Andijon – Muhammad Yusuf

Muhammad Yusuf

Qani Bog’ishamol kezgan yellaring,
Qirlarda kekkaygan qirg’ovullaring,
Eslab ezilmasmu endi dillaring,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?..

Ming yillik chinorlar bo’ldi-ku o’tin,
Qoshu qabog’ingga to’ldi-ku tutun,
Soyingda qoldimi suving bir yutum,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?

Rizqu-ro’zin sochib aylanar falak,
Sen esa dalangdan topolmay halak —
Bolashta bergali bitta handalak,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?

Nahoringda paxta, shomingda paxta,
Ayvoningda paxta, tomingda paxta.
Oqar og’u bo’lib qoningda paxta,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?

Qirq yil chorla, go’rdan chiqmaydi Bobur,
Chiqsa ham bag’ringga sig’maydi Bobur.
Hindu quchog’ida uxlaydi Bobur,
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?

Qayinzor qa’ridan uzildi bir o’q,
Yurakda dog’ qoldi, yurakda bir cho’g’,
Cho’lponing bor edi,
Cho’lpon endi yo’q.
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?..

Bulbulzabonlaring xazon yopdimi,
Dunyo ularning hech tengin topdimi,
Muhammad Yusufing shoir bo’ptimi?..
Nega yig’lamaysan, ahli Andijon?

Islombek Abdixakimov