“Abadiyat qonuni” asari haqida (Nodar Dumbadze)

“Ezgu ishdan o’zga hamma narsa o’tkinchidir”.
(Gruzin xalq maqoli)

 

Doktorlarga u dunyoning darvozasini odamlarga bevaqt ochmaslik buyurilgan.

 

Yurakni avaylash, ardoqlash kerak… Yurak ardoqlanishni yaxshi ko’radi…

Muallif haqida qisqacha

Nodar Vladimirovich Dumbadze – Gruzin xalq yozuvchisi. Jahon miqiyosidagi o’lmas asarlar muallifidir. U “Hellados”, “Oq bayroqlar”, “Men, buvim, Iliko va Illarian”, “Kukaracha” va bugun biz siz bilan tanishmoqchi bo’lgan “Abadiyat qonuni” kabi asarlari bilan mashhurdir.
Asar haqida

“Abadiyat qonuni” muallif tomonidan 1978-yilda yozilgan bo’lib, insonning jamiyatdagi o’rni, hayotda yashashining ma’nosini mavjud hayotiy lavhalar orqali, shaxslar orqali, goho yumorlar bilan, goho falsafiy qarashlar bilan ifodalab berilgan romandir. Dumbadze asarlarining chuqur lirizm bilan sug’orilganligini, dramatizm yumor bilan uyg’unlashib ketganligini ushbu – “Abadiyat qonuni” asari orqali ham anglashimiz mumkin. Asar 1983-yilda o’zbek tiliga tarjima qilingan bo’lib, bu asar asosida o’zbek tilida telespektakl ham yaratilgan.

Asar bosh qahramoni – yozuvchi, muharrir, hamma havas qiladigan, ammo dastlab o’z hayotidan ko’ngli to’lmagan, shunday bo’lsa hamki, har bir voqelikdan faqatgina to’gri xulosalar chiqarib, avval o’ylab, keyin so’ylaydigan, o’z ishiga mas’uliyatli, yomonlikdan qochadigan, yaxshilikka intiladigan, poraxo’rlik, adolatsizlikni qoralaydigan, samimiy, soddadil Bachana Ramishvili ismli yozuvchining gohida ibratli, gohida ayanchli hayot yo’li haqida so’zlaydi.

Bachana dastlab o’zi bilmagan holda onasidan ayrildi. Keyin esa sil kasaliga chalindi. Lekin shunda ham tushkunlikka tushmadi. Glaxuna Cherkadze ismli fermer buni bilgach uni cho’ponlikka oladi – Sil kasalligidan qutqaradi. Ammo Glaxuna armiyadan qochib, ko’pchilikning sho’rini quritayotgan Manuchar ismli qochoq qo’lida jon beradi. Bachana umridagi Aziz insonlaridan birini yo’qotdi. U Manuchar qarshisida Glaxuna timsolida qochoqni yo’q qiladi. Vaqtlar o’tgach “Mahalla ko’rki” bo’lgan, aslida juda ham mehnatkash pokiza qalb, uning uchun Yana bir qadrli inson bo’lgan – Margodan ham ayrildi. Bachana hammasiga chidamoqda edi.

U ulg’aydi. U bekatdan topib olinib, Lasayyaning oshxonasida ishlayotgan sohibjamol Tamarani yoqtirib qoldi. Butun qishloqqa dong’i taralgan, pok qalbli Tamarani ko’p ayollar nohaq ayblayverganidan Bachana Uni bu holatlardan qutqarish uchun, u yerlardan uzoqqa ketishiga yordam berdi.

Tamara ham ketdi. Qahramonimizning ezgulik sari intilishini, o’zgalarga doim ko’maklashishini, garchi o’zi qiynalsada o’zgalar uchun yaxshi bo’ladigan ishlar qilishini mana shu o’rinlarda ham ko’rishimiz mumkin.

Yillar o’tdi. Bachana mashhur yozuvchi bo’lib yetishdi, ammo miokard infarktiga duchor bo’ldi.

Shifoxonada yotganda U o’tmishiga nazar soldi. Va yangicha kelajagini barpo etdi.

Bunda esa ikki palatadoshi : etikdo’z Bulika hamda Ortachala cherkovi ruhoniysi Ioram bilan qurgan suhbatlari ham qisman sabab bo’ldi deb o’ylayman.

Bachana bu yerda pul uchun, mol-dunyo uchun yugurib, o’zligini atrofidagi yaqinlarini unutayotgan insonlar borligini angladi. (Uning oldiga kasal ko’rgani emas, imzosi uchun kelgan “qarindoshlari”, “tanishlari” orqali).

Shuningdek, asardagi yumoristik holatlar menimcha, ko’proq Bulika obrazida namoyon bo’lgan. U oilasini farzandlarini “hayot”ni, yashashni juda juda sevadi. U xursand edi. Ertaga uyga ketaman deb turgan edi. Bulika – Quyoshga aylandi. Quyosh – vafot etdi. Bulika obrazi orqali muallif Inson hech qachon ertaga nima bo’lishini bilmasligini uqtirib o’tmoqda.

Bachana va Galaktion Mtvaradze suhbati esa asar mohiyatini ham qisman ochib bergan jarayondir. Galaktion-gumanoid. Gumanoidlar Gomos galaktikasidan, Yerdagi tartibsizliklarni, adolatsizliklarni yo’qotish maqsadida, kelishgan. Ular insonlar yomon yo’llarga kirib ketishligiga to’sqinlik qilishadi. Ammo, “Insonlar o’z muvaffaqiyatlariga faqatgina o’zining mehnati orqali erishishining tarafdoridir”

Galaktion aytganidek, Bachana ham – gumanoid.

Menimcha Bachana obrazi ham ramziy ma’noda insonlarni to’g’ri yo’lga boshlaydigan, poraxo’rlik adolatsizlikka yo’l qo’ymaydigan, asosiysi hamma birgalikda muvaffaqiyat uchun harakat qilishiga intiltiradigan Ramziy obrazdir.

Bachana Ramishvili shifoxonadan chiqar ekan, u bu yerda o’zi uchun ABADIYAT QONUNIni kashf etganini aytadi.

Abadiyat qonunining mohiyati shu ediki:

“Inson yuragi uning tanasidan yuz barobar og’irroq. Shu darajada og’irki, uni bir kishi ko’tara olmaydi. Binobarin biz odamlar toki tirik ekanmiz, bir-birimizga yordam berishimiz, bir-birimizning yuragimizga madad bo’lishga harakat qilishimiz kerak. Siz-menga, men-unga, u esa boshqa birovga. Shu tariqa uzluksiz davom etishi lozim. Toki o’lim hayotda bizni yolg’izlik balosiga giriftor qilib qo’ymasin”.

Ramishvili shifokor bilan xayrlashar ekan, shifokor yelkasiga xursandchilik nigohlari bilan, vazmin kaftlari bilan uning yelkasiga qoqqanda Bachana ABADIYAT QONUNINI kuchga kirganligini tushundi.

Bachana Ramishvili betakror, uni chin dildan sevadigan, Abadiyat qonunining qisman kashf etishiga sababchi bo’lgan, hayotda ko’plab qiyinchiliklarni boshdan kechirgan, “olti marta o’lib, olti marta tirilgan” va oxiri ikkisi uchun ham abadiy MUHABBATni kashf etgan Mariya bilan qolishga ahd qiladi.

Shafyor so’radi: Qayerga borasiz?

– Mariyanikiga

-Qayerga?

-Mariyanikiga…

Inson hech qachon harakatdan to’xtab qolmasligi kerak. Har qanday qiyinchiliklarga sabr qilish orqali muvaffaqiyatga erishadi.

Inson doimo o’tgan hayotini sarhisob qilib borsa, xatolarini anglasa, bu uning uchun, kelajagi uchun poydevor vazifasini o’taydi. Komillik sari yetaklaydi.

Yozuvchi Abdulla Qodiriy o’zining “O’tkan Kunlar” romanida aytganidek,

“Moziyga qaytib ish ko’rmoqlik xayrlidir…”

Shunday ekan, moziyga nazar solish orqali biz ham o’zimiz uchun ABADIYAT QONUNIni kashf etaylik.

Muallif: Sadoqat In’omjonova

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications