Xorijiy universitetda oʼqish uchun ta’lim krediti olish mumkinmi?

Siz xorijiy universitet yoki uning filialiga o’qishga qabul qilindingiz va to’lov kontrakti uchun kredit olish istagidamisiz?

Vazirlar mahkamasining 2021-yil 18-avgustdagi 527-sonli qaroriga ko’ra, sizda:

  • Respublikadagi davlat oliy taʼlim muassasalari;
  • xususiy va xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari  hamda ularning filiallari

kontrakt toʼlovlari uchun kredit olish huquqingiz bor.

Oliy taʼlim tashkilotlarida toʼlov-kontrakt asosida oʼqish uchun taʼlim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi nizom O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha oliy ta’lim tashkilotlari (davlat, nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining filiallari)da va qo‘shma ta’lim dasturlari bo‘yicha bakalavriatning kunduzgi ta’lim shaklida hamda magistratura bosqichida to‘lov-kontrakt asosida tahsil olish uchun O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga Moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ta’lim kreditlarini ajratish va ularni qaytarish tartibini belgilaydi.

Kimlar ushbu kreditni olishi mumkin?

Ta’lim kreditlari tijorat banklari tomonidan oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shaklida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va magistratura mutaxassisligiga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga tavsiya etilgan yoki qabul qilingan, shuningdek o‘qishini ko‘chirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bo‘lgan talabalarga (keyingi o‘rinlarda — kredit oluvchi) beriladi.

Ushbu Nizom qoidalari:

  • chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga nisbatan;
  • tijorat banklari tomonidan Jamg‘arma mablag‘laridan tashqari boshqa manbalar hisobidan beriladigan ta’lim kreditlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Demak, siz mazkur nizom bo’yicha ta’lim krediti olishingiz uchun O’zbekiston Respublikasi Fuqarosi bo’lishingiz lozim. Agar siz chet el fuqarosi yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxs bo’lsangiz, mazkur nizom bo’yicha ta’lim krediti olish huquqiga ega emassiz.

Talablari

Ta’lim kreditlarini berish tijorat banklari tomonidan ularning qaytarilishi, to‘lovliligi, muddatliligi va ulardan maqsadli foydalanish shartlari asosida belgilangan talablarga muvofiq amalga oshiriladi.

Birgalikda kredit oluvchilar ro’yxati

Kredit oluvchining doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan oila a’zolari (ota-onasi, aka-ukasi, opa-singlisi, eri yoki xotini) yoki vasiylari ta’lim krediti shartnomasida birgalikda kredit oluvchi sifatida qatnashishlari mumkin.

Kredit ajratishdagi cheklov

Oliy ta’lim tashkilotida tahsil olish maqsadida tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktni va tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik boshqa to‘lovlarni amalga oshirish uchun ta’lim krediti ajratilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kreditni qaytarish muddati qanday?

Ta’lim kreditining asosiy qarzi talabaning rasmiy o‘qish muddati tugagandan so‘ng yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida qaytariladi.

Bunda, ta’lim kreditlari uchun foizlarni hisoblash va to‘lash oliy ta’lim tashkilotiga mablag‘lar o‘tkazilgan sanadan boshlab, asosiy qarzni qaytarish esa kredit oluvchi tomonidan oliy ta’lim tashkilotida ta’limning ushbu turi bo‘yicha o‘qishning rasmiy belgilangan muddati tugallangandan so‘ng yettinchi oydan boshlab amalga oshiriladi.

Ta’lim kreditini rasmiylashtirish va ajratish tartibi qanday?

Kredit oluvchi ta’lim kreditini olish uchun Moliya vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilingan tijorat banklariga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

a) ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi ariza;

b) talaba va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) va unga ilova qilinadigan hisob varaqasi/fakturasi (mavjud bo‘lganda). Shartnoma (kontrakt)da o‘qishni tamomlashning belgilangan muddati va bir yil uchun to‘lov miqdori ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim;

v) bankning kredit siyosati va ichki tartibiga muvofiq ta’lim krediti qaytarilishining ta’minoti bo‘yicha hujjat. Bunda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kirgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab etilmaydi;

g) “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilganligini tasdiqlovchi ma’lumotnoma (“Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun);

d) bankning ichki hujjatlarida (siyosatida) belgilangan boshqa hujjatlar, shu jumladan, birgalikda kredit oluvchiga tegishli ma’lumot va hujjatlar.

Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan bir vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, jumladan fuqarolik pasportini yoki shaxsning identifikatsiya ID-kartasini shaxsan ko‘rsatadi. Bank taqdim etilgan hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) yuqoridagi hujjatlarni bankka taqdim etish bilan bir vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjatni, jumladan fuqarolik pasportini yoki shaxsning identifikatsiya ID-kartasini shaxsan ko‘rsatadi. Bank taqdim etilgan hujjatlardan zarur ko‘chirmalar va nusxalar olishga haqlidir.

Hujjatlarni ko’rib chiqish muddati qancha?

Tijorat banklari kredit oluvchi tomonidan ta’lim krediti berishni so‘rab bankka taqdim qilingan ariza va unga ilova qilingan barcha hujjatlarni besh ish kuni mobaynida ko‘rib chiqishi va ta’lim krediti shartnomasini imzolashi yoki kredit berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, arizachiga kredit berishning rad etilishi sababi ko‘rsatilgan holda javob xati berishi lozim.

Shartnoma summasi

Ta’lim krediti shartnomasi kredit oluvchi tomonidan taqdim etilgan talaba va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnoma (kontrakt)da ko‘rsatilgan bir yillik to‘lov summasiga teng miqdordagi summaga tuziladi.

Bunda, keyingi o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnomada belgilangan to‘lov miqdori va ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizadan kelib chiqib, kredit miqdori ta’lim krediti shartnomasiga qo‘shimcha kelishuv imzolash orqali oshirib boriladi.

Kredit foizi miqdori qanday belgilanadi?

Ta’lim krediti tijorat banklari tomonidan kredit oluvchiga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.

Bunda, Markaziy bankning asosiy stavkasi pasaytirilgan taqdirda, ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi mutanosib ravishda pasayadi, Markaziy bankning asosiy stavkasi oshirilgan taqdirda esa ta’lim krediti bo‘yicha foiz stavkasi o‘zgarishsiz qoladi.

Mazkur bandning ikkinchi xatboshisida keltirilgan shartlar tijorat banki va kredit oluvchi o‘rtasida tuziladigan ta’lim krediti shartnomasida aks ettirilishi lozim.

Pul o’tkazish usuli

Tijorat banklari tomonidan ta’lim krediti kredit oluvchining ssuda hisobvarag‘idan uning shaxsiy yozma topshirig‘i asosida kredit oluvchi va oliy ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan shartnoma (kontrakt) yoki hisob varaqasi/fakturasida ko‘rsatib o‘tilgan hisobvarag‘iga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Ta’lim kreditlari bo‘yicha mablag‘lar oliy ta’lim tashkilotlariga tijorat banklari tomonidan ta’lim krediti shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarda o‘quv yili mobaynida o‘qish uchun yillik to‘lovning to‘liq miqdorini belgilangan tartibda, teng ulushlarda to‘rt qismga bo‘lish yo‘li bilan o‘tkaziladi.

Bunda:

kredit oluvchining yozma topshirig‘i va oliy ta’lim tashkiloti tomonidan taqdim etilgan mos davr uchun to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqida shartnomada (kontrakt) belgilangan to‘lov miqdorining kamida 25 foizi talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlar uchun har yili 15-sentabrgacha yoki Davlat komissiyasi tomonidan belgilangan muddatgacha hamda ikkinchi va undan keyingi bosqich talabalari uchun — har yili 1-oktabrgacha, belgilangan to‘lov miqdorining kamida 50 foizi — har yili 1-yanvargacha, 75 foizi — har yili 1-aprelgacha va 100 foizi — har yili 1-iyulgacha bo‘lgan muddatda o‘tkazib beriladi;

kredit oluvchi tegishli to‘lovni amalga oshirish uchun tijorat bankiga mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan mos sanalarga qadar murojaat qilish lozim.

Davlat komissiyasi tomonidan oliy ta’lim tashkilotlarining qabul parametrlari o‘zgartirilishi munosabati bilan va boshqa sabablarga ko‘ra ta’lim krediti olish to‘g‘risidagi arizani belgilangan muddatlardan keyin topshirgan kredit oluvchilarning to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnomasi (kontrakti) bo‘yicha mazkur bandning ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan muddatlardan keyin ham ta’lim krediti hisobidan to‘lovlar o‘tkazilishi mumkin.

Tijorat banklari kredit oluvchining yozma arizasiga asosan to‘lov-kontrakt asosida o‘qish haqidagi shartnomasida (kontraktida) nazarda tutilgan hollarda o‘qishning yarim yil yoki to‘liq bir yil uchun to‘lov summasini biryo‘la amalga oshirishi mumkin.

Tijorat banklari Moliya vazirligidan jalb qilingan, biroq kredit oluvchi tomonidan ta’lim kreditining o‘zlashtirilmagan qismi miqdordagi mablag‘larni 24-bandning ikkinchi xatboshisida keltirilgan mos muddatlardan so‘ng uch ish kuni mobaynida Moliya vazirligiga qaytaradi.

Kredit oluvchining tijorat bankidan olgan ta’lim krediti bo‘yicha muddati o‘tgan foiz qarzdorligi mavjud bo‘lsa yoki muntazam ravishda to‘lov muddatini o‘tkazib kelgan bo‘lsa, tijorat banki ta’lim krediti shartnomasida belgilangan tartibda kredit oluvchiga to‘lov-kontraktning navbatdagi qismi bo‘yicha yoki keyingi yillar uchun ta’lim kreditini ajratishni rad etishi mumkin.

Kreditni qaytarish va kredit monitoringini amalga oshirish tartibi qanday?

Asosiy qarz va foiz to‘lovlari kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) tomonidan ta’lim krediti shartnomasida ko‘rsatilgan shartlarda to‘lanadi.

Kreditni muddatidan oldin qaytarish mumkinmi?

Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) ta’lim kreditini ta’lim krediti shartnomasida belgilangan muddatlardan oldin qaytarishga haqlidir.

Kreditni qaytarish choralari

Kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi) ta’lim krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari va asosiy qarzni ta’lim krediti shartnomasida belgilangan muddatlarda qaytarmasa, tijorat banki ta’lim krediti bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorliklarni o‘zining ichki hujjatlariga asosan qaytarish choralarini ko‘radi.

Ta’lim kreditining asosiy qarzi va (yoki) foizi bo‘yicha 180 kundan ortiq muddati o‘tgan qarzdorlik yuzaga kelganda bank garov shartnomasiga muvofiq o‘zining Moliya vazirligi oldidagi majburiyatlarini ta’lim kreditining asosiy qarzi qoldig‘ining 50 foizi miqdoriga kamaytirish yuzasidan tegishli buxgalteriya o‘tkazmasini amalga oshiradi va bu haqda hisobot oyidan keyingi oyning 15 sanasiga qadar Moliya vazirligini xabardor qiladi.

Tijorat bankining Moliya vazirligi oldida o‘z majburiyatini mazkur Nizomning 30-bandida ko‘rsatilgan holatlarda kamaytirishi kredit oluvchi (birgalikda kredit oluvchi)ning bankka ta’lim krediti bo‘yicha foiz va asosiy qarzni to‘liq to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi.

Agar ta’lim krediti tijorat bankining Moliya vazirligi oldidagi majburiyati kamaytirilgandan so‘ng to‘liq yoki qisman qaytarilsa, tijorat banki qaytarilgan mablag‘ning 50 foiziga teng miqdorda o‘zining Moliya vazirligi oldidagi majburiyatini oshiradi va qaytgan mablag‘dan ushbu majburiyatni so‘ndiradi.

Tijorat banki qaytarilgan mablag‘ning qolgan qismini kredit oluvchining tijorat banki oldidagi qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltiradi.

Javobgarlik

Agar ta’lim krediti tijorat bankining Moliya vazirligi oldidagi majburiyati kamaytirilgandan so‘ng to‘liq yoki qisman qaytarilsa, tijorat banki qaytarilgan mablag‘ning 50 foiziga teng miqdorda o‘zining Moliya vazirligi oldidagi majburiyatini oshiradi va qaytgan mablag‘dan ushbu majburiyatni so‘ndiradi.

Tijorat banki qaytarilgan mablag‘ning qolgan qismini kredit oluvchining tijorat banki oldidagi qarzdorligini so‘ndirishga yo‘naltiradi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications