SSV yangilangan asosiy dori vositalari roʻyxatini tasdiqladi

Yangiliklar

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi bilan yangilangan asosiy dori vositalari roʻyxati (ADVR) tasdiqlandi.

Oʻzbekiston Respublikasining asosiy dori vositalari va tibbiy buyumlari roʻyxatini tuzish boʻyicha Yoʻriqnomaga muvofiq ADVR Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qiladigan farmakoterapevtik tasniflash asosida shakllantiriladi.

Mazkur roʻyxatdan tibbiyot muassasalarining ehtiyojini tahlil qilishda, xaridlarni oqilona tashkil etish va dori vositalarini taqsimlashda, xodimlarni uni toʻgʻri qoʻllashga oʻrgatish, mahalliy farmatsevtika korxonalari tomonidan asosiy dori vositalari ishlab chiqarilishini ragʻbatlantirishda, asosiy dori vositalari mavjudligini monitoring qilish va narxini shakllantirishda foydalaniladi.

Dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomi bilan dozasi va chiqarilgan shakli koʻrsatilgan holda ADVRga kiritiladi. Dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomga ega boʻlmagan taqdirda, uning oʻrnini bosuvchi nom yoki tarkib koʻrsatiladi.

Yangi roʻyxatga dori vositalarining 43 guruhi boʻyicha preparatlar dozalari koʻrsatilmagan holda berilgan. Xususan, asosan markaziy nerv tizimiga taʼsir qiluvchi, psixotrop dori vositalari, analgetik vositalar, asosan periferik xolinergik jarayonlarga taʼsir qiluvchi dori vositalari va boshqalar kiritilgan.

Roʻyxat Savdo-sanoat palatasi va Innovatsion sogʻliqni saqlash milliy palatasi bilan kelishilgan.

Mazkur buyruq bilan Sogʻliqni saqlash vazirligining buyrugʻi (roʻyxat raqami 3045, 27.07.2018-y.) bilan tasdiqlangan asosiy dori vositalari roʻyxati oʻz kuchini yoʻqotadi.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.03.2021-yildan kuchga kirdi.

Islombek Abdixakimov