Skip to main content

Tibbiyot sohasidagi korrupsiyaga qarshi kurashish: muammolar va yechimlar

Rayimova Munisa Nozim qizi
Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o’qituvchisi

Mamlakatni rivojlanishiga eng katta to’siq bo’layotgan omillardan asosiysi tibbiyot sohasidagi korrupsiyadir. Bu illatni batamom bartaraf etish uchun tizimli ravishda oldini olish va qarshi kurashning samarali mexanizmini yaratmasdan turib barcha sohalar kabi tibbiyot sohasida ijtimoiy adolatni o’rnatish, fuqarolarning tibbiy huquq va erkinliklarini samarali ta’minlash imkoniyati mavjud emas, bu esa juda katta qurbonlarga sabab bo’ladi.

Statistik ma’lumotlarga ko’ra, korrupsiya jinoyatlarining asosan tibbiyot, ta’lim, davlat xizmati ko’rsatish, xususan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga litsenziya va ruhsat berish bilan bog’liq sohalarda hali-hamon kamaymayotganligi tashvishlidir.

Tarixiy kontekst va hozirgi holat

Bu dunyoda halol va pok yashashni o’zi uchun hayotiy e’tiqod, oliy maqsad deb biladigan odamlar ko’pchilikni tashkil qiladi. Ammo hayotda shunday insonlar borki, korrupsiya deb atalmish jaholat botqog’iga qadam bosishadi. Ming afsuslar bo’lsinki, tibbiyot sohasida korrupsiyani jilovlashning yechimi topilmagan.

O’zbekistonda shov-shuvlarga aylangan “Dok-1 Maks” yoki “Rinotin kids” ishlari fikrimizning yorqin isboti bo’la oladi, chunki korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga o’tgan asrning yaqin o’tmishida yetarlicha e’tibor qaratilmasdan kelindi.

O’zbekiston o’z mustaqilligini qo’lga kiritganidan boshlab 2016 yilga qadar bo’lgan davrda korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyati, asosan, Davlatning bir qator asosiy shartnomalarga qo’shilishi bilan xarakterlangan bo’lsa, 2016 yildan keyingi davrda korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan samarali mexanizmlarni yaratish, korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini qonuniy tartibga solish masalalariga oid zarur chora-tadbirlar ko’rildi.

Korrupsiyaga qarshi kurash faoliyatining yangi bosqichi Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev tashabbusiga koʼra 2016 yil 14 oktyabrda «Korrupsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida»gi Oʼzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi kiritilganligi bilan boshlab berildi. Zero, mazkur hujjat korrupsiyaga qarshi kurash – davlat siyosatining ustuvor yoʼnalishi sifatida eʼtirof etilganligini anglatar edi.

Global taqqoslash va tahlil

Keling, korrupsiyani Jahon miqyosida O’zbekiston bilan solishtirilgan holda tahlil qilaylik. Transparency International xalqaro korrupsiya indeksining 2023 reytingiga ko’ra O’zbekiston Jahondagi 180 ta davlatlar orasida 121-o’rinda ekanligi, ya’ni qashshoq Afrika mintaqasining qashshoq mamlakatlari qatoridaligini achchiq haqiqat sifatida tan olishimiz kerak. Biz tanqiddan qo’rqmasdan, tanqidiy ma’lumotlarni yashirmasdan, balki shu ko’yga olib kelgan sabab va shart-sharoitlarni aniqlab, ularni bartaraf etish ustida ishlashimiz kerak deb hisoblaymiz.

2020-yilda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tashkil etildi. Farmon bilan Agentlikning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari belgilandi. O’zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashda uzoq muddatli ijobiy dinamikani namoyish etuvchi 16 ta davlat qatoriga kiritildi.

Ammo qonunlar hayotda ishlamasa, uning bir necha varaq oddiy qog’ozdan farqi qolmaydi. Ana endi korrupsiyaga qarshi qonunlar bor, tinch, xotirjam yashayversak bo’ladimi? Yo’q, korrupsiyadan qutulish zaruratini har birimiz yuragimizdan o’tkazishimiz, unga qarshi qat’iy kurashishimiz kerak. Korrupsiyaga qarshi kurashish kerak deb ko’pchiligimiz gapiramiz. Bu xuddi aqlli bo’lishni istasang, ko’proq kitob o’qi qabilidagi gaplarga o’xshab qolgan. Ammo qanday kitoblarni o’qish kerak degan savol barchamizda tug’iladi va o’z –o’zidan korrupsiyaga qarshi amalda qanday kurashishimiz kerak degan savol tug’ilishi tabiiy hol, albatta.

