Bosh sahifa / Bank huquqi / Kreditga uy qanday olinadi?

Kreditga uy qanday olinadi?

Uy joy olish uchun olinadigan kredit ipoteka krediti deb nomlanadi.

Ipoteka kreditlari tijorat banklari tomonidan qaytarish, pullik, ta’minlanganlik va tezkorlik shartlari asosida beriladi.

Ipoteka krediti summasi sotib olinayotgan uy qiymatining 75 foizdan oshmasligi kerak. Ya’ni ipoteka kreditini olishingiz uchun sotib olinayotgan uy-joy qiymatining kamida 25 foiziga teng miqdordagi mablag‘larga ega bo‘lishingiz kerak. Ushbu mablag‘lar qarz oluvchining nomiga ochiladigan depozit hisobvarag‘iga joylashtiriladi.

Ipoteka kreditining hajmi va muddati, shuningdek uning foiz stavkasi bankning ichki kredit siyosatiga muvofiq bank va qarz oluvchi o‘rtasida tuziladigan shartnomada belgilanadi.

Ipoteka kreditini olish uchun o’zingiz xohlagan bankka ariza bilan murojaat qilasiz. Arizangiz bilan birga bankka quyidagi hujjatlarni ham taqdim etishingiz kerak:

  1. so‘ralayotgan kredit summasi ko‘rsatilgan holda kredit olishga buyurtmanoma;
  2. sotiladigan yakka tartibdagi uy-joyning yoki kvartiraning oldi-sotdisi to‘g‘risidagi dastlabki shartnoma, uy-joyga yoki kvartiraga egalik qilish huquqini tasdiqlovchi hujjatning nusxasini ilova qilgan holda;
  3. ariza beruvchining va u bilan birga yashaydigan oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risida oxirgi 12 oy uchun ish joyidan (doimiy ish joyi mavjud bo‘lganda) berilgan ma’lumotnomalar yoki ariza beruvchining va uning oila a’zolarining oxirgi 12 oy uchun daromadlari to‘g‘risidagi deklaratsiyalarning ularning yashash joyidagi soliq organi tomonidan tasdiqlangan nusxalari;
  4. qarz oluvchining nomiga ochilgan omonat hisob raqamida pul mablag‘lari (dastlabki to‘lov) joylashtirilgani to‘g‘risidagi bank ma’lumotnomasi;
  5. ariza beruvchining oilasi tarkibi to‘g‘risida yashash joyidan berilgan ma’lumotnoma;
  6. ariza beruvchining pasport nusxasi.

Ipoteka krediti olish to‘g‘risidagi arizangiz 30 kun ichida ko’rib chiqiladi.

Ipoteka krediti olish uchun quyidagi xarajatlarni qoplashingiz kerak:

  1. ipoteka shartnomasini notarial tasdiqlash uchun davlat bojini to‘lash;
  2. garovga qo‘yilgan ko‘chmas mulkni sug‘urtalash bilan bog‘liq xarajatlar;
  3. mulkning qiymatini aniqlash bo‘yicha baholovchi tashkilot xizmatlariga haq to‘lash.

 

 

Civil.uz | Yuridik maslahatlar

Bizni telegramda kuzatib boring!

Obuna
Bekor qilish