Daron Ajemo‘g‘li, Jeyms A. Robinsonning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” asari haqida

Badiiy kitob sharhlari

«Mamlakatlar tanazzuli sabablari: qudrat, farovonlik va kambag‘allik manbalari” asari Daron Ajemogʻli va Jeyms A.Robinson tomonidan yozilgan bebaho asar hisoblanadi. Ushbu kitob iqtisodiy o’sish, siyosiy institutlar va tarixiy jarayonlar o’rtasidagi bog’liqlikni chuqur tahlil qiladi va uning dolzarbligi hozirgi davrda ham nihoyatda balanddir.

Mualliflar davlatlar va mamlakatlarning taraqqiyot yoki qashshoqlikka mahkum bo’lishining ildizlarini chuqur tadqiq etadilar. Ular tomonidan milliy iqtisodiy taraqqiyotning asl sabablari va omillari atroflicha o’rganilgan bo’lib, bu jarayonda «inklyuziv» (qamrab oluvchi) va «ekstraktiv» (ajratuvchi) institutlarning o’rni va roli muhim o’rin tutadi.

Inklyuziv institutlar xalq manfaatlarini himoya qiladi, ularning huquq va erkinliklarini kafolatlaydi, turli ijtimoiy qatlamlar va guruhlarning imkoniyatlarini teng taqsimlash asosida qurilgan. Bunday institutlar iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratadi, bu esa o’z navbatida mamlakatning erkin raqobatga asoslangan bozor iqtisodiyotiga ega bo’lishiga zamin yaratadi. Shuningdek, inklyuziv institutlar odamlar va fuqarolar uchun teng huquqiy kafolatlarni ham ta’minlaydi, qonun ustuvorligini mustahkamlaydi.

Aksincha, ekstraktiv institutlar siyosiy va iqtisodiy hokimiyatni kam sonli shaxslar yoki guruhlarga bog’lab qo’yadi. Bunday tuzumda xalq ommasi manfaatlari unchalik e’tiborda bo’lmaydi. Boyliklar va resurslarga egalik qilish davlat tomonidan nazorat qilinadi, ushbu jarayon esa ko’pincha tijorat va savdo sohasida ham davlat monopoliyasini keltirib chiqaradi. Bunday holatda tadbirkorlik hamda iqtisodiy erkinliklar jiddiy ravishda cheklanadi. Davlat hokimiyati muayyan kuchlar qo’lida to’planganligi sababli siyosiy maydon ham zichlanadi, fuqarolarning so’z va fikr erkinliklari izchil buziladi.

Kitobda turli davlatlar hayotidan olingan misollar keng yoritilgan. Xususan, Ispaniya va Gollandiyaning sabiq mustamlakalardagi turlicha siyosati va ularning oqibatlari, ayniqsa, ekstraktiv institutlar mavjudligining natijasi – Lotin Amerikasi mamlakatlaridagi qashshoqlik omillari tahlil etilgan. Angliya va Fransiyadagi Buyuk inqiloblarning ahamiyati, qulchilik masalasining AQSh va Qaribbor mintaqalaridagi ta’siri, sobiq Ittifoq va Lotin Amerikasidagi siyosiy va iqtisodiy beqarorliklar sabablari ham chuqur ilmiy jihatdan tahlil etilgan.

Asarning eng muhim jihatlaridan biri shundaki, mualliflar davlatlararo raqobatbardoshlikni ta’minlovchi, erkin savdoni rag’batlantiradigan, mulk huquqlarini himoya qiladigan va odil qonunlar ustuvorligini ta’minlaydigan inklyuziv siyosiy va iqtisodiy institutlarning shakllanishigina mamlakatning boylikka erishishiga sabab bo’lishi mumkinligini isbotlaydi.

Bu borada siyosiy maydonning raqobatbardoshligi, fuqarolarning teng huquqlari, jamoatchilik nazorati va erkin OAV faoliyati muhim omillar sifatida ko’rsatiladi. Faqatgina bunday institutlar mavjud bo’lganida, davlat kuchli bo’ladi va xalq salohiyati to’liq ro’yobga chiqadi. Mualliflar mamlakatlarning taraqqiyoti to’g’risidagi fikrlarini mavjud tarixiy faktlar va iqtisodiy ko’rsatkichlar asosida mustahkam isbotlab beradilar.

Umumiy olib qaraganda, ushbu kitob hozirgi globallashuv davrida ham o’z dolzarbligini yo’qotmagan. Chunki u mamlakatlar taraqqiyoti va qashshoqlik sabablarining ildizlarini aniq faktlar bilan tahlil qiladi. Bu esa davlatlar hamda iqtisodchi va tarixchi olimlar uchun muhim manba bo’lib xizmat qiladi. Shu bois kitobning ahamiyati nihoyatda katta bo’lib, u iqtisodiyot, tarix va siyosatshunoslik sohalarida keng qamrovli, chuqur tahliliy, ilmiy va munozarali tadqiqotlardan biri sifatida namoyon bo’lmoqda.

Islombek Abdixakimov