Uolter Ayzeksonning “Stiv Jobs” asari haqida

O‘zining aqliy salohiyati va mehnati bilan dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan afsonalarni afsonaga aylantirgan hayot yo‘llarining qanday kechganligi ko‘pchilikni qiziqtiradi. Shunday hayot yo‘lini haqqoniy tasvirlab bergan asarlardan biri Uolter Ayzeksonning Stiv Jobs asaridir.
Albatta, tarixiy shaxslar haqida yaratilgan asarlar har doim ham haqiqatni tasvirlayvermaydi. Ammo, Ayzeksonning asari haqqoniyligi bilan diqqatga sazovor. Chunki, u asarni yozish jarayonida Stiv Jobsning o‘zi bilan bir necha bor intervyular uyushtiradi. Shuningdek, Stivni yaxshi tanigan do‘stlari, birga ishlagan hamkasblari hamda dushmanlari bilan suxbatlashib, ularning ham fikrlari asosida Stiv Jobs hayoti xolisona yoritilgan asarni yaratadi.
Asarga ko‘ra, Stiv Jobs biologik jihatdan Suriyalik Abdulfattoh Jon Jandaliy va asli Germaniyalik muxojirlar oilasidan bo‘lgan Joan Shiblelarning farzandidir. Ammo, ota-onasi undan voz kechgach, Stiv Pol va Klara Jobs tomonidan asrab olinadi. Pol Jobs eski mashinalarni sotib olib ularni ta’mirlab sotardi va shundan daromad topardi. U o‘g‘lida ham avtomobillar va texnikaga nisbatan mehrni uyg‘otishga harakat qilardi. Xullas, aytishimiz mumkinki, Stiv texnika haqidagi dastlabki bilimini otasining garajida olgan. Stivning yillar davomida sayqallanib borgan bu bilimi hamda Stiv Voznyak va boshqa u kabi o‘z sohasining daholarini yagona maqsad yo‘lida birlashtira olish qobiliyati uni o‘z sohasida to‘ntarishlar yasay oladigan texnologiyalarning asoschisi sifatida dunyoga tanitdi.
Stiv Jobs jamoadoshlarini yangidan yangi maqsadlarga ilhomlantirib turgani, ko‘p hollarda jamoasini bu maqsadlarga yetkazganiga qaramasdan ko‘pchilik uni yoqtirmasdi. Buning sababi Stivning juda talabchanligi, qo‘polligi va shu kabi boshqa kamchiliklari edi. Mana shu kamchiliklari oqibatida Stiv 30 yoshida o‘zi asos solgan Apple kompaniyasidan haydaladi va NeXT degan kompaniyaga asos soladi va birmuncha muvaffaqiyatga erishadi. Bu paytga kelib Applening ishlari yurishmay qolgan edi. Natijada Stivni qaytarish uchun Apple NeXTni sotib olishga qaror qiladi va Stiv yana Appleda ish boshlaydi.
Bir umr Stiv Jobs bilan raqobatlashib kelgan Bill Geyts ham bir uchrashuvda Stiv ajoyib mahsulotlar yaratganligini va 90-yillarning oxirida Apple ahmoqlar qo‘lida barbod bo‘layotgan paytda kompaniyani qutqarib qolganini aytadi. Bu, albatta, Bill Geytsning Stiv Jobsga e’tirofi edi.
Rafiqasi Loren Pauell: “Ko‘plab buyuk insonlar kabi Stiv ham benuqson emas, u o‘zini boshqalarning o‘rniga qo‘yib ko‘rishni bilmaydi, lekin insoniyatga yordam berishga va dunyoga foyda keltirishga urinadi”, – deb Stiv haqida o‘z fikrini bildirgandi.
Stivga hamma narsani yaxshilab bajarish yoqardi, hatto hech kim ko‘rmaydigan narsani ham. U mahsulotlarni mukammal yaratishga harakat qilardi, mukamallikni esa oddiylikda deb bilardi. Astronom Iogann Kepler “tabiat oddiylikni va yagonalikni yaxshi ko‘radi”, – degandi. Stiv ham oddiylikni hush ko‘rardi, hatto shaxsiy hayotda ham. U moddiy boylik ko‘pincha hayotni umuman boyitmaydi, balki unga xalaqit beradi degan to‘xtamga kelgandi. “Menga tanish bo‘lgan barcha kompaniya egalarining qo‘riqchilari bor. Hatto ularning uylarida ham. Bu ahmoqona yashash usuli. Biz bolalarimizni bunday katta qilmaslikka qaror qilgandik” – degandi u bu xususda.
Shaxsiy hayoti turli muvaffaqiyat va mag‘lubiyatlar, sog‘lig‘i bilan bog‘liq muammolar girdobida kechgan Stiv Jobs uzoq yashamadi. U 2011-yilda saraton kasalligi natijasida 56 yoshida vafot etdi. Undan insoniyatga juda katta meros qoldi.
O‘limidan oldin Stiv Jobs mazkur kitobning muallifiga quyidagi so‘zlarni aytadi:
Bolalarim men haqimda ko‘proq bilib olishini xohlagandim. Men har doim ham ular bilan yetarlicha vaqt o‘tkaza olmadim va ular meni tushunishini xohlardim. Kasal bo‘lgach, men o‘lganimdan keyin odamlar men haqimda yozishlarini tushundim. Lekin ular xech narsani bilishmaydi va yolg‘on ma’lumot berishi mumkin. Shuning uchun kimdir meni eshitishini xohladim.
“Stiv Jobs” kitobi Jobsning aynan shu maqsadi o‘laroq yaratilgan. O‘ylashimcha, bu asar bir buyuk insonning hayot yo‘lini tasvirlash bilan birgalikda insonlarni o‘z hayotiga boshqa rakursdan qarashga undaydi, shuningdek ularni o‘z g‘oyalarini va maqsadlarini amalga oshirishda hech qachon to‘xtamaslikka o‘rgatadi.

Shohruh Gʻulomov

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications