Monopoliyaga qarshi raqobat muhitini shakllantirish muammolari
Annotatsiya
Bu maqolada bugungi kundagi dolzarb masalalardan bo’lgan raqobat va monopoliya haqida so’z boradi. Sof raqobat qanday bo’lishi kerak? Raqobat rivojlansa qanday natijalar bo’ladi? degan savollarga javob topish mumkin. Raqobat qachonki samarali rivojlanadi, shundan so’ng monopoliyani bartaraf etish mumkin.
Kalit so’zlar
Raqobatbardosh, raqobat, demping, monopoliya, antimonopol, yirik korxona, sof raqobat.
Bugungi kunda yurtboshimiz tomonidan olib borilayotgan keng ko’lamli islohatlar asosida tadborkorlarimiz ham raqobatbardosh maxsulotlar ishlab chiqarishmoqda. Buning zamirida bozor iqtisodiyoti sezilarli darajada rivojlandi. Jahon bozoriga o’zbek brendi ostida juda ko’plab maxsulotlar eksport qilinib sotilmoqda. Shuni aytib o’tish joizki bunday natijalarga erishish uchun albatta arzon, sifatli va raqobatbardosh maxsulotlari ishlab chiqarish bilan erishish mumkin. Raqobatbardosh maxsulotlar bozorni rivojlantiradi. Hammamizga ma’lumki, har bir sohada sogʻlom raqobatga amal qilinishi natijadorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Demak, oʻz-oʻzidan savol tugʻilishi tabiiy: mabodo, sogʻlom raqobat yoʻqolganda nima boʻladi? Nosogʻlom raqobat muhitida bir korxona imtiyozlarga ega boʻlib, ikkinchi turdosh mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonada ushbu imtiyozlar boʻlmasligi (mayda va yangi ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilmayapti) ushbu korxonani tanazzulga yetaklaydi. Yoki davlatning qaysidir korxonani monopollashtirishi boshqa korxonalar uchun bozorda oʻrin qoldirmasligi bilan ifodalanadi. Davlatning antimonopol siyosati – monopoliyalar faoliyatini cheklash, tartibga solish va raqobatchilik muhitini vujudga keltirishga qaratiladi. Bu siyosat o`z ifodasini antimonopol qonunlarida topadi.
Raqobat boʻlmasligi korxonalar monopoliyasini taʼminlaydi. Shu bilan birga, monopol korxonalarning oʻz ustida ishlamasligi, yangilik va innovatsiyalarni qoʻllamasligi, narxlarning oshirilishi, mahsulot sifatining esa tushirilishi, sunʼiy taqchillik yuzaga keltirilishi, xaridorlar uchun qulayliklar yaratilmasligi, eng asosiysi, korrupsiyaga moyillikni olib keladi. Agar sof raqobat hukm suradigan bo’lsa davlat va jamiyat rivojlanishi uchun ham katta ahamiyatga ega bo’ladi. Chunki, Sof raqobat sharoitida bir xil mahsulot ishlab chiqaruvchi tarmoqda juda ko‘p sonli korxonalar mavjud bo’ladi. Yuqori darajada tashkil qilingan bozorda ko‘plab sotuvchilar o‘zlarining mahsulotlarini taklif qiladilar. Ayni paytda, ushbu mahsulot xaridor va iste’molchilarining soni ham juda ko‘p bo’ladi. Hozirgi globallashayotgan dunyoda raqobatga dosh berish juda ogʻir. Chunki bunda resurslar narxining turliligi hisobiga narx va sifat nomuvofiqligini keltirib chiqaradi. Ayrim davlatlar oʻzining yuqori malakali va iqtidorli kadrlari bilan raqobat sharoitida ustun boʻlsa, baʼzi davlatlarda bu omilning narxi pastligi hisobiga ustunlikka erishadi. Va yana mehnat resurslarining, soliqlar va yigʻimlar, energiya materiallari narxi pastligi hisobidan raqobat muhitida ustuvor imtiyozlarga ega boʻladi. Nosogʻlom raqobatni yaratuvchi asosiy omillardan biri, bu — demping narxlardir. Bunda siyosatni koʻproq yirik korxonalar yoki rivojlangan davlatlar oʻz ishlab chiqaruvchilari uchun imtiyoz va subsidiyalar qoʻllash orqali amalga oshiradi va raqobatchilarini tiklanmas darajada sindiradi va oʻz monopoliyasini oʻrnatishga harakat qiladi. Davlat oʻz ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun bojxona tariflarini mahalliy mahsulotlarining muqobillari importi uchun oshiradi. Natijada mahalliy korxonalar oʻzining raqobatdoshligini oshirib oladi, ammo isteʼmolchi yuqori narxda mahsulot sotib olishga majbur boʻlib qoladi.
Shuning uchun bunday vaziyatda davlat subsidiyalar va imtiyozlar orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllasagina narxlarni tushirish imkoniyatiga ega (isteʼmolchilar esa arzon narxlardan bahramand) boʻladi. Milliy mahsulotni sotib olish koʻp jihatdan vatanparvarlikka ham bogʻliq. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarda ham vatanparvarlik boʻlmogʻi lozim. Negaki, ular ham isteʼmolchilarga vatandosh va yurtdoshlik nuqtayi nazari bilan qarashi va oʻzlariga nimani loyiq koʻrsa, boshqalarga ham shuni ravo koʻrishi kerak. Bizda koʻpincha korxonalar tomonidan imtiyozlar faqatgina koʻproq foyda olish maqsadida foydalaniladi. Isteʼmolchi manfaatlari ikkinchi darajaga tushib qolaveradi. Raqobatni qoʻllab-quvvatlash har tomonlama rivojlanishning asosiy omili boʻlib qolaveradi. Tashqi bozor bilan bellashishda sogʻlom raqobatga kirishish va davlat qoʻllab-quvvatlovi juda zarur. Bunda faqat bojxona stavkalarini oshirish bilan emas boshqa tomondan ham yordam berilishi lozim. Sababi narxni turg’un saqlab turish va aholiga qiyinchilik tug’durmaslik. Raqobat muhiti qancha rivojlansa monopoliyaning ta’siri shunchalik kamayadi.
Abduraxmonov Sayyod Toshtemir o’g’li
Mirzo Ulug’bek nomidagi O’zbekiston Milliy universiteti magistranti,
Surxondaryo viloyati «Kelajak liderlari» klubi a’zosi
Islombek Abdixakimov