Skip to main content

Bank sohasida sun’iy intellektninig qo‘llanishi

Amirjon Mardonov
Toshkent davlat yuridik universiteti Kiber huquq kafedrasi o‘qituvchisi

Hozirgi kunda sun’iy intellekt (SI) butun dunyoda turli sohalarda ulkan ahamiyat kasb etib, bank sektori ham bundan mustasno emas. An’anaviy moliyaviy xizmatlar o‘rnini tobora ko‘proq raqamli mahsulotlar egallab, mijozlar ehtiyojlarini tezkor, qulay va shaffof tarzda qondirish zarurati tug‘ildi. Banklarda SI texnologiyalari yordamida katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish, tavsiyalar berish, xatarlarni oldindan aniqlash kabi imkoniyatlar paydo bo‘ldi. Ayniqsa, O‘zbekistonda bank tizimini isloh qilish, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda aholiga qulay xizmat ko‘rsatishni kengaytirish jarayonida SI katta rol o‘ynashi kutilmoqda. Hozirgi davrda bank sohasi nafaqat odatdagi kassa yoki kredit berish amaliyoti, balki mijozlar bilan uzluksiz o‘zaro aloqani ta’minlaydigan, turli kanallar orqali xizmat ko‘rsatadigan zamonaviy tizimga aylanib bormoqda. Raqamli bank ilovalari, to‘lov tizimlari va onlayn xizmati rivojlangan sari, foydalanuvchilar soni ham oshib bormoqda, bu esa o‘z navbatida katta ma’lumotlar oqimiga sabab bo‘ladi. Shu bilan birgalikda, O‘zbekiston banklari oldida ma’lumotlarni to‘g‘ri boshqarish, xavfsizligini ta’minlash, mijozlarga qulay xizmat ko‘rsatish va eng muhimi, yangi raqobatchilar — xususan fintex kompaniyalari bilan kurashishdek vazifalar turibdi.

          Sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro tajribaga e’tibor qaratsak, turli algoritmlar va mashinaviy o‘qitish usullari ko‘plab bank amaliyotlariga jadal tatbiq qilinmoqda: kredit riski baholash, firibgarlikni aniqlash, kadrlar boshqaruvi, mijozlar xulqini tahlil qilish va boshqa ko‘plab jarayonlar avtomatlashtirilmoqda. Avval hech qachon bo‘lmagan darajada tezkor tahlil qilish, katta ma’lumotlar bazasidan foydali naqshlarni aniqlash, qarorlarni maksimal aniqlik bilan qabul qilish SI texnologiyalarining asosiy ustunligidir. Banklar turli marketing kampaniyalarini optimallashtirish yoki mijozlarga mos xizmatlar yaratish uchun ham SI’dan keng foydalanishi mumkin. Buning natijasida bank xizmatlari nafaqat aniq bir guruh mijozlarga, balki individual talabga mos tarzda shakllanadi.

          O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyot konsepsiyasi doirasida davlat idoralari, xususiy sektor va banklar o‘rtasida hamkorlik kuchaymoqda. Zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellekt, blokcheyn va katta ma’lumotlar analitikasi bo‘yicha turli xil loyihalar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Banklar ishi tobora ko‘proq onlayn platformalarga o‘tib, qog‘oz hujjat almashinuvi o‘rniga elektron hujjatlar bilan ishlash, mijozlarga 24/7 xizmat ko‘rsatish kabi imkoniyatlarni kengaytira boshladi. Bunday sharoitda SI texnologiyalari yanada dolzarb bo‘lib, real vaqtda mijoz so‘rovlarini qayta ishlash yoki ularga individual takliflar berishni ta’minlash imkonini beradi. Shuningdek, bank muassasalari uchun xavfsizlik masalasi ham muhimdir. Mijozlarning shaxsiy ma’lumotlari, to‘lovlar va tranzaksiyalar haqidagi axborotlar doimiy ravishda kiberhujumlar xavfi ostida. An’anaviy xavfsizlik tizimlari ba’zan yetarli darajada moslashuvchan emas, ammo sun’iy intellekt boshqaruvidagi tahliliy platformalar tahdidlarni oldindan ko‘rib, shu jumladan kutilmagan xatarlarni tahlil qilishga yordam beradi. Bu esa nafaqat moliyaviy yo‘qotishlar, balki obro‘ga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish uchun juda muhimdir.

          Sun’iy intellektning banklar uchun yana bir kattaroq salohiyati – bu biznes jarayonlarini soddalashtirish va tezlashtirish. Masalan, oldin xodimlar tomonidan qo‘lda amalga oshiriladigan ko‘plab tekshiruvlar, hisob-kitoblar va hujjatlar aylanmasini SI asosida avtomatlashtirish mumkin. Natijada bank xodimlari odatiy ma’muriy yumushlardan ozod bo‘lib, ko‘proq mijozlar bilan kommunikatsiya, yangi mahsulotlarni ishlab chiqish yoki marketing strategiyalarini rivojlantirishga e’tiborini qaratadi. Yoki, masalan, sun’iy intellekt asosida ishlaydigan ovozli yoki matnli chat-botlar mijozlarning ko‘p uchraydigan savollariga avtomatik javob berib, real xodimlarga faqat murakkab yoki noodatiy holatlarda aralashish imkonini yaratadi. Bu esa bankning “Call-center” yoki mijozlarga xizmat ko‘rsatish bo‘limlarining samaradorligini oshiradi. Boshqa tomondan, sun’iy intellekt ham banklar, ham jamiyat uchun yangi xatarlar keltirishi mumkin. Masalan, algoritmik muammolar yoki mashinaviy o‘qitish jarayonidagi bias (ya’ni, o‘zgarmas moyillik) sababli ayrim mijozlarga adolatsiz tarzda kredit berilmasligi mumkin yoki aksincha, xatarli qarorlar qabul qilinishi mumkin. Shunday qilib, SI texnologiyalaridan to‘g‘ri foydalanish va ularning samaradorligi uchun ma’lumotlarni sifatli yig‘ish, to‘g‘ri tahlil qilish, muntazam kuzatuv, test sinovlar va regulyativ talablarning bajarilishi muhimdir. Yana bir muhim omil – sun’iy intellektning o‘zbek banklari xodimlaridagi roli hamda ularning malaka darajasi. SI tizimlarini joriy qilish bilan birga, bank ichki muhitida raqamli kompetensiyalarni rivojlantirishga e’tibor qaratish shart. Bu, ayniqsa, sun’iy intellekt modellarini tushunish, ularni sozlash, ma’lumotlarni tahlil qilish va xatarlarni boshqarish bo‘yicha yangi ko‘nikmalarga ega bo‘lishni talab qiladi.

          O‘zbekiston bozorida yetarlicha IT-mutaxassislar va data-analitiklar bo‘lishi, shuningdek, ular bankning o‘ziga xos jarayonlarini ham tushunishlari lozim. Bu ko‘nikmalar esa tezda shakllanib qolmasligi mumkin: shu bois, banklar turli ta’lim dasturlari, treninglar, atroflicha o‘qitish loyihalariga sarmoya kiritishlari talab etiladi. Banklar uzoq muddatli istiqbolda raqamli innovatsiyalar poygasida raqobatbardosh bo‘lishni istasa, bu jarayon muqarrar.

          Sun’iy intellekt bank sohasida eng avvalo besh asosiy yo‘nalishda katta o‘zgarish qilishi kutiladi: kredit baholash, firibgarlikni aniqlash, xatarlarni boshqarish, mijoz tajribasini optimallashtirish va ichki jarayonlarni avtomatlashtirish. Kredit baholashda SI modellari an’anaviy statistika yoki odatiy regulyar algoritmlardan farqli o‘laroq, minglab ko‘rsatkichlarni o‘rganib chiqishi hamda murakkab naqshlarni aniqlashi mumkin. Bunday yondashuv, xususan, daromad manbalari rasmiy hujjatlarga to‘liq qayd etilmagan, ammo me’yorida pul oqimiga ega bo‘lgan mijozlar uchun ham kredit olish imkoniyatini taqdim etishi mumkin. Shu bilan birga, algoritmlarning adolatli ishlashi va inson omilidan kelib chiquvchi xato yoki subyektiv qarashlarning kamayishi – bankning mijozlar orasidagi obro‘sini mustahkamlaydi. Kredit bo‘yicha qarorlar tezroq qabul qilinib, xodimlarning yuki kamayadi. Firibgarlikni aniqlash esa bank sohasidagi yana bir muhim muammo. Katta miqdordagi tranzaksiya oqimlari ichida gumonli yoki huquqiy cheklovlarga ziddiravishda amalga oshirilayotgan operatsiyalarni aniqlash mashinaviy o‘qitish algoritmlari yordamida samarali kechadi. Masalan, sun’iy intellekt turli paytlar, turli geografik joylardan kelib tushayotgan tranzaksiyalarni, mijoz profilingizdan keskin farq qiluvchi operatsiyalarni yoki bir kunda juda ko‘p hisobvaraqlardan pul oldi-berdi qilinishini tezda payqab, ularni to‘xtatib turadi yoki qo‘shimcha tekshiruvga yuboradi. Bu, albatta, bank xodimlariga aid umumiy xatarni pasaytiradi va moliyaviy yo‘qotishlarning oldini oladi.

          Xatarlarni boshqarish ham banklar uchun dolzarb. Raqamli bank ishining tezlashishi, iqtisodiyotning turli tarmoqlari bilan o‘zaro aloqalar ko‘payishi xatar profilini murakkablashtiradi. Bozor xatarlaridan tortib to likvidlik xatarlarigacha, turli makroiqtisodiy o‘zgarishlar bank balansiga bevosita ta’sir o‘tkazishi mumkin. Sun’iy intellekt esa bir vaqtning o‘zida ko‘plab ko‘rsatkichlarni kuzatish, ssenariylarni modellashtirish hamda oldindan tahmin qilish imkonini beradi. Bu bankka foiz stavkalari, valyuta kurslari yoki mijozlarning to‘lov qobiliyati o‘zgarishidan kelib chiqadigan salbiy oqibatlarga qarshi o‘z vaqtida choralar ko‘rish imkoniyatini yaratadi. Mijoz tajribasini yaxshilash maqsadida esa banklar sun’iy intellekt qo‘llanmasiga tobora ko‘proq e’tibor berishmoqda: chatbotlar, ovozli yordamchilar, moslashtirilgan marketing takliflari, tezkor savol-javob platformalari – bularning barchasi foydalanuvchilarga 24 soat davomida xizmat ko‘rsatib, ularni aniq mos mahsulotlar bilan tanishtirishga qaratilgan. Odatda, mijozga bank ofisiga borish shart bo‘lmasdan, oddiy savollardan tortib kredit olish arizasigacha onlayn tarzda hal qilish uchun imkoniyat tug‘iladi. Ayniqsa, O‘zbekistonda aholi sonining muayyan qismi hali ham an’anaviy bank amaliyotiga o‘rganmagan, yoki masofaviy punktlardan foydalanishda noqulaylik sezadiganlar, onlayn xizmatlar evaziga tezroq va soddaroq jarayonlardan o‘tishi mumkin. Shu tariqa, SI nafaqat texnik yangilik, balki foydalanuvchilarga qulay ekotizim yaratish omili ham bo‘lib qoladi.

Ichki jarayonlarni avtomatlashtirish – bu bank xodimlari uchun katta yordam. Ko‘p hollarda ishchilar hujjatlarni to‘ldirish, tekshirish, hujjatlarni qayta ishlash, turli hisobotlarni tayyorlash kabi vazifalarga ko‘p vaqt sarflashadi. Sun’iy intellekt asosidagi RPA (Robotic Process Automation) texnologiyalari ushbu vazifalarni odam aralashuvisiz deyarli benuqson bajarishi mumkin. Masalan, mijoz to‘ldirgan ariza ma’lumotlarini avtomatik ravishda tekshirish, qog‘oz hujjatlarda joylashgan matnlarni o‘qish va elektron bazaga kiritish, hisobotlar generatsiyasi hamda audit jarayonlari uchun ma’lumotlar tayyorlash kabi amaliyotlar sezilarli ravishda soddalashadi va tezlashadi. Shuningdek, bankning kadrlar boshqaruvi jarayonida sun’iy intellekt nomzodlarni tanlash, ish samaradorligini tahlil qilish, xodimlarning kompetensiyalarini rivojlantirish imkoniyatlarini aniqlashda katta ko‘mak beradi. Albatta, bularning barchasi moliyaviy muassasalarning samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va eng asosiysi, mijozlar bilan muloqotda insonga xos e’tibor va mas’uliyatni kuchaytirish uchun zamin yaratadi. Zero, ortiqcha byurokratik yoki texnik ishlarga ketadigan vaqt va resurslar kamaygan sari bank xodimlari strategik qarorlar qabul qilish yoki individual yondashuv talab qilinadigan holatlarda faolroq bo‘lishga ulgurishadi. Biroq, SI dan foydalanish bilan bog‘liq muayyan ehtiyot choralari ham bor. Masalan, agar algoritmlar xato sozlangan yoki biron sabab bilan noto‘g‘ri o‘qitilgan bo‘lsa, natijada kutilmagan yo‘qotishlar, xatarli operatsiyalar yoki mijoz noroziligi yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun har bir bank sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni joriy qilishdan avval sinov bosqichini o‘tkazishi, model xatolarini cheklash usullarini ko‘rib chiqishi va muntazam monitoring qilib borishi kerak. Ayniqsa, huquqiy nuqtai nazardan mas’ul tomon aniq belgilangan, regulyativ talablarga javob beradigan mexanizmlarga ega bo‘lish lozim. Sun’iy intellekt noqonuniy ishlatilishi yoki diskriminatsion qarorlar qabul qilishi oldini olish uchun ma’lumotlarni xolis tahlil qilish, shuningdek, inson nazorati ta’minlanishi ham shart.

          O‘zbekistonda bank sektorida sun’iy intellektni joriy etishda e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan asosiy masalalardan biri – bu regulyativ muvofiqlik va xavfsizlik. Mamlakatda so‘nggi yillarda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari va dasturlar qabul qilindi. Bular banklarning texnologik yangiliklar kiritish, elektron xizmat ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish, chet el investorlarini jalb qilish borasidagi intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi. Biroq, sun’iy intellekt bo‘yicha maxsus tartib yoki qonunlar hali to‘liq shakllanmagan. Shu sababli, bugungi kunda banklar umumiy ma’lumotlarni muhofaza qilish, mijoz roziligini olish, kiberxavfsizlik me’yorlariga rioya qilish kabi umumiy huquqiy talablar doirasida ish yuritishlari kerak. Mijozlarning shaxsiy ma’lumotlarini qayta ishlash hamda ularni tahlil qilish – bu SI tizimlarining asosi, chunki zamonaviy algoritmlar ko‘plab ko‘rsatkichlarga qarab prognoz berishi yoki xulosa qilishi mumkin. Bu, albatta, banklarga yanada aniq qarorlar qabul qilish imkonini beradi, lekin shu bilan birga, shaxsiy ma’lumotlarni maxfiyligi, ularning tarqab ketishi yoki noto‘g‘ri maqsadlarda ishlatilish xavfini orttirishi mumkin. Shuning uchun bank sohasida ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan choralar – shu jumladan, kuchli shifrlash usullari, tartibli ruxsatnazorat jarayonlari va muntazam auditlar – ustuvor hisoblanadi. Qolaversa, regulyatorlar (xususan, Markaziy bank) banklarda joriy etilayotgan sun’iy intellekt yechimlarini nazorat qilish, ularning qulayligi va xavfsizligi haqida hisobot talab qilish yo‘li bilan doimiy monitoring mexanizmini ishlab chiqishi kutiladi. Bu esa banklarga qay darajada SI foydalanayotganini, model tahlillaridagi natijalar nimalarga asoslanayotganini, mijozlarga qanday tavsiyalar yoki qarorlar chiqarilayotganini aniq ko‘rsatish talabini yuklaydi. Dunyoda ham bu borada “shaffof algoritmlar” tamoyili tarkib topmoqda: har qanday bank yoki moliyaviy muassasa mijozga nima sababdan kredit rad etilganini yoki ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilmaganini tushuntirib berishi kutiladi. Aks holda, bu modelning adolatsiz yoki noto‘g‘ri qaror qabul qilgani haqida da’volar bo‘lishi mumkin.

          Tartibga solish masalasida yana bir muhim jihat – AI yechimlaridan kelib chiqadigan ijtimoiy hamda etik muammolarni nazorat qilishdir. Bank kredit berishni rad qilgan taqdirda, mijozga aniq sabab ko‘rsatilishi lozim. Agar algoritm shaxsiy xususiyatlari yoki demografik ma’lumotlari sababli noto‘g‘ri baho bergan bo‘lsa, bunga kim javob beradi? Bu savollar hali ham butun dunyoda dolzarbligicha qolgan. Ko‘plab davlatlar AI dan foydalanishni cheklash emas, balki uni inson huquqlari va manfaatlariga zid bo‘lmagan shaklda joriy qilishni ko‘zlashmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekistonda banklar AI yechimlarini tatbiq etishda boshidan qonuniy zamin va etik tamoyillarga mos ravishda ish ko‘rishi lozim. Xususan, mexanizm noto‘g‘ri ishlashi yoki mijoz noroziligi yuzaga kelgan holatlarda bu nizoni hal qilish bo‘yicha protseduralar aniq bo‘lishi zarur. Ma’lumotlar tahlili, mashinaviy o‘qitish yoki chuqur o‘rganish usullari qanday bosqichda, kim tomonidan nazorat qilinishi, natijada qabul qilingan qaror bankning asoslangan siyosatidan qay darajada farq qilishi mumkinligi doim kuzatuv ostida bo‘lishi kerak. Albatta, bu jarayonda bank xodimlarining malakasi muhim rol o‘ynaydi. Tizimlarni to‘g‘ri sozlash, model parametrlari ustida ishlash, xatolarni aniqlash, dastlabki bosqichdayoq zarur tuzatishlarni kiritish uchun banklar o‘z saflarida kuchli IT-mutaxassislar va data-olimlar bo‘lishiga intilishi shart. Bunda universitetlar, tadqiqot markazlari hamkorligidan foydalanish, xorijiy ekspertlardan konsultatsiyalar olish muhim. Ayrim hollarda banklar fintex startaplarga yoki xalqaro IT-kompaniyalarga murojaat qilish orqali tezroq, arzonroq hamda innovatsion yechimlar joriy eta oladilar. Lekin yirik banklar uchun bu texnologiyalarni iloji boricha o‘z ichki tuzilmasida rivojlantirish ham muhim, chunki bu nafaqat innovatsion potentsialni oshiradi, balki mahalliy kadrlar rivojiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Barcha bu sa’y-harakatlar axborot xavfsizligi, mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifati va banklarning umumiy raqobatbardoshligiga ta’sir qiladi. Qolaversa, O‘zbekistonda raqamli huquqiy savodxonlik darajasi ortib borar ekan, banklar ham o‘z faoliyatida shaffoflikni oshirish, iste’molchilar huquqlari va manfaatlarini inobatga olishda doimiy takomilga erishishi zarur.

          Kelajakda O‘zbekiston bank sektorida sun’iy intellektning roli yanada ortishi shubhasiz. Raqamli transformatsiya jarayonlari chuqurlashgani sari, banklar tobora ko‘proq modulli, moslashuvchan hamda raqobatbardosh bo‘lib boradi. SI texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan yechimlar bank xodimlariga oddiy vazifalardan ko‘ra kreativ, tahliliy va strategik masalalarga e’tibor qaratish imkonini yaratadi. Mijozlar bilan aloqalar, xizmatlar sifatini oshirish, yangi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqish – ana shu yo‘nalishlarda sun’iy intellektning salohiyati beqiyosdir. Kelgusida banklar nafaqat o‘z mijozlariga, balki boshqa tarmoqlardagi hamkorlarga ham platforma xizmatlari ko‘rsatishi mumkin. Masalan, to‘lov tizimlari, elektron hamyonlar, sug‘urta xizmatlari, investitsiya va boshqa turdagi raqamli servislar bank ekotizimining integral qismiga aylanadi. Bunda esa SI real vaqtda strategik qarorlar qabul qilish, resurslarni optimal taqsimlash, ehtimoliy xatarlarni oldindan bashorat qilishda yordamchi bo‘ladi. Raqamli moliya tizimi yaratish bilan birga O‘zbekiston banklari mintaqaviy yoki xalqaro darajadagi raqobatga ham tayyor bo‘lishi kerak, chunki xorijiy fintex kompaniyalari ham bozorga kirishi, mavjud bo‘lgan bozor hissasini egallashga harakat qilishi aniq. Ana shu jarayonda sun’iy intellekt – banklar uchun kuchli raqobat quroli bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bunday hamda boshqa imkoniyatlardan unumli foydalanish esa, albatta, kompleks yondashuvni talab qiladi.

          Albatta, oldinda turgan barcha imkoniyatlar bilan birga, muammolar va xatarlar ham bor. SI texnologiyalari dastlabki bosqichda juda katta sarmoya talab qilishi, infrastrukturani yangilash zarurligi, yuqori malakali dasturchilar va data mutaxassislar yetishmasligi – bularga hayotiy misol bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, tahliliy modellarning noto‘g‘ri sozlanishi yoki xato ma’lumotlar bilan o‘qitilishi tijorat banklari uchun jiddiy yo‘qotishlar keltirish ehtimolini oshiradi. Regulyatorlar ham bu jarayonda o‘z pozitsiyasini aniq belgilab, banklarga tegishli ko‘rsatmalar berishi, ayniqsa, ma’lumotlarni saqlash, ulardan foydalanish masalasida qat’iy nazorat yuritishi lozim. Zero, bank sohasida shakllangan ishonch muhitini saqlab qolish va uni mustahkamlash – bozorning barqaror rivojlanishi uchun kalit hisoblanadi. O‘z navbatida, o‘quv yurtlari, tadqiqot markazlari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish orqali sun’iy intellekt sohasidagi salohiyatni rivojlantirish, iste’dodli yoshlarni jalb qilish, ilmiy izlanishlarga rag‘bat berish mumkin. Shuningdek, banklar ham o‘z xodimlarining raqamli savodxonligini oshirish, data tahlili va mashinaviy o‘qitish sohasidagi ko‘nikmalarni rivojlantirish yo‘lida tizimli chora-tadbirlar qabul qilishlari kerak. Bularning bari uzoq muddatda bankning o‘z raqobatbardoshligini oshiradi hamda mijozlar ishonchini kuchaytiradi. SI bilan bog‘liq doimiy yangiliklar, texnologik o‘zgarishlar, shuningdek, global bank amaliyotidagi ilg‘or tajribalar haqida xabardorlikni saqlash, ularni moslashuvchan tarzda tatbiq qilish zarur. Kelajakda virtual maslahatchilar, aqlli xodimlar, real vaqtda qaror qabul qilish, blokcheyn bilan integratsiya kabi jarayonlar bank tizimining kundalik qismi bo‘lib ketadi. Shuningdek, personalizatsiya darajasi yanada oshib, har bir mijozga xos takliflar, dinamika va xususiyatlar ishlab chiqishga imkon beradigan mexanizmlar keng tarqaladi. Natijada, bank xizmati tubdan yangi darajaga ko‘tariladi: SI yordamida foydalanuvchi istaklariga mos finansiyaviy mahsulot tanlash, hisob-kitob qilish, optimallashtirish avvalgidan ancha tez, shaffof va samarali bo‘ladi.

          Xulosa qilib aytganda, sun’iy intellekt O‘zbekiston bank sohasining kelajakdagi rivojlanishida hal qiluvchi rol o‘ynashi muqarrar. Bu – banklar uchun nafaqat texnik yangilik, balki menejment, ichki jarayonlar, mijozlar bilan ishlash uslubi va hatto bank xodimlarining kompetensiyalarini qayta ko‘rib chiqish zaruratini keltirib chiqaradi. Sun’iy intellekt banklarga optimallashtirish, tezkorlik va aniqlik, shuningdek, innovatsion biznes modelini shakllantirish imkonini beradi. Shu bilan birga, regulyatsiya, xavfsizlik, etik masalalarga doim e’tibor qaratish, haqiqiy ochiqlik (transparency) tamoyillariga rioya qilish, kadrlar salohiyatini oshirish – bularning hammasi umumiy natijada qanday mukammal tizim yaratilishiga bevosita ta’sir etadi. O‘zbekistonning hozirgi iqtisodiy islohotlar davrida xalqaro bozorga integratsiyalashuvi, xorijiy investorlarning kirib kelishi, yirik IT-korxonalar bilan hamkorlikda loyiha yuritishi, banklar o‘rtasida ham raqobat muhitini mustahkamlashi tabiiy. Demak, sun’iy intellektni vaqtida va to‘g‘ri yo‘naltirish orqali bank tizimining jadal o‘sishi hamda global miqyosdagi o‘rinini belgilab olish mumkin. Ayni paytda, sun’iy intellekt hech qachon insonga xos tamoyil – mas’uliyat, vijdon, mijoz manfaatini ustun qo‘yish kabi qadriyatlarga butkul egalik qila olmaydi, bu esa har doim inson nazorati va e’tiborining asosi bo‘lib qoladi. Banklar ham ana shu yuksak maqsadni ilgari surish, mijozlar ishonchini saqlash va umumjamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shish uchun SI yechimlarini malakali joriy etish masalasiga qat’iy e’tibor qaratishlari lozim. Shu tariqa, O‘zbekistonning bank sohasi yirik sakrash qilish, global innovatsion jarayonlardan chetda qolmasdan o‘z o‘rnini mustahkamlash va fuqarolariga yanada qulay, shaffof, xavfsiz moliyaviy xizmatlar ko‘rsatish borasida izchil natijalarga erishishi mumkin.

Categories: Kiber huquq