Mavlono Rumiydan hikmatlar

Qumning bir zarrasiman, ammo bepoyon cho’lning dardini ortmoqlab yuribman.

Tuproqdan keldik, tuproqqa ketarmiz. Muhimi dunyoda kirlanmaslikdir, ko’ngilni pok tutmoq, dilga kir yuqtirmaslikdir…

Agar taqdir etsa Alloh — qo’l ham olib kelar, yel ham olib kelar, sel ham olib kelar. Gar taqdir etmasa Alloh — qo’l ham olib ketar, yel ham olib ketar, sel ham olib ketar….

Haqqa yetmoq istasang, ko’ngillarni qozonmoqni maslak aylagin, buning uchun saroylarda marmar bo’lma, bir tuproq bo’lginki, bag’ringda gullar yetishsin…

Unutma! Iymonda ketmoq, jannatga erishmoq uchun bir umr lozim, bularning baridan ayrilmoq, kufrda ketmoq uchun bir lahza kifoya.

Yaxshilik izla, to’g’rilik izla, go’zallik izla, ammo ayb izlama.

Savdosi, sarmoyasi, mol-dunyosi ko’p odamning imtihoni ham og’ir bo’lur.

Ishqi ulkanning imtihoni ham zalvorlidir.

Go’zalligingga quvonma, uni bir so’gal buza olar, mol-mulkingga quvonma, uni bir ofat olib ketar. Robbingga quvon, u hammasiga kifoya etar…

Insonlarni kitob kabi anglang. Muqovasiga qarab aldanmang, ichini o’qib chiqqachgina mohiyatini bilarsiz…

Gilamni kaltak bilan qoqmoq gilamga ozor bermoq uchun emas, gilamni poklamoq uchundir. Alloh senga tashvish berar ekan, seni imtihon qilib tozalar, changu g’uboringni ketkazar. Qayg’urma…

Aqlim har kun tovba qilar. Nafsim har kun tovbamni buzar. Ikkisining orasida qolgan bir bechoraman. Yaxshiyamki, Robbim, sening dargohing bor…

Qof tog’i qadar yuksakja bo’lsang-da, bir kafanga sig’ar darajada kichiksan. Unutma, har narsaning hisobi bor, qarzingni uzguning qadar uzilursan…

Gul deganing nima sening? Uch-to’rt tikon, biroz yaproq,

Nedur sen sevgan bu hayot? Uch-to’rt nafas, so’ngra tuproq…

Ichingni tashingdan ham ko’ra ko’proq pokla, obod qil, chunki tashingni xalq (maxluq) ko’radi, ichingga Alloh (xoliq) ko’radi…

Johil kishi qarab turib gulning go’zalligini ko’rmas, tikonlariga tikilur.

Inson bir daryo kabidir, sathi ko’rinib turadi, tubida ne bo’ronlar qo’par, ne po’rtanalar toshar, so’zlamas, jimgina oqar va ketar…

Adolat nedur? Gulni sug’ormoqdir.

Zulm nedur? Tikonlarni sug’ormoqdir.

Hayot olganing qadar nafasdir, hayot qolganing qadar qafasdir, hayot tolguning qadar havasdir…

Robingga qarab: «Mening buyuk dardim bor» — dema, dardingga qarab: «Mening buyuk Robbim bor», — degin…

Gulning go’zalligi — urug’ining pokligidan, insonning go’zalligi qalbining pokligidandir

Ishqni biyron sayrayotgan bulbuldan emas, sassiz-sadosiz jon berayotgan parvonalardan so’ra

Milliardlab yerga bir-bir alohida yog’ilayotgan, bir-birini turtmasdan yerga ayro’ tushayotgan qor uchqunlari oxiri oxirat bo’lgan dunyo yo’llarida milliardlab insonlar bir-biriga zarar bermay, xalaqit qilmay yashashlari, harakat qilishlari mumkinligini anglatadi, axir…

Ba’zan mas’umligimizga farishtalar havas qiladi, ba’zan johilligimizdan shayton qocharga joy topolmaydi… Dunyoga kelganimizning asosiy g’oyasi – Allohni tanimoq, iymon keltirmoqdir.

Hech bir narsa ko’ringani kabi emasdir, bugun senga hayot bergan suv ertaga seni cho’ktira oladi ham.

Ovozingni ko’tarma, so’zingni yuksaltir — yaproqlarni yomg’irlar o’stiradi, gumburlagan momoqaldiroqlar emas.

Odamlar seni o’z manfaatlari uchun harakat qildirishni istaydi, Alloh esa sen o’z manfaating uchun harakat qilishingni istaydi.

Tilingni tarbiya qilishdan avval dilingni tarbiya qil. Chunki so’z tilga dildan chiqib keladi.

Chumolilarning g’imirlashini biladigan, sasini ham eshitadigan Alloh, qalblarimizning astoydil faryodini eshitmaydimi?! Albatta eshitadi…

Karim Bahriev tarjimasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications