“Amerika fojiasi” romanidan parchalar (Teodor Drayzer)

Bilasizmi, yuristlarda “O‘z aybsizligini anglash, odamga xotirjamlik beradi” degan qadimgi maqol bor.

***

Agar biz odamlar qonunni hurmat qilishlarini istasak, buning uchun qonun asosida qabul qilingan qarorlarni, qonuniy asoslarsiz o‘zgartirmasligimiz lozim.

 

***

Odamlar chiroyli ko‘rinishdan ham ko‘ra ko‘proq pulni yaxshi ko‘radi.

***

Ular paydo bo‘lib, boshi oqqan tarafga ketib, qorong‘ilikka g‘oyib bo‘ladi.

***

U dunyoga kelib, yashab, hayotda hech narsani tushunmasdan o‘layotgan ko‘plab odamlardan biri edi.

***

Ha, albatta, lekin qara, umringni kutish xonasida o‘tkazib yuborma.

***

Baxt uni kutadigan kishilarga keladi.

 

Roman haqida

Mashhur amerikalik yozuvchi Teodor Drayzer qalamiga mansub “Amerika fojiasi” romani 1925-yilda nashr etilgan. Bu roman asar chiqishidan 19 yil oldin sodir bo‘lgan Chester Gilletning sevgilisi Greys Braun qotiliga aylangani haqidagi real voqeaga asoslangan. Mafkuraviy nuqtai nazardan “Amerika fojiasi” XX asr boshlarida AQShda nashr etilgan yengil-yelpi, mamlakat aholisiga mashhur “amerikacha orzusi”ni amalga oshirish usullarini ertakona qilib uqtirgan romanlarga badiiy javob edi. “Bir yigit badavlat oiladan bo‘lgan qiz bilan sevishib, unga uylanadi va jamiyatda yuqori mavqeni egallaydi” kabi oldi-qochdi syujetlarga to‘lib ketgan Amerika ommaviy adabiyotiga Drayzer realizm janridagi romani orqali zarba berib, u syujetlar oddiy Amerika voqeliklariga nomuvofiqligini ushbu asari bilan ochib bergan edi (e’tibor bersangiz, hozir o‘sha oldi-qochdi bachkana syujetlar bizning zamonaviy adabiyot va ayniqsa kinoda o‘z aksini topmoqda).

 

Syujet

Kanzas-Siti, yozning issiq oqshomi. Ota-ona va to‘rt bola ko‘chalarda diniy qo‘shiqlar kuylaydi va odamlarga diniy mazmundagi risolalarni tarqatadi. Katta yoshdagi bola Klayd, u majburan bajarayotgan bu ishlarni yoqtirmaydi, ammo ota-onasi astoydil harakat qilishar, ularni xayolida bu ularga faqat ma’naviy qoniqish olib kelardi. Bu oiladagi ota – Eys Griffits juda lapashang edi, oilasi esa zo‘rg‘a kun ko‘rar edi.

Yosh Klayd Griffits bu zerikarli kichkina dunyodan qochishga intiladi. U dorixonada sotuvchining yordamchisi bo‘lib, keyin esa Green Davidson mehmonxonasida xabarchi sifatida ishlaydi. Mehmonxonada ishlash hech qanday maxsus ko‘nikmalarni talab qilmaydigan, ammo yaxshigina choychaqa olib keladigan ish edi. Bu esa Klaydga oilaviy budjetga hissa qo‘shibgina qolmay, o‘zi uchun yaxshi kiyimlar sotib olishga, ya’ni o‘zi uchun ham pul jamg‘arishga imkon beradi.

Hamkasblari Klaydni yaxshi qabul qiladi. U uchun quvnoq hayot boshlanadi. Tez orada Klayd Gortenziya Brigs ismli chiroyli sotuvchi ayol bilan tanishadi. Bu ayol aslida moddiy manfaat uchungina yosh Klaydning boshini alantirib yuradi. Gortenziya 115 dollar turadigan urfga kirgan ko‘ylak kiyishni xohlaydi. Klayd uning xohishiga qarshi turishi juda qiyin edi…

Ko‘p o‘tmay, Klayd do‘stlari bilan hashamatli Packard mashinasida safarga chiqadi. Ushbu avtomobilni Klaydning do‘stlaridan biri Sparser otasi xizmat qiladigan boy odamning garajidan ruxsatisiz olib ketgan edi. Kanzas-Sitiga qaytayotganlarida ob-havo yomonlasha boshlaydi, qor yog‘adi va juda sekin yurishga to‘g‘ri keladi. Klayd va o‘rtoqlari mehmonxonadagi ishlariga kech qolayotgan edi. Shu sababli Sparserdan tezlikni oshirishni iltimos qilishadi. U shunday qiladi va yo‘ldan chiqib qolgan qizchani urib yuboradi. Keyin politsiyachilardan qochayotib boshqaruvni yo‘qotadi. Haydovchi va qizlardan biri pachoqlangan mashinada hushidan ketib qolib ketadi, qolganlar esa voqea joyidan qochadi.

