Skip to main content

Oliy ta’lim va ishlab chiqarish uyg‘unligi: dual ta’limda yangi imkoniyatlar

Temur Po’latov
Kiber huquq kafedrasi o’qituvchisi
Toshkent davlat yuridik universiteti

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025 yil 16 yanvardagi 14-son qarori oliy ta’lim tizimida dual ta’limni joriy etish hamda «Kasb egasi» dual ta’lim tizimini tashkil qilishni nazarda tutadi. Mazkur qaror, avvalo, Prezidentimizning «Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’yektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2023 yil 12 iyundagi PF-93-son Farmoni va «Chirchiq shahrida qishloq xo‘jaligi mashinasozligi klasterini tashkil etishni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» 2022-yil 28 iyuldagi PQ-335-son qarorining bajarilishini ta’minlash maqsadida qabul qilindi.

Qarorga muvofiq, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab dual ta’lim shakli bosqichma-bosqich oliy ta’lim tizimiga joriy etilishi rejalashtirilgan. Bu jarayonda oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi o‘zaro hamkorlikda ish olib boradi. E’tiborli jihati, dual ta’lim asosida o‘qitish nazariy qismni oliy ta’lim tashkiloti, amaliy qismi esa korxonada (ish joyida) tashkil etilishini anglatadi. Shu orqali talabalar sohasi bo‘yicha asosiy ko‘nikmani bevosita ishlab chiqarishda egallash imkoniga ega bo‘ladi.

«Kasb egasi» dual ta’lim tizimi esa nazariy bilimlar oliy ta’lim tashkilotida, amaliy mashg‘ulotlar yo‘llanma asosida ish joyida tashkil etiladigan, shu bilan birga korxona tomonidan ish haqi to‘lanadigan shakl sifatida ko‘zda tutilgan. Qarorda bu jarayonni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘larini jalb qilish tartibi aniq bayon qilingan. Jumladan, korxona bevosita talabaga to‘laydigan ish haqining 2 million so‘mgacha bo‘lgan qismi jamg‘arma tomonidan har oy qoplab berilishi belgilangan.

Qarorda, shuningdek, dual ta’lim joriy etilayotgan korxonalar, ularda amaliy jarayonlar uchun yaratilishi zarur bo‘lgan sharoitlar, hamda bu jarayonni qaysi vazirlik va idoralar monitoring qilishi keng ko‘lamda bayon etilgan. Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti «Kasb egasi» dual ta’lim tizimini birinchi bo‘lib joriy etadi. Bu tajriba, avvalo, korxona va ta’lim muassasasi hamkorligi orqali real ish joyida kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirishga yordam beradi.

Qarorda hududiy hokimliklar, vazirliklar va idoralar, shu bilan birga, Savdo-sanoat palatasi dual ta’lim shaklini joriy etishda hamkorlik qilishlari zarurligi ta’kidlangan. Korxonalarda tayyorgarlik ko‘rish, kafedra filiallarini tashkil etish, talaba va amaliyot rahbari (ustoz)lar o‘rtasida mas’uliyatni aniq belgilash kabi vazifalar ham qayd etilgan. Jumladan, amaliyot rahbarlariga (ustozlarga) korxona tomonidan qo‘shimcha mehnat haqi to‘lash tartibi joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Ushbu qaror, kutilganidek, iqtisodiy taraqqiyot va hududlarda klasterlar faoliyatini kuchaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Talabalar oliy ta’lim tashkilotida nazariy bilim olib, bir vaqtning o‘zida korxonalarda amaliy ko‘nikma shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘lishi, ularni kelajakda malakali mutaxassis sifatida mehnat bozoriga tayyorlab chiqishi nazarda tutilayapti. Shu bilan birga, dual ta’lim talabalar uchun stipendiya yoki ish haqi orqali moddiy rag‘bat ham yaratadi. Xulosa qilib aytganda, Vazirlar Mahkamasining ushbu 14-son qarori mamlakatimizda innovasion ta’lim texnologiyalarini joriy etish, yoshlarimizga raqobatbardosh kasbiy ko‘nikmalar berish hamda «Kasb egasi» dual ta’lim tizimi orqali korxona bilan talabani bir-biriga bog‘lashda yangi bir bosqich hisoblanadi. Bu orqali oliy ta’lim va ishlab chiqarish o‘rtasida hamkorlik yanada mustahkamlanadi, mehnat bozori uchun mutaxassislar tayyorlash jarayoni kuchaytiriladi va eng asosiysi, bitiruvchilar uchun aniq ish o‘rinlari paydo bo‘lishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Categories: Yangiliklar