Til – millat ko‘zgusi.

Annotatsiya: maqolada ona tili naqadar buyuk ne’mat ekanligi, uni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz xususida so‘z borishi bilan birgalikda til bilan bog‘liq ijtimoiy muammolar va ularning yechimlari ham keltirib o‘tiladi.

Kalit so‘zlar: Inson, til, ruh, millat, xalq, ne’mat, in’om, islohot, muammo, yechimlar, tizim, yangilik, innovatsiya, hujjat, yozishma.

Inson hayotida uch narsani tanlashning imkoni yo‘q, bular: Vatan, oila va til. Bu ne’matlar bizga ilohiy ravishda in’om etilgandir. Onadan, Vatandan kechib bo‘lmagani kabi tildan ham tonib bo‘lmaydi. Farzand tarbiyasida onaning o‘rni beqiyos bo‘lganidek, inson hayotda o‘z o‘rnini topishida, kamolotga erishuvida tilning o‘rni beqiyos. Shu bois tilni onaga qiyoslab ona tili deb ataymiz.

Agar siz musofir bo‘lib o‘zga yurtlarga borib qolsangiz, shunday hodisa ro‘y beradiki, sizning qulog‘ingizga yuraklaringizni entiktiruvchi ovoz eshitilib qoladi. Dunyoda eng iliq ovoz – sizning tilingizda so‘zlashgan insonning ovozidir. Beixtiyor o‘sha tomonga talpinasiz. Bu shunday tuyg‘uki, ham yoqimli, ham yurakni entiktiruvchi. Shu sababdan til bu Allohning bandalariga in’omi, ne’matidir.

Suvsiz daryo bo‘lmaganidek, tilsiz millat ham vujudga kelmaydi. Biror millatga mansub bo‘lgan til, o‘sha millat bilan yashaydi va bardavom bo‘ladi.      Til millatning buyuk boyligi, bebaho xazinasi, tuganmas mulkidir. Chunki millatning tarixi, uning madaniy, ma’naviy merosi, urf-odatlari va an’analari unda mujassam bo‘ladi. Turk dunyosining buyuk marifatparvar ijodkori Ismoilbek G‘aspirali aytganidek: “Millatning ikki asosi bordur. Bu ularning tili va dinidur. Agar millat hayotidan shu ikkisidan biri sug‘urib olinsa, bu millat tanazzulga yuz tutur”. Shu sababli ona tilimizni asrab-avaylash, uni boyitishimiz va avlodlarga to‘liqligicha yetkazishimiz kerak.

Til muloqot vazifasi ham hisoblanadi. Hammamizga ma’lumki, mashhur  A.Navoiy bobomizga tegishli “Ko‘ngil qulfi maxraning qulfi til va gulfin kalitin so‘z bil”. Dunyoda 6000 ga yaqin tillar mavjud bo‘lib, bundan 200 tasigina davlat tili sifatida qabul qilingan. Ularning orasida o‘zbek tilining  borligi uning naqadar sof, mukammal, purma’no va jozibadorligidan darak beradi.

Til – xalqning, millatning eng buyuk qadriyatlaridan biri hisoblanadi. Shuning uchun xalqning ozodlikka, o‘zligini anglab yetishga intilishida tilning qadrini tiklash, nufuzini oshirish muhim o‘rin tutadi. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi xalqimizning milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi muhim qadamlaridan biri edi. Istiqlol yillarida mamlakatimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tilimiz taraqqiyotida ham muhim o‘zgarishlar yuz berdi. O‘zbek tilining xalqaro miqyosda obro‘si oshdi.

Konstitutsiyamizning 4-moddasida, “Davlat tili haqida”gi Qonunda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi, uni rivojlantirishning huquqiy asoslari belgilab qo‘yildi. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning bayrog‘i, gerbi, madhiyasi, Konstitutsiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas timsollaridan biriga aylandi. Bu ona tilimiz taraqqiyotida ilgari hech ko‘rilmagan yangi davr boshlanganining ifodasi edi.

Bugungi kunda ona tili­miz davlatlararo muloqotlarda, dunyoning nufuzli minbarlarida, jumladan Sh.M.Mirziyoyev joriy yil 23-sentabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida o‘zbek tilida nutq so‘zlashlari butun dunyo o‘zbeklari uchun juda muhim voqea bo‘ldi. Diyorimizda amalga oshirilayotgan islohotlar tilimiz rivojiga ham ijobiy ta’sir etmoqda. Uning lug‘at xazinasi yangi so‘z va tushunchalar bilan boyib, xorijiy tillar bilan aloqasi kuchayib bormoqda. Shuningdek, ilgari taqiqlab kelingan milliy merosimiz namunalarining qayta tiklanayotgani, muqaddas islom dini asoslari, umumbashariy qimmatga ega bo‘lgan dunyo adabiyoti namunalarini tarjima qilish ishlari kuchaygani ham o‘zbek tili imkoniyatlarini kengaytirmoqda. Masalan, mustaqillik yillarida Qur’oni karim va hadisi sharif bir necha bor tarjima qilinib, nashr etildi.

Shu bilan birga, ona tilimizning imkoniyatlaridan keng foydalanish, uning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yuksaltirish, tilimizni boyitish va yanada takomillashtirish, til madaniyatini o‘zaro muomala sifatini yuksaltirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlar majmuasini ishlab chiqish, rasmiy hamda ommaviy muomalada o‘zbek adabiy tili me’yor va qoidalari buzilishining oldini oladigan aniq va maqsadli ishlarni olib borish, o‘zbek tilini rivojlantirish, uning sofligi, foydalanish uchun qulay bo‘lishi, iste’molda oson va ravon qo‘llanilishi ta’minlash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rishimiz, shuningdek, mamlakat ichkarisida va tashqarisida o‘zbek tilini o’rganish uchun sharoit yaratish, shu jumadan, o‘zbek tilini o‘rgatishga yo‘naltirilgan bepul onlayn platformalarni yaratishga ko‘maklashishimiz lozim.

Yuqorida aytib o‘tilgan ijobiy fikr va yutuqlar ona tilimizga oid muammolar yo‘q degani emas, albatta. Yaqin kunlarda o‘tkazilgan so‘rovnomaga ko‘ra, so‘rovnomada ishtirok etganlarning qariyb 75 foizi o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni va o‘zbek alifbosida harflar miqdorini to‘g‘ri bilmasligi ayon bo‘ldi. Bu esa juda ayanchli holat, mening fikrimcha. Chunki o‘zimiz so‘zlashyotgan tilimiz, ya’ni ona tilimiz haqida eng asosiy bilimlarga ega bo‘lmasligiz – kelajakda boshqa salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Yana bir dolzarb muammolardan biri, mening fikrimcha, til erkinligining yo‘qligi, ya’ni ba’zi xususiy korxonalar, jamoat binolari va hattoki davlat organlaridagi kadrlarning o‘zbek tilida gaplasha olmasligi va fuqaroning muammosini hal etishda til to‘sqinlik qilishi holatlari ham mavjud.  Keyingi yana bir og‘riqli nuqtalardan biri aynan tilga oid normativ-huquqiy hujjatlar normalarining tez-tez buzilishi hisoblanadi.

Yuqorida sanab o‘tilgan muammolarga yechim sifatida quyidagilarni amalga oshirish joiz deb bilaman:

birinchidan, jamiyatda o‘zbek tilining obro‘sini oshirish va ona tilimizning barcha tomonidan hurmat qilinishiga erishish. Buning uchun esa avvalo hukumat a’zolari jonbozlik ko‘rsatishi lozim deb hisoblayman. Chunki xalq bevosita o‘zi saylagan, o‘zi loyiq deb bilgan shaxsga ergashadi va unga suyanadi;

ikkinchidan, maktabgacha ta’lim muassasalari va maktablarda davlat tili to‘g‘risidagi qonunlarni o‘rganishga sharoit yaratish. Bu esa ta’lim sifatini yaxshilashga bevosita bog‘liqdir. Tilning nufuzi ko‘tarilgach, ko‘pchilik o‘zbek tilini o‘rganish istagini namoyon etadi, ammo agar munosib ta’lim darajasi bo‘lmasa, hech narsa ish bermaydi deb hisoblayman;

uchinchidan, o‘zbek tilini o‘rganish uchun yosh-u qariga birdek imkoniyat yaratish va hattoki ona tilimizni o‘rganayotganlarni rag‘batlantirishni ham joriy etish lozim deb hisoblayman.

O‘zbek tilidagi ma’lumotlar bazasini kengaytirish, jumladan, xorijiy tillardagi ilmiy-amaliy va kasbga oid kitoblarni o‘zbek tiliga tarjima qilishni qo‘llab-quvvatlash, vatandoshlarimiz istiqomat qiladigan xorijiy mamlakatlarda o‘zbek tilini o‘rgatish va targ‘ib qilish bo‘yicha doimiy tadbirlar o‘tkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, xususan, televideniya, radio va ko‘chalarda reklamalar va boshqa tashqi yozuvlarning davlat tilida bo‘lishini ta’minlash, eng zamonaviy soha va tarmoqlarda faol qo‘llanishini ta’minlash bo‘yicha ko‘pgina ishlarni amalga oshirishimiz lozim. Ana shu jarayonlarda bevosita ishtirok etish, ona tilimizdan bahramand bo‘lib voyaga yetgan, shu til orqali o‘zini, o‘zligini, butun dunyoni tanigan insonlar sifatida uning nufuzini oshirish siz-u bizning ham farzandlik burchimizdir.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Xalqimizning necha asrlik boy tarixi, ko‘hna va serqirra madaniyati o‘zbek tili ta’sirida shakllangan. Bugungi kunda jahonning barcha mamlakatlarida davlatimiz delegatsiyalari tashrifi, yoshlarimiz yutuqlari, sportchilarimiz g‘alabalari sharafiga o‘zbek tilida madhiyamiz kuylanayotir.

Biz o‘z ona-tilimizni asrab-avaylashimiz, uning nufuzini oshirishimiz, go‘zal va sofligini avlodlarga meros sifatida qoldirishimiz, dunyoga tanitishda o‘z hissamizni qo’shishimiz kerak. Agar biz o‘z tilimizning ko‘rkamligi, boyligini dunyoga tarannum etsak, millatimiz yanada charog‘on bo‘ladi va birligimiz mustahkam bo‘ladi.

Jo‘rayev Xushnazar Bahodir o‘g‘li,

Toshkent davlat yuridik universiteti,
Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
fakuletining 3-kurs talabasi

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications