Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya qanday olinadi?

Asal Jurayeva

Toshkent davlat yuridik universiteti Ma’muriy va moliya huquqi kafedrasi o’qituvchisi

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 12-maydagi “Farmasevtika faoliyatini litsenziyalash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 284-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 6-apreldagi 185-son qarori 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom asosida tartibga solinadi.

Litsenziya qaysi organ tomonidan beriladi?

O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 14-iyuldagi O‘RQ-701-son Qonuniga muvofiq dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati uchun litsenziya O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining hududiy bo‘linmalari tomonidan beriladi.

Kimlar dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanishi mumkin?

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan faqat yuridik shaxslar ya’ni dorixonalar va dorixonalarning filiallari shug‘ullanishi mumkin.

Kimlar dori vositalarini chakana realizatsiya qilishi mumkin?

Faqat farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lgan mutaxassislar dori vositalarini chakana realizatsiya qilishi mumkin.

Shuningdek, dorixona mudiri oliy farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak. Dorixona filialining mudiri oliy yoki o‘rta maxsus farmatsevtik ma’lumotga ega bo‘lishi kerak.

Litsenziya berilganligi uchun qancha miqdorda yig‘im to‘lanishi lozim?

Dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qilish faoliyati bilan shug‘ullanish maqsadida litsenziya olganlik uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YIDXP) orqali elektron shaklda murojaat qilinganda – 594000 so‘m (1.8 BHM) miqdorida yig‘im undiriladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications