Al-kimyogar romani haqida (Paolo Koelo)

Odamzodning bu dunyodagi yakkayu yagona, oliy vazifasi – o‘z taqdirini ro‘yobga chiqarishga erishuvidir…

Barcha odamlar yoshlik paytlarida o‘z taqdirlarini biladilar… Ammo fursat o‘tishi bilan sirli bir kuch ularni o‘z taqdirlarini ro‘yobga chiqarish imkonsiz ekanligiga ishontira boradi.

Bu sirli qudrat inson zotiga g‘animday tuyuladi, aslida esa o‘z taqdirini qanday ro‘yobga chiqarish yo‘lini xuddi ana shu qudrat ko‘rsatib beradi. U insonning ruhini va erkini o‘sha buyuk vazifaga tayyorlaydi. Bu kurrai zaminda oliy bir haqiqat mavjud: qachonki sen nimanidir astoydil istasang, albatta unga erishasan, chunki bunday istak Olamning Ruhida dunyoga kelgan bo‘ladi. Sen yer yuzida xuddi ana shuning uchun yaratilgansan.

“Alkimyogar” romani zamiridagi ushbu hikmat o‘tmishda o‘tgan yoxud rivoyat qahramoni bo‘lgan kimningdir qayotigagina taalluqli emas, bu sizu biz uchun ham, bizdan keyingilar uchun ham o‘tilajak yo‘ldir. Balki bugun bu kitobning dunyodagi 120 mamlakatda sevib o‘qilayotgani ham, Paulo Koeloning dunyoning eng mashhur yozuvchisiga aylangani ham bejiz emasdir.

“Alkimyogar” haqida gapirganda Richard Baxning “Jonatan ismli chaqalay”, “Tasavvurlar” yoki Ekzyuperining “Kichik shahzoda” singari ertak-rivoyatlarini eslamaslikning sira ham iloji yo‘q. Ammo “Alkimyogar” ularning hech biriga o‘xshamaydi.

«O‘Z TAQDIRIMIZ» O‘Z QO‘LIMIZDA

Cho‘pon yigit Santyagoning sayohatlari haqida hikoya qiluvchi «Alkimyogar» asari zamiridagi asosiy tushuncha – «O‘z Taqdirim» tushunchasidir. «O‘z Taqdirim» – nima o‘zi bu? Bu – hayotimizning oliy mohiyati – ro‘yi zamindagi umrguzaronligimiz uchun Tangrimiz tayyorlab qo‘ygan Yo‘l. Biroq eng muqaddas orzulari istiqboliga ana shu Yo‘ldan borishga jur’at topish hammaga ham nasib qilavermaydi.

Nega hammaning ham orzu-umidlari ro‘yobga chiqavermaydi?

Bunga yo‘ldagi to‘rtta g‘ov xalaqit beradi. Birinchisi shuki – odamzodga go‘dakligidayoq hayotdagi eng katta orzulari – amalga oshmaydigan orzular deb singdiriladi. U ana shu tushuncha bilan ulg‘ayadi, yillar o‘ta borgan sayin uning qalbi behisob istiholalar va qo‘rquvdan qurum bog‘lab boradi, gunohkorlik hissiga to‘lib qoladi. Bir kuni shunday lahza keladiki, O‘z Taqdiri Yo‘lidan borish istagi ana shu chirkin yuk tufayli unga o‘limdan ham qo‘rqinchliroq bo‘lib tuyuladi va o‘shanda inson o‘zini bu dunyoga nima uchun kelganligini anglash tuyg‘usidan mahrum bo‘lib qolganday his qiladi. Aslida o‘shanda ham o‘zining oliy mohiyati borasidagi tushuncha hali qalbida jon saqlab turgan bo‘ladi.

Mabodo insonga o‘z qalbining tub-tubiga cho‘kkan orzularini qutqarib olishga jur’ati yetsa va uni ro‘yobga chiqarmoq uchun kurashdan voz kechmaslikka ahd qilsa, u odamni yangi bir sinov kutib turadi: Muhabbat! U hayotning qanday ne’matiga ro‘baro‘ kelganini, qanday hissiyotlarni boshdan kechirishi mumkinligini biladi, ammo, hamma narsadan voz kechib, orzularimga ergashib ketsam, yaqinlarimni azob va iztirobga qo‘yaman, deb qo‘rqadi. Bu esa o‘sha odam muhabbat to‘siq emasligini, u xalaqit bermasligini, aksincha, olg‘a intilishga madad berishini anglamaydi degan gap. Ammo, o‘sha insonga kimki ezgulik sog‘insa, unga qo‘lini cho‘zadi, tushunishga va bu yo‘lda uni qo‘llabquvvatlashga harakat qiladi.

Qachonki inson muhabbat to‘siq emasligini, yo‘ldagi yo‘ldosh, ko‘makchi ekanligini anglab yetgan chog‘ uni to‘rtinchi g‘ov qarshi oladi: omadsizlik va mag‘lubiyat qo‘rquvi! O‘z orzusi uchun kurashayotgan inson boshqalarga nisbatan ko‘proq azob chekadi, qaysidir amali aytganiday chiqmay qolsa: «Sadqai sar, o‘zim ham o‘lib turganim yo‘q edi», qabilida qo‘l siltashga ham haqqi yo‘q. Chunki bu faqat o‘zining xohishi ekanligini va bu yo‘lda borini tikkanligini ham yaxshi biladi. U yana O‘z Taqdiri belgilagan yo‘l boshqa yo‘llar singari mashaqqatli ekanligini, bu yo‘lda «qalbi o‘zi bilan birga» ekanligini ham yaxshi anglaydi. Shuning uchun ham Olam Jangchisi hayotning eng mushkul damlarida asqotadigan sabrbardoshga ega bo‘lmog‘i va uning orzusi aql bovar qilmas tarzda bo‘lsa ham ushalmog‘iga butun Olam yordam berishiga ishonishi lozim.

Siz: – Mag‘lubiyatlar ham shunchalik zarurmi? – deb so‘rashingiz mumkin. Zarurmi, yo‘qmi – ular yuz beradi. Inson o‘z orzu-umidlari uchun endigina kurashga kirgan chog‘ida tajribasizligi tufayli juda ko‘p xatolarga yo‘l qo‘yadi. Hayotning mohiyati ham aslida shu – yetti marta yiqilib, sakkiz marta oyoqqa turib keta olishda.

Siz yana: – Agar shunday ekan, O‘z Taqdirimizga ergashganligimiz tufayli boshqalarga nisbatan ko‘proq azob chekar ekanmiz, nima keragi bor ergashishning? – deb so‘rashingiz mumkin.

Shuning uchunki, omadsizliklar va mag‘lubiyatlar ortda qolgan kun – bir kuni albatta ortda qoladi – biz o‘zimizni butunlay baxtli his qilamiz va o‘zimizga ko‘proq ishona boshlaymiz. Chunki qalbimizning tub-tubida biz o‘zimizni g‘ayrioddiy hodisalar yuz berishiga loyiq odam, deb hisoblaymiz. Hayotimizning har bir kuni, har bir soati bu – Sharafli Jangning lahzalaridir. Sekin-asta biz umrimizning har bir daqiqasidan zavqu shavq olishga, har bir daqiqasidan rohatlanishga o‘rgana boramiz. Kutilmaganda boshimizga tushadigan baloi qazodan tortadigan azobimiz naqadar kuchli bo‘lmasin tezda o‘tib ketadi, unutiladi. Lekin chidasa bo‘ladigandek, unchalik katta fojia emasdek tuyuladigan boshqa azob bor: bunday azob yillab davom etadi, bilintirmasdan, muttasil ravishda qalbimizni yemira boradi va hech qachon chora topib bo‘lmaydigan g‘am bo‘lib qalbimizda batamom o‘rnashadi, hayotimizni esa so‘nggi kunigacha qora qayg‘uga aylantiradi.

Shunday qilib, inson, o‘z qalbining tubiga cho‘kib borayotgan oliy orzusini qutqarib olib, beqiyos mehr va muhabbat bilan parvarish qiladi, uni ro‘yobga chiqarish yo‘lida orttirgan yuragidagi jarohatlar va chandiqlarga ham parvo qilmaydi, daf’atan u shuncha uzoq intilgan orzusi ushalayotganini, hatto erta-indin ro‘yobga chiqishi mumkinligini sezib qoladi. Ayni shu damda uni so‘nggi g‘ov, so‘nggi sinov kutib turadi: hayotining eng oliy orzusi ushalishi oldidagi qo‘rquv.

Oskar Uayld: «Odamzod doimo hayotidagi eng sevgan narsasini barbod qiladi» – deb yozgan edi. Haqiqatan ham shunday. Inson umr bo‘yi intilgan orzusi amalga oshayotganligini anglagan daqiqada qalbi gunohkorlik tuyg‘usiga to‘ladi. Atrofga qarab orzu-umidlariga erisholmagan ko‘plab odamlarni ko‘radi va «men ham bu baxtga munosib emasman», deb o‘ylay boshlaydi. Inson shu orzusini deb chekkan iztiroblarini, azoblarini, bergan qurbonliklarini unutadi. Men shunday odamlarni bilamanki, O‘z Taqdiri yo‘lidan borib, butun qalbi va vujudi bilan intilgan oliy orzulariga qo‘l cho‘zsa yetadigan darajada yaqin qolganlarida, so‘nggi lahzada shunday tentakliklar qilishganki, natijada orzulari yana orzuligicha qolib ketavergan.

Ana shu to‘rtta g‘ovdan eng dog‘ulisi, noma’lum bir muqaddaslik, ilohiylik libosiga burkangandek tuyuladigani – muzaffarlik nashidasi va quvonchidan voz kechish tuyg‘usidir! Agar qachonki inson, o‘zi jiddu jahd bilan kurashgan orzusiga o‘zini munosib hisoblasa, u go‘yoki Xudoning qo‘lidagi qurolga aylanadi, mana shu olamga, Kurrai Zaminga tashrifining asl mohiyati unga ayon bo‘ladi.

«Alkimyogar» romani ana shular haqida ramziy bir shaklda hikoya qiladi.

 

Paulo Koelo, 2000 yil, iyul.

 

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications