Agar dunyodagi hamma odamlar qandaydir nazariyalarga amal qilib, dunyo yaratilganidan beri shuni zarur deb hisoblab kelgan ekanlar, men bilamanki, bu kerak emas, bu yomon ish. Shuning uchun nima yaxshiyu nima zarur ekanini odamlarning gap-so’zlariyu qiliqlari emas, taraqqiyot emas, balki men yuragimning amriga ko’ra belgilayman.
***
Har gal qalbimdagi eng yaxshi mayllarimni, ya’ni ma’naviy jihatdan yaxshi bo’lmoqchi ekanimni namoyish qilsam, meni mazax qilishar va nafrat bildirishardi; yomon ehtiroslarga beriladigan bo’lsam, har gal meni maqtashar va rag’batlantirar edilar.
***
Odamzod dardi bedavo bir dardga chalinadigan bo’lsa, odatda shunday bo’ladi. Avvaliga xastalikning arzimas belgilari namoyon bo’ladi. Bemor ularga e’tibor bermaydi. Keyin bu belgilar takror-takror uchrayveradi va bora-bora bo’linmaydigan, bitta yaxlit dardga aylanadi. Dard kuchaygandan-kuchayadi va bemor biror tadorikni ko’rib ulgurmay anglaydiki, u oddiy xastalik deb qabul qilgan narsa uning uchun dunyodagi eng muhim narsa ekan.
***
Agar men bir o’rmonda istiqomat qilsamu shu o’rmondan chiqib ketadigan yo’l yo’q ekanini bilsam, yashayverishim mumkin edi. Biroq men o’rmonda adashib qolgan bir kimsa edim. U adashganini bilib, yanada tahlikaga tushadi, har tomonga bosh urib, yo’lni topib olgisi keladi, har bir qadami uni yanada chalg’itayotganini yaxshi biladi, biroq shunga qaramay, o’zini har yonga urishdan to’xtata olmaydi.
***
Hamma narsa rivojlanadi, tarkibiy qismlarga ajraladi, murakkablashish va mukammallashish sari boradi. Bu harakatni belgilab turuvchi qonunlar bor. Sen – butunning bir qismisan. Imkoni boricha butunni bilsang, rivojlanish qonunini bilsang, shu bilan sen shu butunlikdagi o’z o’rningni ham bilgan bo’lasan.
***
Falsafa nafaqat bu savolga javob bermaydi, balki o’zi ham qo’shilishib so’raydi. Agar u chinakamiga falsafa bo’ladigan bo’lsa, uning butun ishi shundan iborat bo’lmog’i kerakki, u shu masalani aniq-tiniq qo’ymog’i kerak. Agar u o’z vazifasiga qattiq rioya qiladigan bo’lsa, “men nimaman va butun dunyo nima?” degan savolga “hamma narsa va hech narsa” deb, “dunyo nechun mavjud va men nimaga yashayapman?” degan savolga “bilmayman” deb
javob berishdan o’zga iloji bo’lmas edi.
***
Agar mening tafakkurim bo’lmasa, men uchun hayot ham bo’lmas edi. Ammo tafakkurning o’zi, aqlning o’zi hayotning ijodkori bo’lsa, u qanday qilib, nechuk hayotni inkor etadi. Yoki boshqa tomondan olib ko’raylik: agar hayot bo’lmasa edi, mening tafakkurim, aqlim ham bo’lmas edi. Binobarin, aql — hayotning farzandi ekan-da! Hayot — hamma narsa. Aql hayotning samarasi va shu aql hayotning o’zini inkor etadi.
***
Agar u biron narsani bilmasa, bilmagan narsasini bema’ni, axmoqona narsa deb ataydi.
***
Iymon hayotning qudratidir. Inson yashar ekan, u biror narsaga ishonadi, iymon keltiradi. Agar u “nima uchundir yashamoq kerak” deb biron narsaga ishonmasa, iymon keltirmasa, unda u yashamas edi. Agar u cheklangan narsani ko’rmasa va uning xayoliy bir narsa ekanini anglamasa, u ana shu cheklangan narsaga ishonardi; agar u cheklangan narsaning xayoliy ekanini anglasa, unda u cheksiz narsaga ishonmog’i kerak. Iymonsiz yashab bo’lmaydi.
***
Angladimki, agar men hayotni va uning ma’nosini anglamoqchi bo’lsam, men tekinxo’rga xos hayot kechirmog’im kerak emas, balki chinakam hayot qo’ynida yashamog’im zarur, haqiqiy insoniyat bu
hayotga qanday ma’no berayotgan bo’lsa, shu ma’noni qabul qilib, shu hayotga singib ketmog’im va uni tekshirib ko’rmog’im shart.
***
Odamlar chinakamiga ishongan nimaiki bo’lsa, u haqiqat bo’lmog’i kerak; u har xil yo’sinda ifodalanmog’i mumkin, biroq u yolg’on bo’lmog’i mumkin emas, shuning uchun ham mabodo u menga yolg’on bo’lib tuyulsa, buning ma’nosi shundan iboratki, uni men anglamabman.
***
Darhaqiqat, qush shunday hayot kechiradiki, u uchmog’i, ovqat jamg’armog’i, in qurmog’i kerak. Qush shunday qilayotganini ko’rsam qushdan xursand bo’laman. Echki, quyon, bo’ri shunday hayot
kechirishadiki, ular qorinlarini to’yg’azishi, oilalarini boqishlari kerak. Ularning shunday qilayotganlarini ko’rsam, men qat’iyan ishonamanki, ular baxtiyor va ularning hayoti oqilona. Xo’sh, inson nima qilmog’i kerak? U ham xuddi jonivorlar qilgan ishlarni qilib hayot kechirmog’i kerak, faqat farq shundaki, bu ishlarni inson yolg’iz o’zi qilsa, u muqarrar tarzda halok bo’ladi, u faqat o’zi uchun emas, hamma uchun qilmog’i zarur. U hamma uchun bu ishlarni qilayotganini ko’rsam, men qat’iyan ishonamanki, u baxtiyor va uning hayoti oqilona.