Asal Jurayeva
Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi o’qituvchisi
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalash Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-iyuldagi 369-son qarorining 2-ilovasiga muvofiq tasdiqlangan “Xususiy notarial faoliyatni litsenziyalash tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida tartibga solinadi.
Litsenziya qaysi organ tomonidan beriladi?
Xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari tomonidan beriladi. Litsenziya olish uchun ariza “Litsenziya” axborot tizimi (AT) yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda yuboriladi.
Kimlar xususiy notarius bo‘lishi mumkin?
- 25 yoshdan kichik va 65 yoshdan katta bo‘lmagan;
- oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan;
- yuridik mutaxassislik bo‘yicha kamida 3 yillik ish stajiga ega bo‘lgan;
- notarial idorada kamida 1 yil stajirovka o‘tagan;
- malaka imtihonini topshirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi notarius bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, sudyalik lavozimida kamida 5 yil ishlagan yoki notarius yordamchisi yoxud adliya organlarining notarial faoliyatga rahbarlik qilish va ushbu faoliyatni nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida 3 yil ishlagan shaxslar uchun stajirovkadan o‘tish talab qilinmaydi.
Bundan tashqari, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, adliya organlarining ishi notariat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqaruv xodimi yoki advokat sifatida kamida 3 yil ishlagan shaxslar, agar ularning vakolatlari tugatilgan paytdan e’tiboran 5 yil o‘tmagan bo‘lsa, 6 oy muddat stajirovka o‘taydi.
Litsenziyaning amal qilish muddati qancha?
Xususiy notarial faoliyat bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziya cheklanmagan muddatga beriladi.
Litsenziya berilganligi uchun qancha miqdorda davlat boji to‘lanishi lozim?
Xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notariuslar faoliyatini litsenziyalash pasportiga muvofiq litsenziya berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 barobari miqdorida davlat boji undiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-martdagi PF-45-son Farmoniga muvofiq 2023-yil 1-maydan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida bazaviy hisoblash miqdori — oyiga 330 000 so‘m etib belgilangan.