“Uyimni so’g’indim” asaridan parchalar (Elchin Safarli)

Quyida Ozarbayjonlik yozuvchi Elchin Safarlining “Uyimni sog’indim” asaridan keltirilgan parchalarni siz azizlarga taqdim etamiz. O’ylaymizki, sizga manzur bo’ladi.

Menga kimni eslatayotganingni bilasanmi?

Istambulning ko‘hna ko‘chalaridan birida Kamondo deb nomlangan, ko‘rinishidan ikkita sakkiz raqamini eslatuvchi zinapoya bor. Uning g‘aroyibligi shundaki, bu zinalarda yiqilgudek bo‘lsang ham o‘mbaloq oshgancha to oxirigacha tushib ketmaysan. Kamondoning zinalarida ming adashmagin, oxiri borib-borib seni ravon va yorug‘ ko‘chaga chiqarib qo‘yadi.

Hayotingda ko‘p marta xuddi adashib qolgandek holatga tushasan. Go‘yoki yiqiladigan bo‘lsang to‘g‘ri qop-qorong‘u o‘raga tushadigandek. Qo‘rqma, oldinga yuraver!

 

«Dunyoda faqat shodliklar, harorat va ranglarni kutish behuda. Ular yo’qolib qolishga tayyor bo’lish va alamzadalikka tushmaslik shart. Dunyo turfa: sovuq, iliq, bag’ritosh, rahmdil. Shunday bo’lgan va shunday bo’ladi. Bizning sezgilarimiz dunyo kabi beqaror. Bugun suv ortga qaytib sovuq bo’lsa, ertaga suv sohilga qaytadi va quyoshli bo’ladi…»

Uning asarlari aynan shunday g’oyalarni ilgari surgan. Azaldan shu usulda yozishi bilan millionlab ayollar ( va erkaklar!!!) ning qalbini rom etgan.

O’z hayotingdagi kunlarni emas, kunlaringdagi hayotni sevishni o’rgan..

 

Yaratishga intilish, o’zingdagi va o’z atrofingdagi yaxshi nimalarnidir yovuzlikdan asrash va saqlab qolish ― balki mana shu chinakam baxtdir?

.. barhayotlik — qayg‘uli. Nimaiki hech tugamasa, qadrini yo‘qotadi.
Muhabbat… Odamlar nafratlanish — ortga chekinish, o‘z g‘amiga ko‘milib olish sevishdan ko‘ra osonroq, deb o‘ylaydi. Sevganingda dengizga aylanasan. Sening qirg‘oqlaring evaziga hech narsa so‘ramasdan olamga ochiq bo‘ladi. Kimdir buni ojizlik deb biladi, ammo u kuch-qudrat. Rumiy aytgan: “Nafas olgulik umrda sevgidan boshqasin o‘ylama” deb.
O‘, mening xudoyim! Agar men… Agar men olisdagi sohil bo‘lsaydim. Tungi sukunatda seni g‘amgin bo‘salar bilan olib ketar edim olisga.
Farruh Farog‘zoda
Kimniki yaxshi ko‘rsak, ular biz bilan mangu yashaydi.
Olamdagi narsalar o‘zingda mavjud. O‘zingdan qidir!
Jaloliddin Rumiy
Muhabbat — shifobaxsh buloq. Uning suvlari tiniq va yengil. Ichasan, hovuchingga olasan, unda quyosh nurlari o‘ynaydi va haqiqiy go‘zallikni his qilganingdan, endi avvalgidek yashay olmasligingni anglagancha yig‘lab yuborasan. Sevgidan keyingi hayot — bu tundan keyingi tong!
Odam bilan doim birga qoladigan eng bebaho narsa – xotiralar. Ular biz tug‘ilganimizdanoq umr bo‘yi hamroh, so‘nggi yo‘lga kuzatib qoluvchilardir.
Yaratgan egam jonimizda kuch qolmagan paytda ham quvvatlantira oladi.
Sevish va baxsh etishga hech kim bo‘lmasa, hayot ranglarini yo‘qotadi.
Siz biror marta o‘zga inson tanasida o‘lganmisiz?! Men o‘zimdan ham ko‘proq sevadigan odamimda o‘lganman. O‘ldim va boshqa – usiz hayotda tirildim. Qayta tug‘ilganimni hech kim sezmadi. Sezishi kerak ham emas. Bu mengagina tegishli o‘tmish.
O‘sha paytdagi men usiz yashay olmaganim, u esa mensiz yashay olgan erkakda ko‘milganman. Uni yonimda olib qolishga urinmadim, jazavaga tushmadim. Shunchaki, u ketganida uning uzoqlashayotgan og‘ushlarida, nigohlarida, erkalashlarida jon taslim qilayotgandim. U bularni sezmadi.
Sezishi… Kerak ham emas.
Endi u o‘shandagi mening qabrim uzra yuradi, sigaret kullarini to‘kadi, oyoq uchlarida o‘tirgancha o‘z bolalarini quchoqlaydi. O‘zga ayoldan bo‘lgan bolalarini. Menikinimas.
Men bularni o‘zimning yangi hayotimdan turib kuzataman va oysiz osuda tunda o‘sha o‘zimning qabrimga moviy lolalarni qo‘ygim keladi. U menga bunday lolalarni tez-tez taqdim qilardi. Olib kelib, toptalgan yerga qo‘ygancha aytgim keladi: “Bu senga, azizam. Bahor keldi”. Afsuski, buning iloji yo‘q. O‘sha qabr uning botinida, demak, unga yaqin borishimga to‘g‘ri keladi. Buni xohlamayman.
Mayliga, xotirjam yashasin, baxtli bo‘lsin, men esa tunlarda o‘sha marhumani eslayman, uning haqqiga duolar qilaman.
Aytishadiki, ajalga o‘xshash bunday taptortmas sevgi muhabbat emas – yaralangan xudbinlik, ehtiros xuruji va hokazolarmish… Safsata! Bu eng haqiqiy, xudbinlikdan holi sevgi – unda hammasi o‘zing haqingda emas, sevgan kishing haqida. Unda so‘z yo‘q, ketgan insonga faqat baxt tilash istagi.
Har bir ayol hayotida bir marotaba erkakda o‘ladi.
Buni hamma ham og‘izda tan olavermaydi.
Hamma ham o‘z qabri joyini aytavermaydi…
.. bu dunyoga biz dars olgani kelganmiz. Bu yerda a’lochilar ham, ikkichilar ham yo‘q, ammo yaxshi o‘qiydiganlar bor. Ularning tajribasi bilan tanishganingdan so‘ng yaxshi bo‘lishing mumkinligini tushunasan.
G‘arbda o‘z joniga qasd qilishga uringanlarni ruhshunos ko‘rigiga olib borishadi, maxsus davolash kursida sog‘ayib ketgunicha nazoratda bo‘lishi majburiy. Sharqda esa …
O‘sha kun keladi va bizning yo‘llarimiz kuzgi dengiz sohillarida qo‘shiladi. Bir-birimizni uzoqdan ko‘ramiz va darhol taniymiz: sen o‘sha – mening uzoq izlab yo‘l bosganim, men o‘sha – sen oxiri topib kelganing. Bizning qadamlarimiz o‘g‘ir va istagimiz bitta – bir-birimizni quchoqqa olish, lolagun shafaqda dengizning tuslari o‘zgarishini kuzatgancha sukut saqlash.
Men senga nimalarni boshimdan o‘tkazganim, kim saboq bergan-u tashlab ketgani, kimnidir o‘zim qo‘yib yuborganimni aytib o‘tirmayman. Sendan ham ortingda qolganlarni surishtirmayman. Bularning bari: yaxshi-yomonmi, ehtiroslimi yoki bo‘m-bo‘sh – ular seni menga yetkazdi. Minnatdorman.
Ayolga uni his qilayotganlarini bilish muhim. Hatto injiqlik qilayotganida ham… Aynan, mana shunday e’tibor unga har qanday sovg‘adan muhimroq. Ayol – o‘ta sezgir, qarama-qarshilikdan iborat mavjudot. Agar erkak uni sezishni, his qilishni bas qilsa, ayol uning yonida o‘ladi yoki… ketadi…
Qadrli ……, ayt-chi, sen taqdirga ishonasanmi? U sen uchun nima? Menimcha, tanlov va uning natijasi. Taqdir ko‘pincha biz qabul qilgan qarorlarga bog‘liq. Biz hech qachon qo‘shni ko‘chada kim bilan uchrashib qolishimizni, bu odam bizga nimalarni o‘rgatishini; qanday yo‘llar ochishini, ularning qay birini tanlashimizni oxirgacha bilmaymiz.
Albatta, shunday narsalar borki, ularni o‘zgartirib bo‘lmaydi. Ammo odamlar mashaqqatlarga duch kelganda maqsadlaridan voz kechishlari g‘alati.

“Demak, taqdir emas ekan!”

Ko‘pincha, bu jumla ortida oroyishta hududni tashlab chiqishdan hadiksirash mavjud. Agar sening maqsading va unda muhabbating bo‘lsa, ko‘zlagan manzilingga yetishasan.

Og‘riq – bu ichimizdagi nosozliklar haqidagi ogohlantirishgina emas, shu bilan birga yangi darajaga ko‘tarilish imkoni ham…
Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications