Oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til quyidagi hollarda beriladi:
a) harbiy xizmatni o’tash uchun;
b) salomatligini tiklash uchun;
v) homiladorlik va tug’ish uchun;
g) bolalarni parvarish qilish uchun.
Akademik ta’til o’quv yilining har qanday qismida beriladi. Buning uchun talaba ta’lim muassasasi rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Harbiy xizmatni o’tash uchun qonun hujjatlariga belgilangan harbiy xizmatni o’tash muddatiga akademik ta’til beriladi. Harbiy xizmatga chaqirilgan talaba rektor nomiga arizaga tegishli tuman (shahar) mudofaa ishlari organlarining talabani harbiy xizmatga chaqirish haqidagi chaqiruv qog’ozini ham ilova qilishi kerak.
Salomatligini tiklash uchun talabaga 12 oy muddatga akademik ta’til beriladi. Talaba rektor nomiga yozgan arizasiga o’zi doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasini qo’shib taqdim etadi.
Talaba surunkali kasalligi sababli bir oydan ortiq vaqt davomida darslarda qatnasha olmasa, uning arizasiga asosan akademik ta’til berilishi mumkin. Bunda, akademik ta’til muddati o’tishining boshlanishi talaba darslarda qatnasha olmayotgan kundan boshlab hisoblanadi.
Talabaning akademik ta’til olish haqidagi murojaati bir haftalik muddatda ko’rib hal qilinishi lozim. Talabaga akademik ta’til berish ta’lim muassasasi rektorining buyrug’i bilan rasmiylashtiriladi. Ushbu buyruqda akademik ta’tilning boshlanishi va tugashi sanasi ko’rsatilishi shart. Talabalarga o’qish davomida ikki marta, faqat tibbiyot ta’lim muassasalari talabalariga uch martagacha akademik ta’til berilishi mumkin. Birinchi kurs talabalariga akademik ta’til, istisno tariqasida, faqat ularning kasalligi tufayli berilishi mumkin. Talabaga akademik ta’til berilishi uni ta’lim muassasasidan chetlashtirish deb hisoblanmaydi. Talabalarga akademik ta’til davrida stipendiyalar to’lanmaydi.
Salomatligini tiklash uchun akademik ta’tilda bo’lgan talabalarda homiladorlik va tug’ish hollari yuzaga kelgan taqdirda, akademik ta’tilning muddati homiladorlik va tug’ish uchun belgilangan akademik ta’tilning muddatiga uzaytiriladi.
Ta’lim muassasalari talabalariga tibbiy ko’rsatmalar bo’yicha akademik ta’til berishga oid kasalliklar ro’yxati:
1. Sil kasalligining ochiq formalari (aktiv rivojlanuvchi o’pka sili, traxeobronxial, ichki va periferik limfa tugunlari, yirik suyaklar, bo’g’imlar faol sili yoki kichik suyak va bo’g’imlarning sildan ko’p jarohatlanishi, tomoq, kekirdak, halqum, qizilo’ngach, ichak, ko’z, teri va boshqa ichki a’zolar aktiv sili).
2. Silga aloqador bo’lmagan, yurak-o’pka faoliyatlari etishmovchiligi (III daraja) bilan kechuvchi o’pkaning surunkali kasalliklari.
3. Barcha bosqichdagi xavfli o’sma kasalliklari, ikki yil oldin radikal davolanganlar bundan mustasno.
4. II va III darajali qon aylanishining buzilishi bilan kechuvchi yurak klapanlarining va mushaklarning organik o’zgarishlari (tug’ma va orttirilgan).
5. II va III darajali qon bosimining oshishi, tez rivojlanuvchi qon bosim oshishi kasalligi—xavfli gipertoniya.
6. Turg’un buyrak etishmovchiligi bilan kechuvchi buyrak va boshqa a’zolar kasalliklari.
7. Statsionar sharoitida davolashga muhtoj bo’lgan oshqozon-ichak tizimi yara kasalliklari.
8. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish lozim bo’lgan og’ir shikastlanishlar, o’tkir va surunkali kasalliklar.
9. Statsionar sharoitida bir oy muddatdan ortiq davolash va reabilitatsiya qilish zarur bo’lgan turli etiologiyalik jigar kasalliklari, jigar tsirrozi, parazitar kasalliklari va boshsalar.
10. Endokrin kasalliklarning aniq shakllari (akromegaliya, Bazedov kasalligi, Addison kasalligi, miksedema, qandli diabetning og’ir shakli, Itsenko-Kushinga kasalligi).