Ertasi kuni gazetalar voqea haqida xabar tarqatadi. Mashinada urib yuborilgan qiz vafot etgach, hibsga olingan Sparser boshqa barcha ishtirokchilarining ismlarini oshkor qiladi. Hibsga olinishdan qo‘rqib, Klayd va guruhning boshqa a’zolari Kanzas-Siti shahrini tark etadi. Uch yil davomida Klayd uydan uzoqda soxta nom bilan yashaydi, iflos va og‘ir ishlarni qiladi va buning uchun arzimagan pul oladi. Ammo kunlardan bir kuni Chikagoda o‘sha mash’um avtohalokatda u bilan birga bo‘lgan do‘sti Retererni uchratadi. Reterer uni Union klubiga xabarchi sifatida ishga taklif qiladi. Yigirma yoshli Klayd yangi hayotidan juda mamnun.

Kunlarning birida klubda Nyu-York shtatining Likurg shahrida yashaydigan va ko‘ylak yoqalari ishlab chiqaradigan zavodga egalik qiladigan amakisi Samuel Griffits paydo bo‘ladi. Qarindoshlar uchrashuvining natijasida amakisi unga oltin tog‘larni va’da qilmasa-da, fabrikadan ish joy va’da qiladi. Klayd uchun badavlat qarindoshlar bilan aloqalar Union klubida ishlashdan ko‘ra istiqbolli ko‘rinadi, garchi u bu yerda yaxshi pul topayotgan bo‘lsa ham.

Samuelning o‘g‘li Gilbert amakivachchasini uncha hushlamay kutib oladi. Klaydning foydali bilim va ko‘nikmalarga ega emasligiga ishonch hosil qilib, uni yerto‘lada joylashgan ustaxonaga juda og‘ir va kam maoshli ishga tayinlaydi. Klayd arzon yotoqxonadan xona ijaraga oladi va ertami-kechmi muvaffaqiyat qozonishiga umid qilib, ishni boshlaydi.

Oradan bir oy o‘tadi. Klayd doimo unga yuklangan barcha narsani sidqidildan bajaradi. Samuel o‘g‘lidan Klayd haqida fikri qanday ekanligiga qiziqib ko‘radi. Ammo Gilbert kambag‘al qarindoshi paydo bo‘lishi yoqmagani ortidan otasiga Klayd hech qanday ma’lumotga ega emasligi, juda lapashang ekanini aytadi. Biroq Samuelga Klayd yoqar va u jiyaniga o‘zini ko‘rsatishga imkoniyat berishga tayyor edi. Gilbertning xohishiga qarshi o‘laroq, Klayd uyga oilaviy tushlik uchun taklif qilinadi. Bu yerda u nafaqat qarindoshining oilasi bilan, balki Likurg shahrining maftunkor vakilalari – yosh Bertina Krenston va Sondra Finchli bilan ham uchrashadi, ularga chiroyli va tarbiyali bu yigitcha juda yoqib qoladi.

Nihoyat, otasining talabiga binoan Gilbert Klayd uchun yengilroq va obro‘li ishni topadi, u endi hisobchi edi. Biroq Gilbert uni “ayol ishchilar bilan munosabatlarda odob-axloq qoidalariga rioya qilish” kerakligi haqida ogohlantiradi. Klayd ish beruvchilarining barcha qoidalarini sodiqlik bilan bajarishga tayyor bo‘lib, ba’zi qizlarning u bilan munosabatlar o‘rnatishga urinishlariga qaramay, ularning noz-karashmalariga e’tibor bermaydi.

Ko‘p o‘tmay fabrika ko‘ylak yoqasi uchun qo‘shimcha buyurtma oladi va bu, o‘z navbatida, korxonada shtat kengayishini talab qiladi. Zavodga Roberta ismli yosh qiz keladi. Robertaga Klaydning barnoligiga qarshi turish oson emas edi. Ular uchrasha boshlaydi, Klaydning sevgisi tobora kuchayib boradi va qat’iy qoidalar ostida tarbiya ko‘rgan qiz Roberta ham chegaralarni unutib boradi.

Ayni paytda, Klayd Sondra Finchli bilan yana uchrashadi va bu uchrashuv uning hayotini tubdan o‘zgartiradi. Boy merosxo‘r, mahalliy aristokratiyaning vakili Sondra bu yigitga samimiy qiziqish ko‘rsatib, uni Likurgning boy yoshlari to‘planadigan raqslar kechasiga taklif qiladi. Yangi tajribalar to‘qnashuvi ostida Klaydning ko‘zi oldidan kambag‘al va jozibali Roberta yo‘qolib boradi. Qiz Klayd endi unga e’tibor bermayotganini his qiladi, sevgisini yo‘qotishdan qo‘rqadi va bir kuni vasvasaga berilib, o‘zini va bokiraligini Klaydga topshiradi.

Ammo Sondra Finchli Klaydning hayotidan g‘oyib bo‘lmaydi. Aksincha, u Klaydni o‘z davrasi bilan tanishtiradi va jozibali istiqbollar uning boshini aylantiradi. Bu Roberta e’tiboridan chetda qolmaydi va u hasad va rashkning og‘ir azoblarini boshidan kechiradi. Buning ustiga, u homilador ekani ma’lum bo‘ladi. Roberta buni Klaydga aytadi va u vaziyatdan chiqish yo‘lini topishga harakat qiladi. Ammo dorilar kerakli natija bermaydi, ular qiyinchilik bilan topgan shifokor esa abort qilishni qat’iyan rad etadi.

Vaziyatdan chiqishning yagona yo‘li Robertaga uylanish edi. Lekin bu yo‘l Klaydga yoqmaydi. Chunki bu yo‘l Sondra bilan boy va yorqin kelajak haqidagi orzulari bilan xayrlashish kerakligini anglatar edi. Roberta umidsiz edi. U Klaydning amakisiga nima bo‘lganini aytib berishga ham tayyor edi. Bu Klayd faoliyatining yakunini va Sondra bilan ishqiy munosabatlariga chek qo‘yilishini anglatar edi. Klayd Robertaga shifokor topishga va agar u ikki hafta ichida topolmasa, unga uylanishga hamda Roberta ish boshlaguniga qadar birmuncha vaqt davomida uni qo‘llab-quvvatlashga va’da beradi.

Biroq keyin Klaydning ko‘zi Pass daryosidagi fojia haqida yozilgan gazetaga tushib qoladi. Unda yozilishicha, “Bir erkak va bir ayol daryoda sayr qilish uchun ijaraga qayiq olgan, lekin ertasi kuni qayiq ag‘darilgan holda topilgan, undan ayolning jasadini topishgan, erkakni topishning iloji bo‘lmagan”. Bu voqea unda juda katta taassurot qoldiradi, ayniqsa ota-onasinikiga ketgan Robertadan boshqa kutishni xohlamasligi va Likurgga qaytib, hamma narsani Samuel Griffitsga aytib berish haqida xat olgach. Klayd vaqti oz qolganligini va tezroq qandaydir qaror qabul qilishi kerakligini tushunadi.

Klayd Robertani ko‘lga sayohatga taklif qiladi va unga uylanishga va’da beradi. Shunday qilib, dahshatli qaror qabul qilinganga o‘xshaydi, lekin uning o‘zi rejalarini amalga oshirish uchun kuch topishiga ishonmaydi. Xayolda va hayotda qotillik qilish boshqa-boshqa narsalar edi.

Mana Klayd va Roberta ko‘lda suzmoqda. Klaydning o‘ychan va burushgan nigohi Robertani qo‘rqitadi va unga yaqinlashib nima bo‘lganini so‘ramoqchi bo‘lganida uni fotokamera bilan uradi, qiz muvozanatni yo‘qotib yiqilib tushadi. Qayiq ag‘dariladi, uning bir tomoni Robertaning boshiga uriladi. U Klayddan qutqarishini so‘rab yolvoradi, lekin u yordam bermaydi. Uning bir necha bor o‘ylagan rejasi amalga oshgan edi. U qirg‘oqqa Robertasiz yolg‘iz o‘zi qaytadi.

Ag‘darilgan qayiq va Robertaning jasadi tezda topiladi. Tergovchi Xeyt va prokuror Meyson ishtiyoq bilan ish boshlaydi va tez orada Klaydning iziga chiqadi. Dastlab u tan olmaydi, ammo tajribali prokuror uchun uni burchakka siqish qiyin emas edi. Klaydd hibsga olinadi – endi uning taqdirini sud hal qiladi.

Albatta, Samuel Griffits sodir bo‘lgan voqeadan hayratda qoladi, biroq u yaxshi advokatlarni yollaydi. Ular imkon qadar bor kuchlarini sarflaydi, ammo Meyson o‘z ishini yaxshi bilar edi. Uzoq va shiddatli sud jarayoni Klayd o‘lim jazosiga hukm etilishi bilan yakunlanadi. Boy qarindoshlari Klaydga yordam berishni to‘xtatadi va faqat onasigina unga biron yordam qilish uchun besamar yelib-yuguradi.

Klayd “O‘lim uyi” deb nomlangan Obern qamoqxonasiga ko‘chiriladi. O‘g‘lining hayoti uchun kurashni davom ettirish maqsadida onaning pul topishga bo‘lgan umidsiz urinishlari muvaffaqiyat keltirmaydi. Jamiyat esa bir zamonlar ular bilan birga bo‘lishga, ular kabi yashashni xohlagan, bugun esa mahkumga aylangan Klaydga bo‘lgan qiziqishini yo‘qotadi. Endi hech narsa davlat o‘lim mashinasi bo‘lmish elektr stuli tomonidan ishni yakunlashga to‘sqinlik qila olmaydi…

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications