Bosh sahifa / Bank huquqi / Lombarddan kredit qanday olinadi?

Lombarddan kredit qanday olinadi?

Lombardlar fuqarolarga garov evaziga qisqa muddatli (3 oygacha) kreditlar beradi. Lombard fuqarolar bilan ular tomonidan pasport yoki shaxsni tasdiqlovchi boshqa hujjat taqdim etganda shartnoma imzolaydi.

Zarur hollarda lombard garovga yoki saqlashga byerilayotgan mulkka huquqni tasdiqlovchi hujjat yoki boshqa dalillarni talab qilishga haqli. Lombardlar fuqarolardan ko‘char mulkni saqlashga qabul qilib oladi.

Lombard tomonidan qabul qilib olingan mulk egasiga faqatgina lombardga to‘lanadigan barcha summalar to‘lab bo‘lingandan so‘ng qaytarilishi mumkin.

Arizalarni ko‘rib chiqish va kredit olish uchun to‘lovlar undirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Lombard kredit shartnomasi muddati davomida garovga yoki saqlashga berilgan mulkdan foydalanishga va uni tasarruf etishga haqli emas.

Garovdagi yoki saqlashga berilgan mulkdagi yetishmovchilik, uning yo‘qotilishi hollarida lombard mulk egasiga mulkning baholash qiymatini qaytarishi lozim.

Garovdagi yoki saqlashga berilgan mulkka ziyon yetkazilganda lombard mulkdorga mulkiy zarar o‘rnini qoplashi lozim.

Garov evaziga kredit berish lombard va fuqaro o‘rtasida tuziladigan kredit shartnomasi va garov shartnomasi asosida amalga oshiriladi.

Kredit summasi va muddati, shuningdek kredit bo‘yicha beriladigan foiz stavkasi hajmi tomonlar kelishuviga ko‘ra aniqlanadi.

Lombardlar ko‘rsatadigan xizmatlar narxlari va tariflari faqat milliy valyutada aniqlanadi.

Kredit olish uchun lombardga garovga qo‘yiladigan mulk qiymati tomonlar kelishuviga ko‘ra baholanadi.

O‘rnatilgan muddatlarda kredit summasi qaytarilmaganda lombard garovdagi mulkni sotishga haqli.

Shundan so‘ng lombardning garovga qo‘yuvchiga nisbatan talablari qoplangan bo‘ladi, hatto mulkning realizatsiyasidan tushgan summa lombardni to‘liq qanoatlantirmasa ham.

Agar garovdagi mulkning realizatsiyasidan olingan summa lombard talablaridan oshib ketsa, qolgan summa garovga qo‘yuvchiga qaytariladi.

Lombard talablaridan oshgan va 3 yil davomida talab qilinmagan summa lombard ixtiyorida qoladi. Mijoz tomonidan buyumlarni qaytarib olish rad etilgan taqdirda lombard ularni 3 oy davomida saqlashga majbur. Ushbu muddat tugagach, talab qilib olinmagan buyumlar lombard tomonidan sotuvga qo‘yilishi mumkin.

0