Laganbardorlar -Muhammad Yusuf

Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham farzandidir bitta insonning.
Bilmoqchi bo’lsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan so’rang Cho’lponni…
Otabek Kumushin ko’zlarin yopib,
O’zi ham ortidan qilgach safarlar,
Qodiriy boboning qo’llarin o’pib,
Chohga itargan ham — laganbardorlar.

Ular Iblis bilan tili bir o’rtoq,
Ular Azroilga sodiq choparlar.
Avval Usmonlarni sotib, keyinroq
Faryod ko’targan ham — laganbardorlar.

Yov nadir? Zo’r kelsa o’ldiradi yov,
Bular qon so’rguvchi iskabtoparlar.
Qahhorni qandkasal,
Oybekni soqov
Qilib qo’yganlar ham — laganbardorlar.

Ular ustoziga quldayin kimsa,
Mehribon homiysi shogirdlarining.
O’zi o’ldirib, so’ng mozorigacha
Ko’tarib borishar tobutlarini…

Kazzob Stalindan zorlanmang hadeb,
U ham bolasi-da bitta insonning.
Bilmoqchi bo’lsangiz, qabri qayda deb,
Laganbardorlardan so’rang Cho’lponni!

1988

Civil.uz Yangiliklardan xabardor bo'lib turing.
Dismiss
Allow Notifications