“Aliment to’lovlari” jamg’armasi mablag’lari qanday sarflanadi?

Majburiy ijro byurosida yuridik shaxsni tashkil etmagan holda «Aliment toʻlovlari» davlat maqsadli jamgʻarmasi tashkil etildi. (Prezidentning 7.03.2022 yildagi «Oila va хotin-qizlarni tizimli qoʻllab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PF-87-son Farmoni bilan).

Vazirlar Mahkamasining 3.08.2022 yildagi «Aliment toʻlovlari jamgʻarmasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi 427-son qarori qabul qilindi.

Mazkur Jamgʻarmaga Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 50 mlrd soʻm oʻtkazildi.

Hujjat bilan Jamgʻarma mablagʻlarini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish hamda uning faoliyatini tashkil etish tartibini, shu jumladan Jamgʻarma mablagʻlari hisobidan aliment toʻlovlaridan qarzdorlik toʻlanadigan holatlar va shaхslar toifasini belgilashni nazarda tutuvchi Aliment toʻlovlari jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.

Quyidagilar Jamgʻarma manbalarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

aliment toʻlash majburiyati yuklatilgan shaхslardan undiriladigan mablagʻlar;
vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik хayriyalari, xalqaro institutlar va xorijiy tashkilotlarning grantlari;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Jamgʻarma faoliyatini Majburiy ijro byurosi boshqaradi. Jamgʻarma tomonidan toʻlovlarni toʻlash tartib-taomillari ustidan qat’iy nazorat oʻrnatish maqsadida barcha amaliyotlar yagona axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Bunda toʻlovlar ushbu tizim bilan integratsiya qilingan aliment oluvchilarning bank kartalariga oʻtkaziladi.

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications