Akrom Malik. «Halqa» qissasidagi tagiga chizib o‘qilgan satrlar

Quyida Akrom Malik. «Halqa» qissasidagi tagiga chizib o‘qilgan satrlar bilan tanishishingiz mumkin.

• Yevropada odamlarning erkin va farovon hayoti uchun kurashgan qahramonlar ko‘p. Bu qahramonlar, avvalo, g‘oya egalaridir. Ularning g‘oyalari xalqlarni oyoqqa turg‘izgan. Hurriyati, naslining kelajagi, daxlsiz hayoti uchun kurashga otlantirgan. Biz, yevropaliklar, uchun o‘tgan asrning o‘rtalarida inson qadr-qimmati birlamchi masala bo‘lgan. Inson qadri oldida biz kurashdan ham, o‘limdan ham qo‘rqmaganmiz.

• Muslimalarning soddaligi ajoyib edi. Ular men kabi miflar haqida bosh qotirishmasdi, falsafaning ming bir qoidasi haqida o‘ylashmasdi, besh mahal ibodatlarini ado etib, er va farzandlarga g‘amxo‘rlik bilan mashg‘ul edilar. Birgina erga itoat etishadi, er ham ayolini himoyalaydi, menga bu juda ajib tuyuldi. O‘zimning almashib turadigan yigitlarim, ichkilik hamda tamaki ila o‘tayotgan hayotim ko‘z oldimda g‘ariblashdi go‘yo.

• Ayol zoti zulmatda qolishi uchun bu dunyoga kelmagan, ayol dunyoni zulmatdan qutqarish uchun yaralgan. Ayol qayerga bormasin, u o‘sha makonni nurga chulg‘asin. U shu qadar kuchli bo‘lsin!

• Buyuklarni buyuklashtirgan imtihonlar, sinovlar, musibatlar edi. Ular har bir sinovdan g‘olib bo‘lib chiqisharkan, ma’naviy olamlarida, ruhoniy dunyolarida ulkan xazinalar bilan odamzod ko‘z o‘ngida namoyon bo‘lganlar. Kayfu safo, yeb-ichishdan iborat umrlarda na fayz, na g‘alabalar bor. Ularda hatto mag‘lubiyat ham yo‘qdir.

• Ular bir-birlarining qonlarini to‘kar ekan, mening qudratim oshadi. Ular bir-birlarining uylarini yoqar ekanlar, bu olovda mening qozonim qaynaydi…

• Askarlarning aksari hovliqma, sodda, ba’zilari o‘z kuchiga ahmoqlarcha ishonsa, ba’zilari juda anqov, laqma edi. Kundalik davom etadigan mashg‘ulotlar tanamizni chiniqtirgan bo‘lsa-da, miyamizni chiniqtirmasdi. Jismimiz pishib, vujudimiz paydan iborat bo‘lib ketsa-da, fikrlashdan yiroq bo‘lganmiz. Fikrlamasdik. Fikrlash bizga taqiqlangan. Biz uchun hayotda yaxshi-yomon, oq-qora, yumshoq-qattiq, issiq-sovuq degan tushunchalar yot bo‘lib qoldi. Biz uchun faqat leytenantlar, kapitanlarning buyruqlari bor edi.

• Odam bolasi xatolari ortidan aniq haqiqatlarni kashf etmasa, qalban taskin topmaydi.

 

Farg’ona Davlat Universiteti Iqtisodiyot yo’nalishi talabasi Mamatojieva Sarvinoz Dilshodjon qizi