Aholi salomatligiga ta’siri

Korrupsiyaning tibbiyot sohasiga salbiy ta’sirini qurollanmagan ko’z bilan qaraganda, mamlakatning inson hayotiga to’g’ridan to’g’ri ta’sir etayotganligini oddiygina inson uzoq umr ko’rish ko’rsatgichlari bilan korupsiyaning jilovlanganligini ko’ramiz. O’zbekiston 2023-yil statistikasiga ko’ra ushbu ko’rsatgichda 127-o’rinni egalladi.

Aholimiz 37 mln. kishiga yetgan bo`lsa-da, atigi 10 foizi 60 yoshdan oshgan.

Taklif etiladigan yechimlar

1. Tibbiyot huquqini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini kodifikatsiyalash

Tibbiy yordamning yuqori va barqaror sifatini ta’minlash sog’liqni saqlash sohasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Hozirgi kunda O’zbekistonda ushbu sifatni yuqori deb baholash qiyin. Buning asosiy sababi sog’liqni saqlash tizimida unifikatsiya yo’qligini kuzatishimiz mumkin, ya’ni yagona me’yor va standartlarga qat’iy muvofiqlashtirish yo’q, buning natijasida qishloqlarda tibbiy xizmat ko’rsatish sifati shaharlardan ancha farq qiladi.

Huquqning qonuniylashtirilgan tarmog’i bo’lmasdan, de-fakto tibbiyot huquqi allaqachon mavjud. Yuridik institut sifatida meditsina huquqiga doir qonunning yo’qligi huquqni qo’llash amaliyotining rivojlanishiga to’sqinlik qilmoqda. Shu kungacha qabul qilingan qonunlar “Jismoniy tarbiya va sport, turizm” bo’lib, u “Sog’liqni saqlash” tarkibiga asosan sog’liqni saqlashni tashkil etish bilan bog’liq bo’lgan bir qator elementlarni birlashtiradi. Ushbu qonunlarda “tibbiyot huquqi” atamasi yo’q; asosiy pozitsiya “jismoniy tarbiya va sport” va “turizm” kabi elementlar bilan birlashtirilgan, bu ularning umumiy ijtimoiy yo’nalishidan kelib chiqadi, ammo tibbiyot huquqining paydo bo’lishining mantiqiy asoslarini xiralashtiradi; qonun elementlari statistik yondashuvni ko’rsatadi, chunki ular davlat nazorati nuqtai nazaridan sog’liqni saqlashni tashkil etish masalalarini qamrab oladi, lekin bemorning huquqlari, tibbiy javobgarlik, xodimlar, bioetika va shifokorning huquqiy maqomi kabi muhim tartibga solish obyektlarini o’z ichiga olmaydi.

“Tibbiyot huquqi” atamasi so’roq ostida. Huquq nazariyasida tibbiyot huquqi fanining predmeti, mohiyati va ma’nosining yagona va to’liq talqini mavjud emas. Aynan shu narsa aholi salomatligiga salbiy ta’sir ko’rsatmoqda, chunki huquqiy tartibga solish va tibbiy xizmatlar sifati o’rtasidagi bog’liqlik zamonaviy hayotning yetakchi muammolaridan biridir.

Salomatlikni muhofaza qilish deganda har bir shaxsning jismoniy va ruhiy salomatligini saqlash va mustahkamlashga qaratilgan tibbiy, ijtimoiy, ilmiy, iqtisodiy va siyosiy tadbirlar majmui tushuniladi. Yangi tahrirda qabul qilingan Konsitutsiyamizning 48-moddasiga muvofiq, har kim sog’lig’ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Bundan tashqari O’zbekiston Respublikasi “Fuqarolar sog’lig’ini saqlash to’g’risida”gi Qonunining 13-moddasida O’zbekiston Respublikasi fuqarolari sog’liqni saqlash borasida daxlsiz huquqqa egadirlar, deya ta’kidlangan. Shu bilan birga, fuqarolarning bepul tibbiy yordam ko’rsatish bo’yicha konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishga to’sqinlik qilayotgan muammolar ham mavjud.

Aholi salomatligi va hayoti sohasidagi eng zamonaviy muammolar haqida gapirganda, O’zbekiston ta’lim tizimi va qonunchiligiga Tibbiyot yoki tibbiyot huquqi kabi yangi sahifani kiritish zarurati tug’iladi. Zero, korrupsiyaning dastlabki kurtaklari mana shu tartibga solinmagan oddiy kunlik odatiy qoidalardan, elementlardan boshlanadi, ularni tartibga olish, huquq normalari bilan muhofaza qilish – kurtaklarning rivojlanib ketishini oldini olishning yagona yechimidir. Zamonaviy dunyoda tibbiyot huquqi jinoyat, oila, soliq, mehnat, yer va boshqa sohalar qatori huquqning alohida tarmog’idir.

Tibbiy xatolar va boshqa tibbiy etika qoidalarini buzish holatlarining ko’payishi bu sohani rivojlantirishga chaqiradi. Zero, tibbiy xizmatlarning past sifati darhol mamlakat taraqqiyotiga, statistik ko’rsatkichlarga, demografik vaziyatga ta’sir qiladi. Sog’liqni saqlash sohasidagi vaziyatni nazorat qilish, shuningdek, tibbiy xizmatlar sifati bilan bog’liq qator muammolarni hal qilish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish, tibbiy yordam ko’rsatishning amaldagi standartlarini ishlab chiqish, tibbiy xizmat ko’rsatish holatini monitoring qilish zarur.

Buning uchun esa tibbiyot huquqini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini kodifikatsiyalash zarur.

2. Tibbiyot huquqi bo’yicha yagona ta’lim dastur ishlab chiqib, Oliy ta’lim muassasalariga tadbiq etish

Tibbiyot huquqi nafaqat huquqshunoslar, shifokorlar tomonidan talab qilinadi, balki oddiy xalqning kundalik duch keladigan talab darajasida tartibga solinmagan munosabatlaridir, shunga qaramasdan hanuzgacha O’zbekistonda yuridik hamda tibbiyot mutaxassisliklari bo’yicha davlat ta’lim standartlari tibbiyot huquqini o’qitishni nazarda tutmaydi.

Biz huqushunoslar uchun tibbiyot huquqi kurslari tizimi xuddi shu nomdagi intizom bo’yicha tibbiyot xodimlarini tayyorlash kursidan tabiiy ravishda farq qilishi kerakligini tushunamiz. Tibbiyot huquqi “huquqiy va tibbiyot fanining bir qismi bo’lgan nisbatan yosh huquq sohasi” deb taxmin qilinadigan bo’lsa-da shifokorlar yana bir majburiy intizomga ega – bioetika hisoblanadi. Shu bilan birga, Gostin bioetika me’yorlarini tibbiy huquqning manbalaridan biri deb hisoblash mumkin, degan fikrni bildiradi.

3. Aholining tibbiy savodxonligini oshirish

Muammo shundaki, tibbiy madaniyatni o’rgatish tizimli ravishda ta’lim tizimi va amaliyotga yetarli darajada joriy etilmaganligidir. Ayni paytda, tibbiy madaniyat qoidalarining qonunchilik bilan to’liq va yetarli darajada tartibga solinmaganligini e’tiborga olganda uni joriy etish haqida gapirish erta, bu muammolarning yechimi bo’lsa, yagona, ya’ni O’zbekistonda tibbiyot huquqini takomillashtirishdir.

Yoshlarning ko’p qismi internet orqali ma’lumot olishlarini hisobga olsak, ijtimoiy tarmoqlar yordamida kichik video roliklar tayyorlash yoki televideniyada maxsus ko’rsatuvlar, jonli tahlillar orqali aholining tibbiy savodxonligini oshirish mumkin. Bundan tashqari, “Targ’ibot poezdi” kabi bir guruh mutaxassislar turli viloyat, tashkilot va Oliy ta’lim muassasalariga borib targ’ibot va tashviqot ishlarini olib borishlari lozim deb hisoblaymiz.

Xulosa

Yuqorida sanab o’tiladigan omillarning bartaraf etilishi sohadagi mavjud korrupsiyani oldini olishga yetarlicha hissa qo’shgan bo’lar edi.

Tibbiyot huquqi O’zbekistonda rivojlanmas ekan, bu boradagi muammolarga duch kelaveramiz va men bu fanni rivojlantirish maqsadida yurtimga qaytib kelganimdan so’ng Toshkent davlat yuridik universitetida “Tibbiyot huquqi” kafedrasini yo’lga qo’yib, shuningdek boshqa yuridik fakultetlarda ham ushbu fanni joriy etib, uning rivojlanishiga hissa qo’shmoqchiman. Bundan tashqari Tibbiyot huquqi uyishmasini tashkil etish orqali sohaning rivojiga salmoqli hissa qo’shmoqchiman.

Xulosa o’rnida shuni aytamanki, hozirda amalga oshirilayotgan barcha ishlar kelajak avlod, ya’ni biz uchun. Shunday ekan, O’zbekistonimiz ravnaqi uchun har birimiz mas’ulmiz va korrupsiyaga qarshi kurashishni avvalambor, inson o’zidan boshlashi kerak. Dunyoda har bir inson kurashni, nafsini tiyishni o’zidan boshlasa, korrupsiya o’z-o’zidan yo’qoladi. Shunday ekan, korrupsiyani yengish har bir insonning o’z qo’lida ekanligini va uni bor yoki yo’q qilish siz va bizning xohish irodamizga bog’liq ekanligini esdan chiqarmagan holda Vatanimiz rivoji uchun hissa qo’shaylik.

Categories: Ilmiy maqolalar