Soliq ortiqcha to’langanda nima qilish kerak?

Soliq huquqi

Agar jismoniy shaxs soliq to‘lovini ortiqcha to‘lagan bo‘lsa, u quyidagi huquqlarga ega:

  • boshqa soliq to‘lovlari bo‘yicha mavjud qarzdorlikni to‘lashga yo‘naltirish (ortiqcha to‘langan summalarini hisobga olish);
  • ortiqcha to‘langan summani qaytarishni talab qilish.

Ortiqcha to‘langan summa quyidagi ketma-ketlikda hisobga olinishi kerak:

  • mazkur soliq turining penyasi bo‘yicha qarz hisobiga;
  • boshqa soliqlar va ularning penyalari bo‘yicha qarzni uzish hisobiga;
  • soliqqa oid huquqbuzarliklar uchun jarimalarni to‘lash hisobiga.

Soliq bo‘yicha qarzini qoplash hisobiga soliq to‘lovchi tomonidan ortiqcha to‘langan summani hisobga olish soliq organlari tomonidan mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Ortiqcha to‘langan soliq summasini soliq qarzini qoplash hisobiga hisobga olish to‘g‘risidagi qaror soliq organi tomonidan soliqning ortiqcha to‘langanligi fakti aniqlagan kundan e’tiboran yoki agar soliq organi va soliq to‘lovchi tomonidan u to‘lagan soliqlarni birgalikda o‘zaro solishtirish o‘tkazilgan bo‘lsa, bunday birgalikdagi solishtirish dalolatnomasi soliq organi va soliq to‘lovchi tomonidan imzolangan kundan e’tiboran yoxud sudning tegishli qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida qabul qilinadi.

Ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish yoki qaytarish to‘g‘risida soliq organiga ariza soliq to‘lovchi tomonidan undan soliq ortiqcha undirilgani fakti o‘ziga ma’lum bo‘lgan kundan yoki sud qarori qonuniy kuchga kirgan kundan e’tiboran besh yil ichida berilishi mumkin.

Manba:

O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 103-105 moddalari

Islombek Abdixakimov