“Tom amakining kulbasi” romanidan parchalar (Garriet Bicher Stou)

Qullikning eng dahshatli tomoni shundaki, u his-tuyg‘ularni o‘ldiradi.

Аgar biz yaxshilik qilish yo‘lida yomonlikka uchrashdan qo‘rqqanimizda edi, inson nomiga loyiq bo‘lmas edik.

***

Qabrda biz hammamiz erkinmiz va tengmiz.

***

Аgar siz uchun juda qiyin bo‘lsa, hamma narsa sizga qarshi bo‘lsa, sizni ortiq bir daqiqa ham chidashga kuchingiz yo‘qdek tuyulsa, orqaga qaytmang, aynan shu lahzalarda kurashda keskin burilish yuz beradi.

***

Qul imkon bo‘lishi bilan xo‘jayinga aylanishni istaydi.

 

Asar haqida

“Tom amakining kulbasi” — amerikalik yozuvchi Garriet Bicher-Stouning 1852-yilda qullikka qarshi ruhda yozilgan romani. Roman o‘z davrida juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi, hatto ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, u tufayli qullik asosida yuzaga kelgan mahalliy mojarolardan biri shu qadar kuchaygan ediki, oqibatda Аmerikada fuqarolik urushi boshlanib ketdi.

Qora tanli Tom Kentukki shtatidan bo‘lgan janob Shelbining quli edi. Shelbi birjada yutqazib qo‘yganidan so‘ng Tom va Garri ismli bolani qul savdosi bilan shug‘ullanuvchi Geyliga berib yuborishga rozi bo‘ladi. Shelbi va Geyli o‘rtasidagi suhbatni eshitib qolgan Garrining onasi Eliza o‘g‘lini olib, bu yerlardan qochadi. U Ogayo daryosini muzlar ustidan kesib o‘tishga muvaffaq bo‘ladi, boshqa tarafdagi fermerlar ularni Kanadaga olib ketuvchi insonning oldiga olib borishadi.

Elizaning eri, boshqa bir xo‘jayinning qo‘lida ishlovchi va uning zulmlaridan to‘yib ketgan mulat Jorj Garris ham umidsizlikka tushib, xo‘jayinining uyidan qochib ketadi. U ispaniyalik jentelmen niqobi ostida daydib yuradi. Jorj va Eliza uchrashadi. Qochib ketgan qullar oilasining ortidan qul ovchilari izma-iz kelmoqda, oldinda esa ularni juda katta sinovlar kutmoqda. Tom juda dindor, vijdonli va mehnatkash odam edi. Elizaning ogohlantirishiga qaramay u Xudoning irodasiga bo‘ysunishga va xo‘jayinidan voz kechmaslikka qaror qiladi. Uning taqdiriga bitilgan azob-uqubatlar ham cheksiz edi…

 

“Tom amakining kulbasi” XIX asrning Injildan keyingi eng ko‘p sotilgan kitobi hisoblanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications