Bosh sahifa / Hikmatlar / Nasihat emas…

Nasihat emas…

Kishiga aslo qarz berma, qarzdor ham bo‘lma, agar qurbing yetsa ehson qil.

Foiz hisobiga pul berish gunohi azim, bugunda esa ham puldan ajralasan, ham jafo ko‘rasan.

Qarindoshu-yaqin do‘stlar ila quda -andalik qilma.

O‘tirgan uying ortida xashak, o‘tin saqlatma va saqlama.

Kirxonang va dazmolxonang uchun alohida yopiq solginki tashvish va xatardan xoli bo‘lasan.

Xonadonda imkoniyatga qarab ot, sog‘in sigir yoxud qo‘y, echki saqlashning xosiyati cheksizdir.

Sayohat yohud lozimandaga oilangni to‘la jamlab bormagin va buning izohini o‘zing tafakkur qil.

Bir lavozimga o‘tish lozim bo‘lib qolsa to amalga oshmaguncha kishiga bildirma.

Bir joyga borishingni albatta uydagilaringga bildirib qo‘y va bundan borgan joydagilarga gap orasida ma’lum qilib qo‘y.

Senga ishi tushgan qiyinchilik holatida qolgan, tushkunlikka tushgan insonlarga yordam ber.

Mehmon kelganda barcha ishlaringni unut. Uning ko‘nglini ol. Nihoyatda uzrli ishing bo‘lsagina undan ma’zur tutishini so‘ra.

Avvalo xudodan senga qolsa farzandlaringni sherigi bilan yaratilgani ma’qul, toki u kelajakda o‘ksimasin.

Yordam bergan, nafi tekkan, yoinki qo‘llab-quvvatlagan odamning qadrini bilmaslik biror mavqeni egallaganingda ularni unutish oqibati bu dunyodayoq ayanchli bo‘ladi.

Gar yerning zahri qochirilmasa, o‘g‘it yordam bermaganidek, inson bir ishdan manfaatdor bo‘lmasa, zo‘ravonlik bilan maqsadga erishib bo‘lmaydi.

Agar inson naslda asl bo‘lsa, mansabdor puldor bo‘lganda ham aslo o‘zgarmaydi.

G‘arazli maqsadda egallangan mansabning oxiri xosiyatsiz tugaydi.

Inson yomonlikni ham, yaxshilikning ham qaytimini nafaqat oxiratda, balki hayotligidayoq ko‘radi.

Kim amaldor bo‘lmasin, idora etmasin, ularga oxirgi bahoni besh-o‘nta chapakchilar emas xalq beradi.

Insonlar ko‘ziga tik qarash va ko‘zni pirpiratmaslik eng ulug‘ ne’matdir.

Har qanday yo‘l bilan xotinini tinchitolmagan erkakning, bir joyni boshqarishiga ishonmayman.

Bir daqiqalik erinish bir umirlik pushaymonlik keltiradi.

Jamoatda gap-so‘z tarqatib, ko‘chadagi gapni uyida muhokama qilib yuradigan odamlardan uzoqroq yur.

Ertalab ish-yumushga ketayotib ota-onasidan fotiha oladigan, qaytganida esa ularni tavof qilib, ularni duosini oladigan farzandning ikki dunyosi obod bo‘lur.

Xijolatli ishni aytishdan do‘stingni qutqar.

Ishlaydigan odamni ishni o‘zi axtaradi.

Mudom hasrat bilan yuradigan, doimo norozi inson bilan yaqinlashma.

Inson har qanday sharoitda ham o‘zini tuta olsa, bu mardlik va olijanoblik nishonasidir.

Oilang, yaqinlaring sha’niga dog‘ tekkizmoqchi bo‘lgan insonni qadrlash – oilaga xiyonatdir.

Alloh bandasini jazolamoqchi bo‘lsa, oldin aqlni olarkan.

Ko‘rgilik, aqlsizlar uchun murabbiydir.

Ota-onasining ko‘ziga tik qarab o‘zinikini maqullatadigan farzanddan o‘zing saqla.

Hamma narsaning meyori yaxshi, isrofning oqibati ko‘ngilsiz bo‘lar.

Alloh insonni bir umr baxt izlash azobi bilan jazolagan.

Kishilar boshiga ish tushganda, qiyinchilik paytlarida insonga baho berish mumkin.

Seni hovliqtirib, gij-gijlatib niyatiga yetganida ustingdan kuladiganlar yo‘q emasligini unutma.

Do‘stingning iltimosi, taklifining birontasiga monelik qilgin-chi, shunda bilasan.

Kishini kiygan kiyimi, mingan avtomashinasi, o‘tirgan uyiga havas qil, ammo bilki, uning tashvish- g‘ami, qaysi bir narsadan yetishmovchilik tomoni senikidan ortiqdur.

Hadeb falonchilarni maqtayvermasdan, sening yurishing, hayotingga ham havas qiladiganlar borligi uchun shukur qil.

Havas qilish, ko‘rolmaslik, boshqalarni ayblash kasaliga mubtalo bo‘lganlarning oqibati xayrli bo‘lmaydi.

Kayfiyatni ushlab turish – iymonni ushlab turish bilan barobardir.

Odamni qariganda sergap, ezma bo‘lib qolishidan Alloh o‘zi saqlasin.

Civil.uz | Yuridik maslahatlar

Bizni telegramda kuzatib boring!

Obuna
Bekor qilish