11. Qon tizimi kasalliklari: o’tkir va surunkali leykozlar (limfa leykozlar bundan mustasno), aplastik anemiya.
12. Asab sistemasining surunkali organik asab kasalliklari, shuningdek bo’lib o’tgan kasalliklarning og’ir asoratlari (entsefalit, meningit, araxnoidit, bosh suyakning va orqa miyaning yopiq holda shikastlanishi, bosh suyakning ochiq holda shikastlanishi va boshqalar) natijasida aql-zakovatning chuqur va turg’un buzilishlari, psixopatik buzilishi (o’zini axloqiy jihatdan tuta olmaslik yoki tajanglik urinishdagi holatlar), nevrologik belgilar yoki psixopatik xulq-atvor asoratlari bilan o’tkaziladigan kasalliklar.
13. To’xtovsiz rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniyaning (oddiy, gebefrenik, paranoid turlari) quyidagi ko’rinishlari:
a) xurujsimon rivojlanish bilan kechuvchi shizofreniya (katotonik, galyutsinator, paranoid turlari);
b) to’lqinsimon kechuvchi shizofreniya (tsirkulyator, depressiv-paranoid, oneyroid-katotonik) tez-tez xurujlanuvchi va qіsqa remissiyali holatlar;
v) sust kechuvchi shizofreniyaning xuruj davri.
14. Tez-tez takrorlanuvchi tutqanoіli, tutqanoqsiz va psixomator xurujlari bilan, shuningdek, hushning xiralashuvi va og’ir disforiya bilan kechuvchi epilepsiya:
a) kam takrorlanuvchi xurujlar bilan, shaxsning chuqur o’zgarishi va aql-zakovat buzilishi bilan kechuvchi epilepsiya;
b) epileptik psixozlar.
15. Tez-tez xurujlanuvchi tsiklotimiya, maniakal depressiv psixoz, tez-tez takrorlanuvchi maniakal depressiv holatlar.
16. Shaxsda patologik rivojlanishning har xil turlari, mehnatga qobiliyati pasayishi bilan, psixopatiyaning yaqqol turi yoki tez-tez dekompensatsiyalanishi bilan kechuvchi turlari.
17. Og’ir, surunkali kechuvchi, takrorlanuvchi teri kasalliklarining nogironlikka olib keluvchi turlari.
18. Zahmning yuqumli bosqichi.
19. Traxomaning I, II, III darajalari.
20. Giyohvandlik, toksikomaniyaning (tamakiga tobelikdan tashqari) barcha turlari.
21. Orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi (OITS/OIV).
Homiladorlik va tug’ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun qonun hujjatlarida belgilangan homiladorlik va tug’ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish ta’tillari muddatiga akademik ta’til beriladi. Buning uchun talaba rektor nomiga yozilgan arizasiga doimiy tibbiy nazoratda turgan tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasini qo’shib taqdim etishi kerak. Uning arizasi bir hafta davomida ko’rib chiqilishi kerak. Odatda bunday talabalarga 12 oylik ta’til beriladi. Tibbiyot muassasasi komissiyasining xulosasi bilan bu muddat uzaytirilishi mumkin. Homiladorlik va tug’ish, shuningdek bolalarni parvarish qilish uchun akademik ta’tilda bo’lgan talabalar akademik ta’til boshlangan sanadan boshlab 12 oy muddat o’tgandan so’ng o’qishga qaytishi mumkin.
Talaba akademik ta’tilga chiqqandan keyin bir oy o’tmasdan akademik ta’tilni bekor qilish va o’qishga qaytishni so’rab ta’lim muassasasiga ariza bilan murojaat etishga haqli. Talaba akademik ta’tilning muddati tamom bo’lgandan so’ng o’qishga qaytish bo’yicha ta’lim muassasasining rektori nomiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.
Akademik ta’tildan qaytish bo’yicha talabaning murojaati bir haftalik muddatda ko’rib chiqilishi va uning ta’lim muassasasiga o’qishga qaytishi to’g’risida ta’lim muassasasi rektorining buyrug’i chiqarilishi lozim. Ushbu buyruqda talaba akademik ta’tildan qaytgandan so’ng o’qiydigan o’quv kursi va guruhi ko’rsatilishi shart.
Agar, akademik ta’til davrida talaba o’qigan ta’lim yo’nalishi (mutaxassisligi) tugatilgan bo’lsa, talabani shu ta’lim muassasasida yoki boshqa ta’lim muassasasiga o’qishini mos va turdosh yo’nalishi (mutaxassisligi) bo’yicha ko’chirish masalasi ham ariza bilan birga ko’rib chiqilishi va hal etilishi lozim. Akademik ta’til muddati tugagandan so’ng o’qishga qaytmagan va natijada bir semestr davomida darslarni uzrli sabablarsiz 74 soatdan ortiq qoldirgan talaba ta’lim muassasasidan chetlashtiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining 2010-yil 6-avgustdagi 312, 19-son qaroriga ilova tariqasida qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari talabalariga akademik ta’til berish to‘g‘risida”gi Nizom