudalar).

— o’zining o’qishi yoki o’z farzandlarining o’qishi uchun to’langanda soliq chegirmasi jismoniy shaxs — ta‘lim oluvchiga, shuningdek, agar o’qish uchun to’lov ta’lim oluvchi yigirma olti yoshga to’lguniga qadar amalga oshirilgan bo’lsa, uning ota-onalariga beriladi.

To’lov manbaida soliq chegirmasini taqdim etish tartibi

To’lov manbaida soliq chegirmasi ta’lim uchun to’lov quyidagilar hisobiga amalga oshirilganda taqdim etiladi:

— to’langan summalarni jismoniy shaxsning soliq solinadigan daromadlaridan keyinchalik ushlab qolish sharti bilan berilgan ish beruvchining mablag’lari;

— O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurtiga yoki tijorat bankiga olingan ta‘lim kreditini qoplash evaziga ish beruvchi tomonidan o’tkazib beriladigan jismoniy shaxsning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlari.

Jismoniy shaxslar soliq chegirmasini olish uchun ish beruvchiga daromadlarini o’qish uchun to’lovga (kreditni qoplashga) o’tkazish to’g’risidagi arizani quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etadi:

— talaba (talabalar) bilan O’zbekiston Respublikasi oliy o’quv yurti o’rtasida to’lovli-kontrakt asosida o’itish to’g’risida tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;

— tijorat banki bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma (shartnomalar) nusxasi;

— ta‘lim oluvchining (ta’lim oluvchilarning) pasporti va (yoki) tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomasi nusxasi.

Ushbu Nizomning 11-bandida ko’rsatilgan hujjatlarning taqdim etilishi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig’ini to’lov manbaida ushlab qolmaslik uchun asos bo’ladi.

To’lov manbaida soliq chegirmasi qo’llanilganda jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiya taqdim etilishi talab qilinmaydi, O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 189-moddasida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

Soliq kodeksi: 189-modda. Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlar
Deklaratsiya asosida soliq solinadigan daromadlarga O‘zbekiston Respublikasi rezidentlarining quyidagi daromadlari kiradi:
mulkiy daromadlar, agar bu daromadlarga to‘lov manbaida soliq solinmagan bo‘lsa;
fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;
asosiy bo‘lmagan ish joyidan olingan moddiy naf tarzidagi daromadlar;
O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;
soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar.
Agar soliq to‘lovchining asosiy bo‘lmagan ish joyidan olgan daromadlaridan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i uning arizasiga ko‘ra ushlab qolingan bo‘lsa, daromadlar to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etilmaydi, bundan ushbu modda birinchi qismining beshinchi va oltinchi xatboshilarida ko‘rsatilgan daromadlar mustasno.
O‘zbekiston Respublikasi rezidentiga aylangan chet ellik jismoniy shaxs, mazkur moddaning birinchi va ikkinchi qismlari qoidalaridan qat’i nazar, ushbu Kodeksning 192-moddasida nazarda tutilgan tartibda va muddatlarda daromadlari to‘g‘risida deklaratsiya taqdim etadi.

 

Civil.uz | Yuridik maslahatlar

Bizni telegramda kuzatib boring!

Obuna
Bekor qilish