MChJ ishtirokchisi tomonidan MChJga nisbatan berilgan o‘zini jamiyatdan chiqarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda bunday talabni qanoatlantirish rad qilinishi kerak.

2014 yil 8 iyulda fuqarolar Mirzaxanov Nizomiddin Saloxovich, Soliyev Eldor Anvarovich va Qodirov Inom Ikromovich tomonidan “Zamon” MChJ (bundan buyon misol matnida ”MChJ” deb yuritiladi) tashkil etilgan bo‘lib, MChJning ta’sis hujjatlari tuman hokimligi huzuridagi tadbirkorlik sub’yektlarini ro‘yxatga
olish Inspeksiyasi (bundan buyon misol matnida ”Inspeksiya” deb yuritiladi) tomonidan 2014 yil 16 iyulda ro‘yxatga olingan va bu haqda MChJga guvohnoma berilgan.

Ta’sis hujjatlariga ko‘ra MChJning ustav fondi 50000000 so‘m miqdorida belgilanib, unda N. Mirzaxanov 15000000 so‘m yoki 25 foiz, E.Soliyev 15000000 so‘m yoki 25 foiz, I.Qodirov 30000000 so‘m yoki 50 foiz ulushga ega bo‘lgan.

MChJ ishtirokchisi I.Qodirov MChJga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilib, unda MChJ ishtirokchilari N. Mirzaxanov va E.Soliyevlar tomonidan bir necha marotaba umumiy yig‘ilish chaqirtirilib, foydani taqsimlash masalasi ko‘rib chiqilgan bo‘lsa-da, u yig‘ilish vaqti va joyi to‘g‘risida tegishli tartibda
xabardor qilinmaganligi, bu bilan uning qonun hujjatlarida belgilangan huquq va manfaatlari buzilayotganligi bayon etilib, o‘zini MChJ ishtirokchilari safidan chiqarishni so‘ragan.

Birinchi instansiya sudining 2016 yil 16 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan da’vo talabi to‘liq qanoatlantirilgan.

Birinchi instansiya sudi da’vo talabini qanoatlantirishda FK 223-moddasining birinchi – to‘rtinchi qismlariga asoslanib, noto‘g‘ri xulosaga kelgan.

Chunki FK mazkur moddasining birinchi – to‘rtinchi qismlarida ulushli mulkdagi mol-mulk ishtirokchilar o‘rtasida ularning kelishuviga muvofiq taqsimlanishi mumkinligi, ulushli mulk ishtirokchisi o‘z ulushini umumiy mol-mulkdan ajratib berishni talab qilishga haqliligi, ulushli mulk ishtirokchilari umumiy molmulkni taqsimlash yoki ulardan birining ulushini ajratish usuli va shartlari to‘g‘risida kelishuvga erisha olmasalar, ulushli mulk
ishtirokchisi o‘z ulushini asl holida ajratib berishni sud orqali talab qilishga haqliligi belgilangan.

Biroq sud “Mas’uliyati cheklangan hamda qo‘shimcha mas’uliyatli jamiyatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni 8-moddasi birinchi qismining oltinchi xatboshisiga asosan jamiyat ishtirokchilari jamiyat boshqa ishtirokchilarining roziligidan qat’i nazar, ushbu Qonunda va jamiyatning ta’sis hujjatlarida
nazarda tutilgan tartibda istalgan vaqtda jamiyatdan chiqishga haqli ekanligiga e’tibor qaratmagan.

Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi Plenumining “Iqtisodiy sudlar tomonidan korporativ nizolarni hal etishning ayrim masalalari to‘g‘risida” 2014 yil 20 iyundagi 262-sonli qarorining 21-bandida MChJ ishtirokchisi tomonidan jamiyatga nisbatan berilgan o‘zini jamiyatdan chiqarish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilinganda, bunday talabni qanoatlantirish rad qilinishi haqida tushuntirish berilgan.

Shu bois Hay’at hal qiluv qarorini bekor qilib, da’vo talabini qanoatlantirishni rad etish haqida yangi qaror qabul qilishni lozim topgan.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications