Oilaviy tadbirkorlik qanday amalga oshiriladi?
Oilaviy tadbirkorlik yuridik shaxs tashkil qilgan holda yoki yuridik shaxs tashkil qilmasdan turib amalga oshirilishi mumkin.
Yuridik shaxs tashkil etgan holda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish:
Yuridik shaxs tashkil etgan holda amalga oshiriladigan oilaviy tadbirkorlikning tashkiliy-huquqiy shakli oilaviy korxona hisoblanadi (kichik tadbirkorlik subyekti). Oilaviy korxona ishtirokchilari va yollanma ishchilarning umumiy soni qonunchilik bilan o‘rnatilgan kichik tadbirkorlik subyektlari xodimlarining o‘rtacha yillik sonidan ortishi mumkin emas. Oilaviy korxona ishtirokchilarining minimal soni 2 nafardan kam bo‘lmasligi kerak.
Oilaviy korxona firma nomi
Oilaviy korxona to‘liq yoki qisqartma firma nomiga ega bo‘lishga haqli. Oilaviy korxonaning to‘liq firma nomi uning to‘liq nomi va «oilaviy korxona» so‘zlaridan iborat bo‘lishi kerak. Oilaviy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartma nomi va «oilaviy korxona» so‘zlari yoki «OK» abbreviaturasidan iborat bo‘lishi kerak.
Oilaviy korxona ishtirokchilari
Oila boshlig‘i, uning rafiqasi (turmush o‘rtog‘i), farzandlari va nabiralari, ota-onasi, mehnatga layoqatlilik yoshiga yetgan boshqa qarindoshlari (farzandlar va nabiralarning turmush o‘rtoqlari, tug‘ishgan yoki o‘gay aka-uka va opa-singillar, ularning turmush o‘rtoqlari va farzandlari, amaki-tog‘a va amma-xolalari) oilaviy korxona ishtirokchilari bo‘lishi mumkin.
Oilaviy korxona boshlig’i
Ishtirokchilardan birigina oilaviy korxona boshlig‘i bo‘lishi mumkin, oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari bir ovozdan unga ularning nomidan ish yuritish huquqini taqdim etadi.
Oilaviy korxona boshqaruvi
Oilaviy korxona ishtirokchilarining umumiy yig‘ilishi oilaviy korxonanining oliy boshqaruv organi hisoblanadi.
Oilaviy korxona hujjatlari
Oilaviy korxonaning barcha ishtirokchilari tomonidan tuziladigan ta’sis shartnomasi oilaviy korxonaning ta’sis hujjati hisoblanadi.
Ustav fondi
Oilaviy korxona ustav fondining eng kam miqdori litsenziya talablarida belgilanishi mumkin.
Faoliyat yuritish joyi
Oilaviy korxona turar-joy va noturar joy binolari, jumladan, oilaviy korxona ishtirokchilari mulk huquqi yoki boshqa qonuniy asosda egalik qiladigan ishlab chiqarish, xo‘jalik imoratlari va boshqa binolarda faoliyat yuritishi mumkin.
Turar joy binolarini oilaviy korxona faoliyatida foydalanish uchun noturar joy binolariga o‘tkazish talab etilmaydi. Alohida faoliyat turlari uchun qonunchilik bilan belgilangan holatlar bundan mustasno. Xususan, ko‘p qavatli turar joylarda oilaviy korxona tomonidan sanoat faoliyatini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Faoliyatidagi cheklovlar
Oilaviy korxona aksiz markali mahsulotlar ishlab chiqarish, yer qa’ri uchastkalaridan foydalangani uchun soliqqa tortiladigan foydali qazilmalarni qazib olish, shuningdek, yuridik shaxslar uchun qat’iy belgilangan soliq yoki yagona yer solig‘i to‘lash ko‘zda tutilgan faoliyat turlari bilan shug‘ullana olmaydi.
Oilaviy korxona faoliyatida inson va atrof-muhit uchun yuqori xavf tug‘diruvchi zaharli, radioaktiv moddalar va materiallar, yuqori bosimli va boshqa asbob-uskunalardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Oilaviy korxonalar foydalana olmaydigan moddalar, materiallar va asbob-uskunalar ro‘yxati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Mahsulot sotish tartibi
Oilaviy korxona o‘zi ishlab chiqargan mahsulotni naqd va (yoki) naqd pulsiz hisob-kitob orqali sotishi mumkin. Oilaviy korxona mahsulotini sotish u ishlab chiqarilgan joyda amalga oshirilishi mumkin.
Yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yish
Jismoniy shaxslarning yuridik shaxs tashkil etmagan holda birgalikdagi tadbirkorlik faoliyati er-xotinga umumiy birgalikdagi mulk huquqida tegishli bo‘lgan mol-mulk hamda ularga yordam beruvchi oila a’zolari (turmush o‘rtog‘i, ota-onasi yoki uni asrab olgan ota-onasi, 15 yoshdan katta bo‘lgan, jumladan, asrab olingan farzandlari)ning shaxsiy mehnatiga asoslangan umumiy mulk negizida amalga oshiriladi.
Ishtirokchining minimal yoshi
Oila a’zosi 15 yoshga to‘lgach oilaviy tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishi mumkin.
Davlat ro’yxatidan o’tkazish
Oilaviy tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda belgilangan namunadagi guvohnoma beriladi, unda yakka tartibdagi faoliyat oilaviy tadbirkorlik shaklida amalga oshirilishi belgilab qo‘yiladi, shuningdek, birgalikda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolari ko‘rsatiladi.
Oilaviy tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish, shuningdek, oilaviy tadbirkorlik subyekti nomidan ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirishda er-xotinlardan biri, ulardan birining notarial tasdiqlangan roziligi talab etiladi.
Mehnat munosabatlarini hal qilish
Oilaviy tadbirkorlikni amalga oshirish jarayonida oila a’zolari o‘rtasidagi o‘zaro mehnat munosabatlari, jumladan, mehnatga haq to‘lash va daromadni taqsimlash masalalari ular tomonidan mustaqil ravishda tartibga solinadi.
Oilaviy tadbirkorlik subyektlari tomonidan doimiy ishchilarni yollashga yo‘l qo‘yilmaydi. Ayrim hollarda oilaviy tadbirkorlik amalga oshirilganda vaqtincha bir martalik ishlarni amalga oshirish uchun ularning oila a’zosi bo‘lmagan fuqarolarni jalb etishga yo‘l qo‘yiladi. Bunda ular bilan ish bajarish vaqtida fuqarolik-huquqiy shartnomasi tuziladi.
Faoliyat doirasi
Oilaviy tadbirkorlik subyekti yakka tadbirkorlar uchun qonunchilik bilan belgilangan ro‘yxat bo‘yicha faoliyat turlarini amalga oshirishi mumkin.
Soliq majburiyati
Bir nechta alohida obyektlarda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oilaviy tadbirkorlik subyekti tomonidan qat’iy soliq har bir alohida obyekt uchun to‘lanadi.
Yoshlar mehnati
18 yoshgacha bo‘lgan shaxsning oilaviy tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etishiga umumta’lim maktabi, kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyga doimiy qatnasagina yo‘l qo‘yiladi.
Oilaviy tadbirkorlik faoliyatida 18 yoshdan kichik bo‘lgan shaxslar mehnatidan ularning sog‘lig‘i, xavfsizligi yoki axloqiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan noqulay mehnat sharoitiga ega ishlarda foydalanish ta’qiqlanadi.
Oilaviy tadbirkorlikda ishtirok etayotgan 16 dan 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar uchun ish vaqti davomiyligi haftasiga 36 soatdan oshmasligi, 15 dan 16 yoshgacha bo‘lganlar uchun esa haftasiga 24 soatdan oshmasligi kerak.
Manba:
O‘zbekiston Respublikasining “Oilaviy tadbirkorlik to‘g‘risida”gi Qonuni
“Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun