Xarobadan chiqqan millioner asaridan parchalar | Vikas Svarup

Har bir savol qiymati,
Har bir javob qadri bor…

Mo’jizani ko’rdingmi, oshiqcha savollar berma!

 

Oramizda ko’pchilik «Xarobadan chiqqan Millioner nomli hind filmini ko’rgan. Shuning uchun ham ushbu asarni o’qigisi kelmaydi. Albatta, men ham shular qatorida edim. Lekin bir yaqin do’stim menga bu asarni o’qishni tavsiya qilib, kitobini berib turgandi. Asarni o’qiganimdan so’ng shuni tushunib yetdimki, film bilan asar o’rtasida osmon bilan yercha farq bor ekan. Asar mening eng sevimli asarlarimdan biriga aylandi. Sizga ham ushbu romanni o’qib chiqishni tavsiya qilaman. Ishonavering, romanni o’qishga ketgan vaqtingizga achinmaysiz!

Asar Mumbay xarobalarida yashagan 18 yoshli yigit Ram Muhammad Tomas tilidan hikoya qilinadi. Uning barcha tashvishlari «Kim milliarder bo’lishni istaydi» ko’rsatuvida g’olib chiqqanidan so’ng boshlanadi. Televizion shou tashkilotchilari uning qobiliyatiga shubha qilib, yigitni firibgarlikda ayblab qamatishadi va puldan mahrum qilish yo’llarini axtarishadi.

Muallif asar qahramoni haqida shunday deydi:

«…Asarimda qahramonning tug’ilganidan tortib, 18 yoshgacha ko’rgaan kechirganlari tasvirlangan. Biroq 18 yoshli ko’cha bolasi, boshqalardan ancha farq qiladi. U tengdoshlariga qaraganda ancha erta voyaga yetgan. Odatda ko’cha bolalari hayotdagi nohaqliklarni ko’raverib shafqatsiz bo’lib ulg’ayadilar. Eng zolim jinoyatchilar ham ular orasidan yetishib chiqadi. Tomas buyuk qalb egasi. Qahramonimning chekkan azoblari uning pok qalbiga zarar yetkazmasligi, kerak edi va shunday bo’ldi ham. Zulmat ortida hamisha nur bor. Ramga o’xshagan bolalar umidsizlik girdobiga tushib qolmasliklari kerak. 18 yoshli qahramonim bunga timsol bo’la oladi, deb o’ylayman. Bu asarim bilan Ramga o’xshaganlar qalbiga oz bo’lsa-da ertangi kunga umid, ishonch va muhabbat uyg’ata olgan bo’lsam, bundan baxtiyorman.»

Qiziqarli faktlar

Meni hammasidan ham ko’proq hayratga solgan narsa shu bo’ldiki, asar muallif Vikas Svarupning ilk asari hisoblanarkan. Shunga qaramay, asarning katta muvaffaqqiyatga erishishi hatto muallifning o’zini ham hayratga solgan. Ikki kun ichida bosmadan chiqarilgan roman nihoyatda qisqa vaqtda shuhrat qozonib, asar yozilgan yilning o’zida dunyoning 14 ta tiliga tarjima qilingan va Londonda «Exclusive Books Boeke Prize» nomli adabiy mukofotni qo’lga kiritgan. Bugunga kelib asar dunyoning 40 dan oshiq tillariga tarjima qilingan.

Eng ajablanarlisi, muallif kasbiy faoliyati jihatidan adabiyot sohasiga umuman aloqasi bo’lmagan, u Hindiston Tashqi ishlar vazirligida, direktor lavozimida ishlagan.

Muallif asarni yozgan vaqtda 45 yoshda bo’lgan.

 

Islombek Abdixakimov
TAYYORLADI