Adabiyotni anglash – insonni anglash – Rashod Nuri Guntekinning “Xazonrezgi” romani haqida

Yozuvchilarning badiiy usullari turli-xil bo‘ladi. Ayrimlari qahramonlarining go‘zal xislatlarini ta’riflash orqali kitobxonlarni ulardan o‘rnak olishga chaqiradi. Ayrim yozuvchilar esa qahramonlarini qabohat olamiga yuztuban qilgan holda taqdim etadi. Va ”mana ko‘rib qo‘ying! Ularning obrazlarida o‘zingizga o‘xshashlik ko‘rmayapsizmi? Siz ham qahramonlarim kabi insoniylik qiyofasini yo‘qotmadingizmi? – deya so‘rayotgandek bo‘ladi go‘yo.

“Xazonrezgi” asarining bosh qahramoni Ali Rizobey “sirkasi” suv ko‘tarmaydigan darajada oriyatli, haddan ziyod kamtar va xushmuomala inson sifatida tasvirlanadi. Har bir ishida halollik va adolatga tayanib ish ko‘radi. Or-nomus va vijdonni azbaroyi barcha narsadan ustun qo‘ygani tufayli, o‘zining yoxud oilasining sha’niga dog‘ tushmasligi uchun borlig‘idan ham kechishga tayyor inson bo‘ladi. Besh bolaning otasi Ali Rizobey juda ehtiyotkorlik bilan farzandlariga tarbiya beradi, o‘zi bilgan-ko‘rganini ularga o‘rgatadi. “Ali Rizobeyning o‘g‘lidan ko‘ngli to‘q edi; farzandi billurday toza, olmosday mustahkam ekanini bilardi”. U keksayishiga qadar davlatning yuqori lavozimlarini egallab keladi.

Biroq hayot ming tirishganing bilan, seni o‘z oqimiga tortib ketarkan. Keksa Ali Rizobey mansabidan ayrilib, ro‘zg‘or tashvishi gardanidan tushganda, uning oiladagi hurmati butunlay yo‘qoladi. Oiladan tinchlik va baraka ko‘tariladi. Oiladagi janjallarning birdan bir sababi, yozuvchining fikriga ko‘ra, – “iqtisodiy turmush shartlari” edi.

Shunda spektakldan so‘ng pardalar tushirilib, niqoblar yechilgani kabi Rizobey bir umr tirishib tarbiya qilgan bolalari o‘zgara boshlashadi.

Qizlar mol-dunyo, latta-putta, aysh-u ishratga mukkasidan ketgan bo‘lsa, bo‘sh o‘g‘il esa erli juvonga uylanib mudxish xatoga yo‘l qo‘yadi.

Ha, azizlar, hayotda ham ba’zida aytib qolamiz: “Nahot shu qadar dono va hurmatga sazovor zotning bolalari shunday tarbiya topsalar?” Bu ajib dunyoda hamma narsa bo‘lishi mumkinligiga yana bir bor shu asar orqali amin bo‘lasiz. Asarda Ali Rizobey she’r bitib yurgan paytlarida: “Ko‘rmoq kerak uzoqdan voqealar girdobin” degan gapni ko‘p qaytarar edi. Darhaqiqat, bu romanni o‘qiganingiz sari voqealarning go‘zal yakunini emas, “girdobini” ko‘rasiz. Bir oilaning zavolini, barcha xildagi pastkashliklarning guvohi bo‘lasiz.

Yozuvchi bir savolni ko‘ndalang tashlaydi: “Qanday qilib farzandlarning tarbiyasida shunday dono va tartibli inson og‘ishdi ekan? Bunda Ali Rizobeyning aybi bormidi axir? Yoki bu tabiiy qonuniyatmi?” “Yillar mobaynida u shu nuragan kulbasini bo‘ron changalidan saqlab qolish uchun jon-jahdi bilan urinib ko‘rdi.U zo‘r berib teshik kovaklarni berkitdi, eshik va derazalarni zichlab yopdi, ammo kuchi yetmadi.Bo‘ron bilan shuncha yil olishib, faqat azob chekdi, xolos…” Oilani bir farznd tark etganda, “Oila” daraxtidan bir barg to‘kiladi. Asar yakunida esa haqiqiy xazonrezgi boshlanadi…

Xo‘sh, sizning yuqoridagi savolga javobingiz qanday? Asarni o‘qib, xulosa qilishingiz mumkin.

Asardan bir-nechta iqtiboslar: 

1. Odamning ilm-ma’rifati oshgan sari orzu-havasi ham ko‘payadi. Ushalmagan orzu-havaslar esa uni qattiq qiynab tashlaydi.

2.Hayotdagi eng yaxshi saboq beradigan maktab kambag‘allikdir.

3.Odam bolasi so‘nggi umidi ham puchga chiqqanidan keyin o‘ziga hamdard qidirib qoladi.

 

Maqolani Rashidova Mushtariybegim tayyorlagan

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications