Bosh sahifa / She'rlar / Muhammad Yusuf / Xayol – Muhammad Yusuf

Xayol – Muhammad Yusuf

Xayol qanday yaxshi,
Akangga o’xshar.
O’ynatar yelkaga ko’tarib olib.
Bu parvoz so’ngida yig’lashing mumkin,
Sog’ingan onangning oldida qolib.

Xayol qanday yaxshi,
Xayol qanday soz.
Qo’shiqlar sochadi bosgan izingga.
Bir kechada borib aytishing mumkin
Izhori dilingni suygan qizingga.

Beg’ubor bolalik yulduzday olis,
Ammo xayol uchun u ham bir qadam.
Tarsillab qovunlar yorilgan poliz,
Sen yolg’iz yotibsan ostida bodom.

Gullari to’kilar o’sha bodomning,
Kapalakday kelib yuzingga qo’nar.
Xayol ham tug’ishgan ukasi odamning
Qayoqqa yuborsang g’ing demay jo’nar.

Ko’ksida xayoling tursa yig’ilib,
Quyoshni uyg’otib kelsa bo’ladi.
Shoirlarning bari yerda tug’ilib,
Osmonu falakda o’ladi.

0