Tug’ilganlik to’g’risidagi guvohnomani topa olmayabsizmi?

Aksariyatimiz shu kabi holatlarga duch kelganmiz. Xoʻsh bunday hollarda guvohnoma topilmasa, nima qilish kerak?

Bunday hollarda FHDY (ZAGS) organlariga murojaat qilish lozim.

Bunda oʻsha dalolatnoma yozuvini qayd etgan FHDY organiga yoki oʻzi yashab turgan joydagi FHDY organiga murojaat etish mumkin. Yashash joyidagi FHDY organi orqali takroriy guvohnoma berish toʻgʻrisidagi iltimos bilan murojaat etilganda arizani qabul qilgan FHDY organi uni guvohnomani bergan FHDY organiga ijro uchun joʻnatadi.

Pochta orqali kelib tushgan takroriy guvohnoma soʻralgan arizalar shu kuni ijro etiladi va yoʻllanma xat bilan birgalikda FHDY organiga joʻnatiladi va bir vaqtning oʻzida ariza beruvchiga guvohnoma joʻnatilgani haqida xabarnoma yuboriladi. Ariza beruvchi guvohnomani bergan FHDY organiga murojaat etganda takroriy guvohnoma shu kuniyoq beriladi.

Tugʻilganlik haqida takroriy guvohnomalar oʻsha shaxsning oʻziga, uning ota-onasiga yoki tasdiqlangan ishonch qogʻozi asosida boshqa shaxslarga beriladi.

Vafot etgan shaxsga nisbatan tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda, vafot etgan shaxsning tugʻilganligi haqida maʼlumotnoma berilishi mumkin. Oʻlim haqidagi takroriy guvohnomalar marhumning yaqin qarindoshlariga va merosxoʻrlariga yoki ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi.

Nikoh tuzilganligi va nikohdan ajralganlik haqidagi takroriy guvohnomalar tegishli shaxslarning oʻzlariga yoki ishonch qogʻoziga ega boʻlgan shaxslarga beriladi. Nikohdan ajratilganda nikoh tuzilganligi haqidagi takroriy guvohnoma berilmaydi. Zarur hollarda nikoh tuzilganligi haqidagi maʼlumotnoma berilishi mumkin.

Takroriy guvohnomalar berganlik uchun eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida gerb yigʻimi (oʻlim haqidagi gerbli guvohnoma bundan mustasno) va eng kam oylik ish haqining 15 foizi miqdorida davlat boji toʻlash lozim. Ushbu xizmat Davlat xizmatlari markazlari tomonidan amalga oshiriladi.

Baʼzi hollarda, moliyaviy qiyinchilik, eʼtiborsizlik, ota-onaning hujjatlari (pasport, nikoh guvohnomasi)ning mavjud emasligi va h.k sabablar tufayli tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma vaqtida olinmaydi. Bu holat kelgusida bola uchun nafaqa olishda, fuqarolikni belgilashda, uni bogʻchaga, maktabga berishda muammolar, ovoragarchiliklarga sabab boʻladi.

Xoʻsh bunday holatda nima qilish kerak?

1-holat. Bola tugʻruqxonada tugʻilgan boʻlsa.

Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tugʻilgan joydagi FHDY organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:

ota-onaning pasporti;

bolaning tugʻilganligi haqida tibbiy maʼlumotnoma (mazkur maʼlumotnoma soʻralgan kuni tugʻruqxona tomonidan taqdim etiladi);

bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (poliklinikadan olinadi);

bolaning taʼlim olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (agar oʻqiyotgan boʻlsa);

bola tugʻilgan joydagi FHDYO arxividan ushbu bolaga nisbatan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

2-holat. Bola uyda tugʻilgan boʻlsa.

Bunda, ota-ona yashayotgan yoki bola tugʻilgan joydagi FHDY organiga quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda ariza berish lozim:

ota-onaning pasporti;

bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma (dalolatnoma bola tugʻilgan kunda rasmiylashtirilgan boʻlishi shart);

dalolatnoma asosida uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tomonidan berilgan maʼlumotnoma;

bolaning sogʻligʻi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (poliklinikadan olinadi);

bolaning taʼlim olayotganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma (agar oʻqiyotgan boʻlsa);

bola tugʻilgan joydagi FHDYO arxividan ushbu bolaga nisbatan tugʻilganlik haqida dalolatnoma yozuvi qayd etilmaganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma.

Agar bolaning ushbu onadan tugʻilganligiga guvoh boʻlganlar ishtirokida tuzilgan va uchastka shifokori (feldsher yoki akusher) tasdiqlagan dalolatnoma tuzilmagan boʻlsa, bunday hollarda bolaning aynan shu onadan tugʻilganligi fakti fuqarolik ishlari boʻyicha sud tomonidan belgilanadi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications